09:02 / 02.06.2017
5 651

Eron — O‘zbekiston uchrashuvi oldidan mulohazalar

Eron — O‘zbekiston uchrashuvi oldidan mulohazalar
12 iyun kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh – 2018 turniriga saralash bosqichi A guruhi 8-turida Tehron shahridagi «Ozodiy» stadionida Eron termasiga qarshi ro‘baru keladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 21:45 da boshlanadi. Bunga qadar esa milliy terma jamoamiz 6 iyun kuni Toshkentda Tailand terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi.

Yangi nomlar bor
Bir necha kun oldin terma jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan Tailandga qarshi o‘rtoqlik hamda Eronga qarshi rasmiy o‘yinlar uchun tarkibni e’lon qildi. Kengaytirilgan ro‘yxatdan 28 nafar futbolchi joy olgan. O‘zbekiston futbol federasiyasi ma’lum qilishicha, milliy terma jamoamizning 3 nafar himoyachisi — Islom To‘xtaxo‘jaev («Lokomotiv», Toshkent), Vitaliy Denisov («Lokomotiv», Moskva) hamda Aleksandr Merzlyakov («Qo‘qon-1912») klub mashg‘ulotlarida olgan jarohati sababli Tailand va Eron bilan bo‘ladigan uchrashuvlarni o‘tkazib yuboradi. Albatta, bu yaxshigina yo‘qotish. Ayniqsa, Vitaliy Denisovning jamoadagi o‘rnini ortiqcha izohlashga hojat yo‘q.

Ammo yaxshi xabar ham yo‘q emas. 28 futbolchi orasida «Nasaf» klubining besh ­a’zosi — Akmal Shorahmedov, Odil Hamrobekov, Azizjon G‘aniev, Farrux Sayfiev va Eldor Suyunov terma tarkibiga taklif etildi. Demak, Samvel Babayan boshqa futbolchilarga ham imkon beradi. Nazdimizda, bu nihoyatda to‘g‘ri qaror. Aslida boshqa o‘yinchilarni ham sinab ko‘rish fursati allaqachon etgan.

Finalga teng o‘yin
Eron bilan uchrashuvning ahamiyati nechog‘li katta ekanini hamma his qilib turibdi: agar biz g‘alaba qozonsak, Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatiga borish uchun yana bir imkoniyatga ega bo‘lamiz. Mabodo eronliklar zafar quchsa, ular saralash o‘yinlari tugashiga ikki tur qolganda masalani muddatidan oldin hal etadi.

Bu haqda Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida O‘zbekistonga qarshi bo‘lajak bahs oldidan o‘z fikrlarini yozib qoldirgan. Unda shunday deyiladi:
«O‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inida ekanmiz, o‘zimizga bir savol berish vaqti keldi: O‘zbekistonga qarshi JCh saralash o‘yini oldidan fidoyilik yoki qoniqish hosil qilishimiz kerakmi? Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsam, ularga qarshi bellashuvda qo‘lga kiritiladigan 3 ochko JCh yo‘llanmasi uchun «match-point» bo‘ladi.

O‘zbekistonga qarshi o‘yin xuddi JCh finalidek bo‘ladi. Har doim bir gapni aytib kelaman. Biz o‘zimizning Jahon chempionatimizni o‘ynayapmiz! O‘zbekiston bilan o‘yin eng qiyini va muhimi bo‘libgina qolmay, jamoa sifatida kuchimizni ko‘rsatishga katta imkoniyat beradi. Bo‘lajak o‘yindan qoniqish hosil qilish emas, har bir daqiqa va har bir lahzada to‘liq burch, e’tibor va professionallikni ko‘rsatishimiz kerak…»

Bizda nima gap?
Ha, eronliklarga g‘alabadan boshqasi kerak emas. Ular uch ochko uchun borini berishga tayyor. Ammo shunday bo‘ladimi-yo‘qmi, o‘sha kuni hakam hushtagi chalingach, 90 daqiqadan keyin ko‘ramiz. Umid qilamizki, eronliklar ustozi aytgandek bo‘lmaydi. Umuman olganda, raqib har narsa deyishi mumkin. Lekin bundan sira cho‘chimaslik lozim. Terma jamoamizning ham maqsadi bitta: futbolchilarimiz shu kuni maydonga faqat va faqat g‘alaba uchun tushadi.

Ayrim bloger va futbol mutaxassislarimiz mana shu o‘yinni butun Osiyo tomosha qiladi, deb aytmoqda. Ular buni quyidagicha izohladi:
— Eron yutsa, JCh chiptasi naqd, O‘zbekiston uchinchi o‘rinni olishi xavotirli bo‘lib qoladi. Agar O‘zbekiston engsa, guruhdagi intriga yana kuchayadi. Eron etti turni ortda qoldirib ham mag‘lubiyatga uchramay, hattoki, raqiblardan birorta gol o‘tkazmay kelmoqda.

Lekin futbolda bir qoida bor: yutib bo‘lmas jamoaning o‘zi yo‘q. Boz ustiga, ushbu jamoani bir marta o‘z uyida — Tehronda mag‘lubiyatga uchratganmiz. Bu esa, futbolchilarimizga katta dalda, umid berishi turgan gap. O‘tmishdagi o‘sha o‘yin va hisob yana takrorlansa, ajab emas. Shu tariqa, O‘zbekiston Eronning daxlsiz saqlab kelayotgan darvozasini ishg‘ol etib, uni mag‘lubiyatga uchratadi. Ushbu bosqichdagi birinchi mag‘lubiyatiga sababchi bo‘ladi. Omad o‘sha kuni O‘zbekiston tomonda bo‘ladi. Shunga ishongimiz kelyapti.
Butun O‘zbekiston ahli shuni kutmoqda, axir!

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eron — O‘zbekiston uchrashuvi oldidan mulohazalar