23:32 / 13.11.2017
5 558

Aleksandr Geynrix faoliyatini O‘zbekistonda davom ettiradimi?

Aleksandr Geynrix faoliyatini O‘zbekistonda davom ettiradimi?
Futbol bo‘yicha Oliy Liga ishtirokchisi hisoblanmish “Buxoro” jamoasi yangi mavsumda o‘z tarkibiga tajribali hujumchi Aleksandr Geynrixni qo‘shib olishi mumkin. Bu haqda “Championat.asia” nashri xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston chempionatining “Ordabasi” jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgan Aleksandr Geynrixning klubi bilan tuzgan amaldagi shartnomasi nihoyasiga yetgan.

“Buxoro” klubi bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, Aleksandr Geynrixni o‘z jamoasiga taklif etmoqchi.

Xabarda aytilishicha, Geynrix katta ehtimol bilan kelasi mavsumdagi faoliyatini Oliy Liga klublarining birida davom ettiradi.

Geynrix yangi mavsumda “Buxoro” to‘purari Ivan Nagayevning o‘rnini to‘ldirishi kutilmoqda. Buxoroliklar bu borada o‘ziga xos rokirovkani amalga oshirishga yaqin.

O‘zbekiston terma jamoasiga taklif etilgan Ivan Nagayev kelasi yil faoliyatini Qozog‘iston chempionatida davom ettirish ehtimoli yuqori ekanligi aytilmoqda. Biroq Nagayev xizmatlariga Qozog‘istonning aynan qaysi klubi qiziqish bildirayotganligi noma’lum.

Shuningdek, “Buxoro” jamoasi joriy mavsumni Qozog‘istonning “Atirau” klubida o‘tkazayotgan sobiq futbolchisi Shavkat Salomovni ham qaytarishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Aleksandr Geynrix joriy yilning 5 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Janubiy Koreya uchrashuvi (0:0) dan so‘ng hujumchi terma jamoadagi faoliyatini yakunlagandi.

Ma’lumot uchun, “Buxoro” jamoasi Oliy Liganing joriy mavsumida 28 uchrashuv o‘tkazib, 43 ochko bilan musobaqaning 5-o‘rnini egallab turibdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aleksandr Geynrix faoliyatini O‘zbekistonda davom ettiradimi?