09:30 / 13.09.2017
3 676

Yangi Prezidentga “eski” eslatmalar

Yangi Prezidentga “eski” eslatmalar
Hurmatli Umid Ahmadjonov! Avvalambor, sizni O‘zbekiston Futbol Federatsiyasidek katta «to‘da»…uzr tashkilotga bir ovozdan rahbar etib saylanganingiz bilan tabriklayman.

Xush kelibsiz!


Endi asosiy gaplarga o‘tsak. Quyida qoralamoqchi bo‘lgan eslatmalar aslida juda eski. Ming yillardan beri jurnalistlar tomonidan yozilaverib siyqasi qolmagan. Beti bezlashib ketganlar-ku, ularni anchadan beri sariq chaqaga olmay qo‘ygan.
Ammo siz yangisiz. Qotmagansiz. Umid qilamanki, ba’zilar shu paytgacha biqinib olgan yerto‘ladan chiqib, har qanday yangi rahbar kabi islohotlarni shasht bilan boshlab yuborasiz. Shuning uchun bizni, muxlislarni qiynab kelayotgan masalalarni, muammolarni yana bir bor sizga eslatishni lozim deb topdim.

1. Kelishilgan o‘yinlar.
Odilni intervyusini ko‘rdingiz. Jahon chempionatiga chiqolmasligimizni eng avvalo — Oliy ligada kelishilgan o‘yinlarning ko‘pligi bilan izohladi. «Kelishilgan o‘yinlarni taftish qilish komissiyasi» rahbarlari kabi — «Buni isbotlash kerak», «Dalilimiz yo‘q», «Topib olsak, keyingi yili jazolanadi» deb xotinchalishlik, xoinlik qilmadi. Dangal gapirdi!

O‘zbek futbolini ko‘tarmoqchimisiz, ishni eng avvalo mana shu illatni yo‘qotishdan boshlang. Kerak bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlik qiling. Janubiy Koreya, Italiya kabi mamlakatlarning shu boradagi tajribalarini qo‘llang. Haloldan jirkanadiganlardan siz ham hazar qiling.

2. Yoshni kichraytirish.
Abbos Maxstaliyev degan futbolchi bo‘lardi. Ex-he, ne-ne umidlarimiz bor edi undan. Hatto «Monako» ham bu yigitni o‘z safiga chorlagan edi, bilsangiz. Ammo hozir u qayerda? Umuman, o‘smirlar, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida toblangan futbolchilarimiz qayerga g‘oyib bo‘ldi?

Muammoning asl sababi — ularning pasportdagi yoshi bilan haqiqiy tug‘ilgan sanasi bir-biridan katta farq qilishi haqida ko‘p yozildi. Yosh-yosh iste’dodlarning ota-onalari farzandlarining yoshini «kichkina» ko‘rsatishdan or qilgani uchun ularni futboldan yulqib olgani to‘g‘risida ko‘p gapirildi. Ammo biror «kattakon» bu haqda g‘iring deb og‘iz ochmadi. Umidimiz sizdan, Umid aka!

3. Qorong‘ulik.
Butun dunyoda futbol muxlislar uchun o‘ynaladi. Jamoa mag‘lubiyatga uchrasa eng avvalo dili kuygan ishqibozlarga hisob beriladi. Faqat O‘zbekistonda emas. Federatsiyamiz hisob berish nari tursin, shu paytgacha muxlislarni, hatto jurnalistlarni ham ba’zan yashirin, ba’zan esa oshkora ko‘ksidan itarib keldi.

Biz, masalan, haligacha Terma jamoalar markazining vazifasi nima bo‘lgan-u va u nega yopilganini haligacha bilmaymiz, futbolchilarimizning transfer narxini Germaniyaning qaysidir saytidan ko‘rishga majburmiz, terma jamoa a’zolarining gonorarini faqat taxmin qilamiz, ichki chempionatda o‘ynayotgan legionerlarning maoshi, transfer qilingan summasi qattiq sir saqlanadi, terma jamoamiz qaysidir jamoa bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishni kelishib qo‘ygan bo‘lsa, bu xabarni eng avvalo xorij saytlaridan o‘qiymiz va hokazo…
O‘zbek futboli yorug‘likka muhtoj!

4. Maqsadsizlik.
Bizga va’da bering. Hoziroq. Aks holda to‘rt yil ko‘z-ochib yumguncha o‘tib ketadi. O‘shanda siz ham xuddi bugun Mirabror Zufarivich kabi “Men — terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqishga va’da bermaganman” deb vaziyatdan silliqqina qutulib qolmasligingizga kafolat yo‘q!

Aslida, shu paytgacha O‘FF terma jamoa manfaatiga, yurt manfaatiga xizmat qiladigan qandaydir oliy maqsadlar bilan faoliyat yuritganiga ishonmayman. Maqsadi bor federatsiyaning kamida uch-to‘rt yillik, puxta ishlab chiqilgan va albatta keng omma muhokamasidan o‘tgan rejasi bo‘ladi. Maqsadi bor federatsiya o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi raqiblar nomini kamida ikki-uch yil oldin e’lon qiladi. Maqsadi bor federatsiya terma jamoani futboldan ko‘ra, biznesni yaxshiroq tushunadigan olib sotar qo‘liga berib qo‘ymaydi va hokazo!

Xo‘sh, sizning oldingizga qanday maqsad qo‘yilgan? Savolni boshqacharoq beraman. Siz oldingizga qanday maqsad qo‘ygansiz? Mamlakatda futbol tizimini yangilashmi? Bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirishmi? Terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqishmi? Bu haqda odamlarga hozirdan, aniq qilib aytib qo‘ying. Navbatdagi hisobot-saylov davrida faoliyatingiz shunga qarab baholanadi.

5.

6.

7.

8…

Bu bandlarni ham bemalol to‘ldirish mumkin. Ammo hozircha yuqorida aytilganlarning o‘zi yetarli. Agar mazkur muammolarning kamida yarmiga barham berilsa ham, ishoning Terma jamoalarimiz o‘z-o‘zidan jahon chempionatiga chiqib ketaveradi. Futbolimizni isloh etish uchun o‘ta katta kuch kerak emas, vijdonan ishlashning o‘zi kifoya!

O‘tkir Qalamtebratar


Manba: fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yangi Prezidentga “eski” eslatmalar