23:33 / 08.07.2017
7 627

Xayrulla Hamidovdan: Seni yomon ko‘raman!

Xayrulla Hamidovdan: Seni yomon ko‘raman!
Germaniya, men seni yomon ko‘raman!

Sen futbolning ustidan kulyapsan va bundan keyin ham kulmoqchisan, shuning uchun ham seni yomon ko‘raman.

O‘tgan asrda ingliz Lineker aytib ketgan gap haliyam modada ekanki, men seni yomon ko‘rishga majburman, mahkumman, rozi bo‘l!

Sen futbolning yozilmagan qoidalarini buzishda, boshqalarning hurmatini chilparchin qilishda davom etyapsan, shuni bilasanmi, Germaniya?!

Biz bilgan futbol nima edi? Biz tanigan, biz ko‘rgan futbol qanday edi? Biz bilgan futbolda har qanday yurt har qanday musobaqaga jiddiy tarkibi bilan tashrif buyurar, muvaffaqiyatiga ham katta mehnatlari evaziga erishardi. Sen esa, 130 yildan beri davom etib kelgan ushbu sog‘lom qoidani-da yo‘qqa chiqarmoqdasan. Yoshlaring bilan kelyapsan-da, indamaygina turnirni engib ketyapsan. Shuyam insofdanmi?

Lyov degan murabbiying bor ekan, turnir davomida: “Moskvaga kelgan hamma futbolchilarimga imkoniyat beraman”, debdi. Dunyoning turli burchaklarida g‘oliblik shoxsupasiga chiqqan terma jamoalarga qarshi-ya, demadi hech kim. Senga mumkin-da, a? Sen o‘sha dunyoning eng zo‘ri bo‘lib ulgurgansa-da, a?! Dahshatli tomoni, Lyov o‘sha hamma futbolchisiga imkoniyat berdi ham. Yosh-yosh yigitlar maydonga tushib, uch yil oldingi akalaridan qolishmaydigan suratda harakat qilib, turnirni zabt etishdi. Bu qanaqasi?!

Sendan boshqasi bunday tavakkalchilikka qo‘l ursa, ko‘p ehtimol muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, yoshlar ishtirokida katta natija qayd etish imkonsiz yumushlardan axir. Sen esa, jamoa sifatida shakllangan, uch-to‘rt yildan beri faqat o‘sishda davom etib kelayotgan Chili yurtini-da xotirjam engding. Butun o‘yin davomida hujumkor futbol namoyish etsa ham, birgina xato tufayli jazolading, birgina xato! Juda oson-a?! Xotirjam. Dahshat.

Germaniya, biz bilgan futbolda yulduzlar har qanday jamoaga ta’sir o‘tkazardi, uni elkasida olib yurardi. Sen-chi, shu qoidani-da mirlamading. Sen sening o‘sha mashhur oq libosingni kiyib olgan yosh bolakaylarni bir zumda qanday qilib yulduzlarga aylantirib qo‘yasan, ochig‘i tushunolmay xalakmiz.

Uch yil oldin dunyoni zabt etganingdayoq buyog‘iga to‘xtash neligini bilmaysan-ov, degan tasavvurda edik, afsuski, o‘sha taxminlarimiz yana to‘g‘ri bo‘lib chiqyapti. Evropa chempionatida qoqilganingda, sal tin oldik, mashina ham temir-da, buziladi, deb. Afsus, darhol nemischa reja dasturiga o‘tding va Konfederasiyalar kubogiga yoshlaring bilan kelding, qaysiki, keyinchalik terma jamoa asosini tashkil etishi mumkin bo‘lgan, avlodlar almashinuvini zararsiz holda olib o‘tadigan yigitlaring bilan kelding.

