02:00 / 04.06.2017
6 625

«Real» — Evropa Chempionlar ligasi g‘olibi! Ular tarixga kirishni eplashdi

«Real» — Evropa Chempionlar ligasi g‘olibi! Ular tarixga kirishni eplashdi
Evropa Chempionlar ligasi finalidan o‘rin olgan «Yuventus» – «Real» Madrid uchrashuvi o‘z yakuniga etdi. Kardiffda kechgan qiziqarli bahsda madridliklarning qo‘li baland keldi.

Uchrashuv keskin kurashlar ostida boshlandi va turinliklar bir nechta xavfli hujumlarni yaratdilar. Uchrashuvning 20-daqiqasida Krishtiano Ronaldu madridliklarning ajoyib kombinasiyasini chiroyli gol bilan yakunladi va jamoasini oldinga olib chiqdi.

Biroq, oradan etti daqiqa o‘tib «Yuventus» hisobni tenglashtirishga erishdi. Jarima maydoni ichida to‘pni qabul qilib olgan Mario Manjukich chalqancha turgan holda zarba berdi, to‘p Keylor Navasning ustidan o‘tib, darvozadan joy oldi – super gol!

Shundan so‘ng o‘yin teng kurashlar ostida kechdi. «Real» birinchi bo‘lim oxirida tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va to‘pni nazorat qildi. Biroq, bu holat hisobga ta’sir o‘tkazmadi.

Ikkinchi bo‘lim madridliklarning bir nechta xavfli hujumlari bilan boshlandi. Turinliklar raqiblariga ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etib qo‘ydilar va buning uchun gol bilan jazolandilar. 61-daqiqada Kazemiro chamasi 28 metrlardan kuchli zarba berdi, to‘p Xediraga tegib Jiji Buffon darvozasidan joy oldi.

Oradan uch daqiqa o‘tib Zinedin Zidan shogirdlari raqib xatosidan unumli foydalandilar, Luka Modrich o‘ng qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirdi va to‘pni Ronalduga uzatib berdi, portugaliyalik futbolchi to‘pni to‘xtatib o‘tirmay darvozaga joylab qo‘ydi va o‘yindagi dublini nishonladi.

O‘yin kechishidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ikkinchi bo‘limga «Yuventus» butkul boshqacha kayfiyat va ishtiyoq bilan tushdi. Turinliklar ketma-ket xato, ketma-ket sariq kartochkalar girdobida qoldilar.

Uchrashuvning so‘nggi o‘n daqiqaligida «keksa sinora» biroz jonlangandek bo‘ldi. 83-daqiqada Xuan Kuadradoga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatildi va o‘zi zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan futbolchi maydonni erta tark etdi. Shundan so‘ng «Qirollik klubi» uchrashuv so‘nggiga qadar to‘pni va o‘yinni nazorat qildi.

O‘yinning so‘nggi daqiqasi o‘tib borayotgan bir vaqtda Ronaldu jarima zarbasini ijro etdi. Zarbadan so‘ng qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Marselo etib keldi, himoyachi chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirdi va to‘pni jamoadoshlariga uzatdi. Bu to‘p Marko Asensioga kelib tushdi, yosh futbolchi to‘pni to‘xtatib o‘tirmay zarba berdi va jamoasining to‘rtinchi goliga mualliflik qildi.

Shu tariqa, «Real» o‘z tarixida 12-bor va ketma-ket ikkinchi martta Evropaning eng nufuzli musoboqasida zafar quchdi.

Evropa Chempionlar ligasi, Final

Yuventus Italiya – Real Madrid Ispaniya 1:4

Gollar: 0:1 – 20 Ronaldu, 1:1 – 27 Mandjukich, 1:2 – 61 Kazemiro, 1:3 – 64 Ronaldu, 1:4 – 90 Asensio.

Yuventus – Buffon, Bonuchchi, Kellini, Aleks Sandro, Bardzali (Kuadrado, 66), Pyanich (Markizio, 70), Xedira, Dani Alves, Mandjukich, Iguain, Dibala (Lemina, 78).

Real Madrid – Navas, Varan, Marselo, Karvaxal, Ramos, Kroos (Morata, 88), Kazemiro, Isko (Asensio, 82), Modrich, Ronaldu, Benzema (Beyl, 77).

Ogohlantirishlar: Dibala (12), Ramos (31), Karvaxal (42), Kroos (53), Pyanich (66), Aleks Sandro (70), Kuadrado (72).

Chetlatish: Kuadrado (84).

Manba: Uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Real» — Evropa Chempionlar ligasi g‘olibi! Ular tarixga kirishni eplashdi