17:16 / 18.10.2017
5 336

Diyor Imomxo‘jayevdan: Qarich

Diyor Imomxo‘jayevdan: Qarich
General bo‘lishni istamaydigan askardan bir nima umid qilish qiyin. Chunki general ham qachonlardir oddiy askarlikdan boshlagan. Deyarli barcha sohalarda shunday.

Futbol o‘ynashni hamma biladi, biroq bu hali muvaffaqiyat kaliti emas. Unda g‘olib chiqish uchun zo‘rlar ichida zo‘r bo‘lish kerak. Gazetaning bilmam qachongi sonida, ammo aniq eslab o‘tgandim 4 ta uchrashuvni: Xirosimda Janubiy Koreyaning taslim etilishi, Amirliklarda Shatskix gol urib, millionlarni xursand qilgani, Yaponiyada qo‘lga kiritilgan tarixiy g‘alaba va Tehrondagi “Ozodi”da forslarning mahf etilishi. O‘zbekiston futboliga mana shunday g‘alabalar suv va havodek zarur. Ammo bizning qarashlarimiz va qarichimiz doim ham bunday talabga javob beravermaydi.

Qarich deganda kim nimani tushunadi? Masalan, Samvel Babayan degan hamma taniydigan murabbiy bilan Jahon Chempionatiga chiqishga ishonish — bu qarich. Undan ortig‘iga yo aql yetmagan yoki bu yerda boshqa bir gap bor. Chunki sog‘lom fikrlaydigan odam Babayan tayinlanganidan keyinoq ehtimoliy kelajakni tasavvur qilib ko‘rgan, gazetalar arxivini varaqlab ko‘rishingiz mumkin.

Qarich bu Igor Sergeyev jamoani torta olishiga ishonish. Chunki aql boshqasiga yetmaydi yoki bu yerda qandaydir boshqa gap bor. Arveladze haq, Igor yaxshi hujumchi. Faqat bitta “no”si bor, u Oliy Ligada yaxshi futbolchi. Axir Shota Osiyo klublariga qarshi o‘ynab ko‘rgani yo‘q, biz esa Sergeyevning termadagi o‘yinlarini ko‘rganmiz.

Sergeyevdan boshqa kim bor edi, deysizmi? Shu ham qarich. Chunki murabbiy qandaydir 2 yil davomida boshqa hujumchi topa olishiga ko‘zi yetmaydi va bor plastinkasini qayta-qayta aylantiraveradi, to chaynalib ketmagunicha. Chunki Igor Sergeyev Koreya va Iroq olimpiyachilari darvozasiga 1 ta ham tayinli zarba bermagandi. Qarich esa xuddi o‘sha hujumchining Eron va Koreya milliy termalariga gol urishiga ishonaveradi.

Qarich bu qishloq joylarda minglab iqtidorlar bor ekaniga ishonish. Men ularni yo‘q demoqchi emasman, biroq shu masalani iddao qiladigan istalgan odam bilan tortishishga tayyorman. Chunki o‘z vaqtida butun shahar Messi degan futbolchi, keyinroq futbol ichida yo‘qolib qolgan holatlarni ko‘p ko‘rganman. Masalan, 350 ming aholisi bor yoki yo‘q bo‘lgan Islandiya Jahon Chempionatiga chiqdi. Aytmoqchimanki, ular shu 350 ming ichidan tayinlilarni topa olgan. Biz esa iqtidorlarimiz albatta Mundialga boradi deb ishonaveramiz, yana o‘sha qarichimiz bilan. Vaholanki, forslar yoki koreyaliklarga qarshi bu ahvolda o‘ynab bo‘lmasligini kattaroq qarich tushuntirib beradi. Bu futbol, do‘stlarim, butun mahallani to‘p bilan aldab chiqadigan yigit hali futbolchi emas, u shunchaki o‘sha mahalla qarichi bilangina kuchli. Kattaroq hovuzga o‘tavergani sayin, suzishi ham qiyinlashaveradi.

Sababini tushuntiraman, futbol murabbiylarining ham o‘z qarichi bor. Masalan, qaysi biridir shogirdlarining yoshini kichraytirib, Osiyo chempionati sovrinini olib kelmoqchi bo‘ladi. Qarichi shundan boshqaga yetmaydi uning, qarichi unikidan zo‘r bo‘lmagan boshqa biri termaga murabbiy qilib tayinlab beradi. Keyin yana bir qarichlari shunga o‘xshash odam chiqib, yoshni kichraytirish butun dunyoda bor, deb jar soladi. Ha, aka, butun dunyo bilan nima ishingiz bor, siz o‘z prinsiplaringiz bilan to‘g‘ri ish ko‘ring. Axir qarichidan chetga chiqmay, “biz o‘z rivojlanish yo‘limizga egamiz”, — deydigan odamlarimiz bor, ular bejiz aytishmaydi. Bo‘lsin futbolda ham o‘z yo‘limiz, demoqchiman-da.

Nega Suriya termasidan mardonavorlikni o‘rganmaymiz? Hech kimdan kam emas ekanmiz, kam bo‘lmas ham ekanmiz, lekin nega futbolda qarshimizdan Yaponiya, Eron, Koreya chiqib qolsa kamayib qolamiz? Chunki qarichimiz ular bilan tengmiz deyishga yo‘l bermaydi. Men bejizga yuqoridagi o‘yinlarni eslab o‘tmadim, chunki aynan o‘shalarda qarichimizdan balandroq sakray olganmiz. Senegal JCh—2002 da shunday qilgan, Uels Yevro—2016 da shunday o‘ynadi, Iroq OK—2007 da ancha baland sakragan qarichidan, O‘zbekiston Xirosima—1994 da sakray olgan, “Lester” APL chempioni bo‘lganida shunday iroda ko‘rsatgan. Bu futbol, o‘ynasa bo‘ladi istalgan raqib bilan. Biroq bunda futbolchilar raqibni o‘z qarichlari bilan o‘lchab qo‘ymasliklari kerak. Ahmedov Koreyani yutishiga ishonishi kam, bunga Sergeyev ham, Lobanovdan tortib, Babayanning o‘zi ham ishonishi shart. Suriyaliklar shunga ishongani uchun ham hozirgacha Mundialga chiqish uchun kurashib yotibdi. Biz esa futbolda oq bayroq ko‘tarishga o‘rganib qolganmiz. Shuning uchun ham Misrdagidek Muhammad Salohlar chiqmayapti, shuning uchun ham qozig‘imiz atrofida o‘ralashib yuribmiz.

Biz hammamiz qarichlarimizdan balandroq sakrashimiz kerak, faqatgina futbolchilar emas. Rahbarlar, muxlislar, jurnalistlar, mutaxassislar, paxtakorlar, “paxtachilar”, siyosatchilar, o‘qituvchilar va hokazo. Jamiyat o‘ziga kelib olmagunicha, qarichlarimiz, muammolarimizga o‘ralashib yuraveramiz. Shu jamiyat a’zosi sifatida meni kechiring, biz mudrab yotgan holimizda katta o‘yinlarga kira olmaymiz.

Eng yomoni bilasizlarmi nima, futboldagi ahvolimizni tinimsiz tanqid qilib ham, shu futboldan Jahon Chempionatiga borishni talab qilamiz. Hammamizning umumiy qarichimiz shu…

Diyor IMOMXO‘JAYeV, «Erudit Sport» gazetasi.

Manba: www.erudit-sport.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jayevdan: Qarich