Ularga motivasiya taqdim etding, mundialda o‘ynamoqchimisizlar, unda shu turnirni engib berlaring, degan ajoyib taklifni kiritding. 2014 yilda boshi uzra kubokni ko‘targan yulduzlaringga bu musobaqaning qizig‘i yo‘q edi, bilarding, shu bois, ko‘zi qonga to‘lib turgan yoshlaringga imkoniyat berding. Bu yumushni ko‘p mamlakatlarda talofatsiz amalga oshira olmaydilar. Qaerda natija kerak, qayerda qurbonlik, hammasini to‘g‘ri bajarishing, ochig‘i, jonga tegdi.

Germaniya, men o‘zbekistonlik bir muxlisman. Bizning o‘lkada futbol borasidagi ishlar sen qilayotgan ishlarga butunlay teskari. Germaniyalik muxlislar terma jamoa borasida kechayotgan ishlarga bexavotir qarayotganini ko‘rib, mening asabim o‘ynamay kimniki o‘ynasin?! Ular ish tepasida aqlli kishilar turganini bilishadi va suyuklilarining o‘yiniga xotirjam qaray olishadi. Bizdagi muxlislar esa, terma jamoani terma jamoaga aloqador kishilarga qaraganda ko‘proq o‘ylaydilar, desam, ajablanarsan, lekin gapning rosti shu. Hatto kecha bir muxlis “Oriat dono” radiosiga kelib, futbolchilarga “murabbiysiz o‘ynashni, murabbiyni o‘ylamaslikni, faqat Vatan uchun to‘p surish lozimligini” uqtirib, murojaat qilib ketdi. Ish shungacha bordi, Germaniya. Murabbiyga nol butun yuzdan bir foiz ham ishonilmayotgan yurtda turib, seni qanday qilib yaxshi ko‘rishim mumkin, ayt o‘zing?!

Germaniya, nima uchun bizga futbol o‘yinini bu qadar sodda, tushunukli va chiroyli o‘yin qilib ko‘rsatyapsan, nima qasding bor bizda? Nega bu qadar oson gol urasan va uchrashuv oxirigacha qanday qilib o‘sha golni dahlsiz saqlay olasan, bizga tushuntirib ber?! Nega shunday murabbiylar topasanki, ular oldingi murabbiyning ishini chiroyli suratda davom ettiradilar va terma jamoani yanada sayqallaydilar, bu qadar oson tizimni qanday yo‘lga qo‘ygansan?

Nahotki, rostan ham soat millari kabi ishlasa sendagi tizim? Nahotki, hech qayerda qoqilmaysan va hech qayerda xato qilmaysan? Oldingda ikki o‘yin turgan bo‘lsa va ana shu ikki o‘yinda qo‘lga kiritiladigan 6 ochko seni Jahon chempionatiga olib chiqadi, deyilsa, Germaniya, nimalar qilib tashlashingni taxminan bilamiz, shu bois ham seni yomon ko‘ramiz. Sen hamma-hammaga, ayniqsa, biz o‘zbekistonliklarga yoshlarni qanday o‘ynatish mumkinligini jo‘n va lo‘nda tushuntirib beryapsan, o‘zining suyukli o‘yinchilarini bezbetlarcha tushirishda davom etayotgan murabbiylarimizning kirdikorlarini shundoq ochib tashlayapsanki, sening bu qilmishlaringni ko‘rarga ko‘zimiz, otarga o‘qimiz qolmayapti.

Germaniya, qayerdan ham paydo bo‘lib qolgansan o‘zi? Koshkiydi sen bo‘lmasayding va men o‘z yurtim mutasaddilarining “kelajakka poydevor bo‘lg‘uvchi chiroyli so‘zlari”ni indamay hazm qilib yuraverardim, bilmasdim asl haqiqatni. Koshkiydi, sen ko‘rsatgan futbolni ko‘rmasamu, bizning maydonlarda o‘ynalayotgan g‘alati o‘yinlarni haqiqiy futbol deb ishonib kelsam, qaniydi! Nega meni shunday “ne’matlar”dan mahrum qilding, Germaniya? Nega???

Xayrulla HAMIDOV, «Erudit Sport» gazetasi.


Manba: www.erudit-sport.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xayrulla Hamidovdan: Seni yomon ko‘raman!