23:27 / 21.09.2017
4 598

FIFA O‘zbekiston futboli rivoji uchun O‘FF hisobiga 5 million dollar o‘tkazib beradi

FIFA O‘zbekiston futboli rivoji uchun O‘FF hisobiga 5 million dollar o‘tkazib beradi
O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov bugun Shveysariyaning Syurix shahrida FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashgani haqida xabar bergandik.

FIFA qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, FIFA 2018 yilning oxirigacha O‘zbekiston futboliga 3.5 million AQSh dollari, 2019 yilda esa yana 1.5 million dollar O‘FF hisobiga o‘tkazib beriladi.

Futbol Federatsiyasining barcha turdagi faoliyatini, ayniqsa, moliyaviy jihatdan shaffoflashtirish bo‘yicha yangi strategik reja barpo qilayotgan Umid Ahmadjonov FIFA rahbari bilan “Forvard” loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

“Bu pullar qayerdan keladi?” degan savolga O‘FF matbuot xizmati FIFAga yangi prezident bo‘lib saylangan Kongressda Janni Infantino tomonidan so‘zlangan nutqni javob tariqasida keltirdi.

“Meksikada bo‘lib o‘tgan Kongressda Infantino FIFAning daromadi unga a’zo federatsiyalarga taqsimlab berilishi kerakligini baralla aytgan edi. Ana shu gaplarning isboti tariqasida Infantino yangi rivojlantirish loyihasini ishga tushirdi. Mazkur loyiha doirasida FIFAga a’zo har bir federatsiya, shu jumladan O‘zbekiston ham, 4 yil muddatga 5 million AQSh dollari miqdorida pul oladi. Bu pullar FIFAning “Forvard” loyihasi reglamentida aytib o‘tilganidek federatsiyaning ishini yuritish, ma’muriy boshqaruv ishlari, shuningdek, terma jamoalar, Respublika miqyosidagi musobaqalarni o‘tkazish, veb-sayt ishlarini takomillashtirish kabi alohida belgilab qo‘yilgan ishlarga sarflanishi kerak.Amaliy ishlar tugagach, FIFA 5 million AQSh dollarini 4 yil ichida o‘rnatilgan tartibda federatsiyalarga audit asosida o‘tkazib beradi.”

Alohida ta’kidlash kerakki, Umid Ahmadjonovning FIFA bilan muzokaralari natijasida maxsus loyihalar uchun FIFA bilan 2017-2018 yilgi davrga 1,5 million AQSh dollari miqdorida shartnoma imzolanadigan bo‘ldi. Ahmadjonovning topshirig‘i asosida Toshkentda ushbu shartnoma shartlarini bajarish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilib, unga belgilangan muddat ichida barcha xujjatlarni Syurixga yuborish vazifasi birlamchi qilib qo‘yildi. Bundan tashqari 2016 yilgi maxsus loyihalar uchun o‘z hisobidan mablag‘ ishlatib turgan O‘FFga harajatlarni qoplash maqsadida 1 million AQSh dollarini o‘tkazib beriladigan bo‘ldi. Janni Infantino kelgusida FIFAning futbolni rivojlantirishga yo‘naltirilgan moliyaviy grant dasturlarida O‘zbekistonning faol ishtirok etishiga umid bildirdi.

Umid Ahmadjonov va Janni Infantino o‘rtasidagi suhbatda FIFAning “Gol-4” loyihasi bo‘yicha O‘FFning hisob raqamiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mablag‘larni kechiktirmasdan olish, milliy terma jamoaga avtobus sotib olish uchun ajratiladigan mablag‘ning miqdorini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

“Gol-4” loyihasi FIFAning sobiq prezidenti Zepp Blatter davridagi rivojlantirish loyihalarining oxirgisi bo‘lib, uning doirasida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasiga 500,000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ beriladi. Bu pullarning bir qismi allaqachon O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi binosini qayta ta’mirlash uchun ishlatilgan. Qolgan qismi esa milliy terma jamoaga yangi avtobus sotib olish uchun sarflanadi. Shu tariqa O‘FF FIFAning “Gol” loyihalaridagi ishtirokini tamomlaydi.

“Biz O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining faoliyatini shaffoflashtirish orqali ishqibozlarning mamlakatimiz futboliga bo‘lgan hurmat va e’tiborini, ishonchini qaytarishni maqsad qildik. Federatsiya endilikda, barcha turdagi faoliyatlar, shu jumladan, moliyaviy operatsiyalar haqida vaqti-vaqti bilan hisobot berib turadi”, - deydi Umid Ahmadjonov Infantino bilan uchrashuvdan keyin O‘FF matbuot xizmatiga bergan intervyusida.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » FIFA O‘zbekiston futboli rivoji uchun O‘FF hisobiga 5 million dollar o‘tkazib beradi