O‘FF Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyasi bilan memorandum imzoladi

  • 16-11-2017, 17:15
  • 1 318
  • Sport
  • O‘FF Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyasi bilan memorandum imzoladi
    Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyasi bilan imzolangan memorandum yurtimizda futbolni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi...

    O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyasi Prezidenti Chun Mun Guning taklifiga ko‘ra Seul shahriga xizmat safari uyushtirib, Janubiy Koreya futboli mutassaddilari bilan uchrashdi.

    Seulda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va Janubiy Koreya futbol Assotsiyatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Shuningdek, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasida ham kelishuvga erishildi.

    Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov va Chun Mun Gu O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyasining hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumini imzoladilar.

    Ushbu memorandum ikki federatsiyaning turli toifadagi terma jamoalariga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish va musobaqalarda ishtirok etish, tegishli mutaxassis va ekspertlariga o‘quv kurslari, seminar va konferensiyalarda ishtirok etish imkonini beradi. Bundan tashqari tomonlar ikki mamlakatning turli yoshdagi terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil qilish bo‘yicha ham hamjihatlikda ishlashga kelishib oldilar.

    “Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyasi bilan imzolangan memorandum yurtimizda futbolni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Mazkur memorandum asosida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi xodimlari Janubiy Koreyada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishishlari, marketing, menejment, reklama, futbol maktablari, mashg‘ulot o‘tkazish jarayonlari kabi ko‘plab faoliyatlar bo‘yicha malaka oshirishlari mumkin bo‘ladi”, - deydi Umid Ahmadjonov.

    Seuldagi uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov Yaponiya poytaxti Tokio shahriga uchib ketdi. Tokioda 17 noyabr kuni Yaponiya Futbol Assotsiatsiyasi Prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.

    Manba: www.the-uff.com

    » » O‘FF Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyasi bilan memorandum imzoladi