21:43 / 30.08.2017
4 957

Samvel Babayan: Davlatimiz oldida qarzimizni uzmoqchimiz

Samvel Babayan: Davlatimiz oldida qarzimizni uzmoqchimiz
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan JCh saralashi doirasida Xitoyga qarshi kechadigan o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi va savollarga javob berdi.

- Birinchi navbatda matbuot anjumaniga yig‘ilgan barchaga salom bermoqchiman. Ertaga hamma uchun, futbolchilar va murabbiylar uchun muhim ahamiyatga ega o‘yin bo‘ladi. Biz orzumiz ro‘yobi uchun yaxshi natijaga erishmoqchimiz. Birinchi o‘rinda bu ishni Davlatimiz oldida qarzimizni uzish uchun, har birimiz uchun qilingan ishlar minnatdorchiligi sifatida amalga oshirmoqchimiz. Har birimiz uchun, futbol rivoji va yosh avlod tarbiyasi uchun Davlatimizda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda va barchasi uchun qarzimizni uzmoqchimiz. Ertaga bo‘ladigan o‘yinga kelsak, Xitoyda futbol tez rivojlanmoqda. Eng avvalo futbolga kiritilayotgan sarmoyani aytish lozim. Yana klublar o‘rtasida ham qit’a darajasida yaxshi natijalarga erishilayotganini e’tirof etish lozim.

Xitoy terma jamoasini zamonamizning oldi murabbiylaridan biri, men juda hurmat qiladigan mutaxassis boshqarmoqda. Bizga keladigan bo‘lsak, o‘yin sifati borasida oxirgi vaqtlarda ko‘p ish olib bordik. Xatolarni tuzatib, ertaga samarali o‘yin namoyish etishimiz va yaxshi natijaga erishishimiz shart.

- Xitoy terma jamoasi Toshkentda o‘tgan o‘yindan so‘ng qay darajada o‘zgardi? Xitoy terma jamoasining uchinchi o‘rin uchun imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Toshkentda o‘tgan o‘yindan so‘ng Xitoy terma jamoasida bosh murabbiy o‘zgardi. Men bu murabbiyni juda hurmat qilishimni aytdim. Marchello Lippi kelgach o‘yin sifati ancha o‘zgardi, Xitoy terma jamoasining o‘yini kuchaydi. Imkoniyatga keladigan bo‘lsak, har qanday terma jamoa imkoniyat bo‘lishi yoki yo‘qligidan qat’iy nazar, bor kuch bilan o‘ynashi shart. Terma jamoa libosini kiyib maydonga tushdingmi, imkoniyat bor yoki yo‘qligidan qat’iy nazar, munosib o‘yin ko‘rsatish kerak. Ertaga juda qiziqarli o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman.

- Futbolchilardan birining aytishicha, Xitoyga qarshi kechadigan o‘yin juda muhim ahamiyatga ega ekan. Boisi keyingi bahs Janubiy Koreyaga qarshi kechadi. Murabbiy sifatida bu o‘yindan ko‘zlangan maqsad haqida nima deya olasiz?
- Hozir musobaqa jadvalida holat shundayki, barchasi o‘zimizga bog‘liq. Biz musobaqa jadvaliga qaraganimiz yo‘q, Janubiy Koreyaga qarshi kechadigan o‘yin haqida o‘ylaganimiz yo‘q. Barcha o‘y-hayolimiz Xitoyga qarshi kechadigan o‘yinga qaratilgan. Faqat shu o‘yindagi ijobiy natija bizga orzumiz sari harakat qilish imkonini beradi.

- O‘zbekiston terma jamoasining bir qator legionerlari kech keldi. Bu holat jamoaga ta’sir o‘tkazadimi?
- Albatta Xitoyga qaraganda bizda vaziyat ancha boshqacha. Xitoy terma jamoasi futbolchilari o‘z uyida to‘p suradi va federatsiya ham tayyorgarlik uchun imkoniyat yaratib beradi. Biz uchun ham federatsiya yaxshi sharoit yaratib berdi, ammo aksariyat futbolchilarimiz Yevropa va Osiyoda o‘ynashadi. Shu bois biroz boshqacha tayyorgarlik olib borishga to‘g‘ri keldi. Bu biz uchun muammo yaratadi, ammo biz bu muammoning yechimi ustida ish olib bordik va barcha futbolchilar o‘yinga tayyor holatda kelishiga harakat qildik.

- Uxan shahridagi ob havo haqida nima deya olasiz?
- O‘yin o‘tadigan shahardagi ob havoni o‘rgangan vaqtimizda, uch-to‘rt oy muqaddam, issiq va namgarchilikdan qo‘rqqan edik. Ammo bu yerga kelib ko‘rdikki, futbol o‘ynash uchun ob havo ideal holatda ekan. Yaxshi, tezkor va shiddatli o‘yin namoyish etish uchun ob-havo juda qulay.

- Jamoangizda uch nafar futbolchi Xitoyda o‘ynaydi. Ular sizga qandaydir ma’lumotlar berishdimi?
- Xitoy chempionatida o‘ynaydigan futbolchilarimiz o‘ziga yarasha ma’lumotga ega bo‘lishi muqarrar. Ular o‘z fikrlari bilan bizga yordam berishdi. Ammo ularsiz ham Xitoy terma jamoasi haqidagi ma’lumotlar yetarli edi.

Farrux Rasulov

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan: Davlatimiz oldida qarzimizni uzmoqchimiz