09:54 / 23.11.2017
5 766

Muxlislarni futboldan sovutmang! Qarshida “Nasaf”ga “yordam berish” ishlari boshlandi...

Muxlislarni futboldan sovutmang! Qarshida “Nasaf”ga “yordam berish” ishlari boshlandi...
Avval xabar berib o‘tganimizdek, futbol bo‘yicha Oliy Liganing 29-turidan o‘rin olgan “Nasaf”–“Paxtakor” uchrashuvi (4:0) da mehmonlar darvozaboni Aleksandr Lobanov mezbon muxlislarga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatgani uchun “Paxtakor” klubi tomonidan jarimaga tortilgandi.

Mazkur uchrashuv yakunlangandan so‘ng avval qarshilik muxlislar Lobanovni haqorat qilishadi. Darvozabon bunga javoban bir muxlisga tashlanishga harakat qiladi, biroq bu vaziyatda uni jamoadoshlari to‘xtatib qolishgan.

O‘zbekiston professional futbol ligasi tashkilotining Tartib-intizom qo‘mitasi “Nasaf”–“Paxtakor” uchrashuvidan so‘ng stadiondagi muxlislar va “Paxtakor” klubi darvozaboni Aleksandr Lobanov o‘rtasida yuz bergan voqeani o‘rganib chiqib, mezbon jamoa “Nasaf”ga 100 million, “Paxtakor”ga 50 million so‘m jarima belgilash haqida qaror qabul qildi.

Mazkur qaror OChL musobaqasiga yo‘llanma va kumush medalni qo‘lga kiritgan “Nasaf” muxlislarining xursandchiligidan keyin kayfiyatini birdaniga tushirib yuborishiga majbur etdi.

Chunki 100 million so‘m “Nasaf” byudjetiga katta zarar keltirish bilan birga jamoa muxlislari tufayli “yemagan somsasiga pul to‘lashga” majbur bo‘ladi.
Qarshida vaziyat ancha og‘ir, endi buyog‘i nima bo‘ladi? Ushbu savolga “Nasaf”ning o‘zlarini aybdor his etgan vijdonli va mard muxlislari javob berishmoqchi.

Aniqrog‘i, bugun 22 noyabr kuni ertalabdan “Nasaf” klubining faol muxlislari tomonidan tashabbus guruhi tuzilib, qarorga sabab bo‘lgan voqea keng muhokama qilinmoqda. Aniqrog‘i, aslida voqea qanday bo‘lgani surishtirilmoqda.
Ko‘pchilik muxlislar, avvalo, professionallarga xos bo‘lmagan harakatni (o‘rta barmoq ko‘rsatish) Lobanov boshlab berganini aytishmoqda.

Muxlislar shunchaki o‘z jamoasi g‘alabasidan xursandchilik qilib, xushtak va qarsaklarni chalishayotgan bo‘lishgan.
Voqea sodir bo‘lgan joyda o‘tirgan muxlislar bu haqda kerakli joyda, kerakli ko‘rsatma berishga ham tayyor ekanliklarini bildirishmoqda.

Qarshiliklar muxlislar tomonidan qabul qilingan qaror yuzasidan ayni paytda rasmiy tashkilotlarga murojaat yuborish ishlari rejalashtirilmoqda.
Afsuski, jarima to‘lash haqidagi qaror qabul qilib bo‘lindi. Endi uni bekor qilishning deyarli hech qancha iloji qolmagan.

Shu munosabat bilan tashabbus guruhi o‘zaro kelishgan holda, futbol muxlis i — Ma’ruf Hazratqulov nomiga bankdan maxsus hisob raqami (plastik kartochkada) ochishdi.
Klubga jarimani to‘lab berishi uchun mablag‘ yig‘ish ishlari boshlab yuborildi.

Plastik kartochka raqami: 8600 0329 6323 0420
.
Kimki ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashni istasa, yuqoridagi hisob raqamga pul o‘tkazish yo‘li bilan “Nasaf”ga o‘z yordamini berishi mumkin.

To‘g‘ri, masalaning ikkinchi tomoni ham borki, buni ta’kidlab o‘tmasa bo‘lmaydi. E’tibor bering, tegishli vakolatga ega bo‘lgan tashkilot klubga, ya’ni yuridik tashkilotga jarima e’lon qildi. Muxlislar yig‘moqchi bo‘lgan va (keyinchalik) yig‘gan mablag‘ hisobidan jarima to‘lanishi... mavhum!

Xullas, pul yig‘ishga qaror qilgan “Nasaf” muxlislari ushbu voqea yuzasidan futbolning yuqori tashkilotlariga kichik murojaatnoma ham yo‘llashgan.
Undagi so‘zlar futbol shunchaki haqiqiy muxlis uchun o‘ynalishining isboti ekanligidan darak beradi.

“...Biz hech qachon sevimli jamoamizni yolg‘izlatib qo‘ymaymiz! PFL rahbarlariga ham qisqa murojaat qilmoqchimiz.
Hurmatli futbolimiz rahbarlari, muxlislarni futboldan sovutmang! Futbol faqat muxlislar uchun ekanligini ham unutmang.

Axir aynan muxlislar manfaatini o‘ylab, davlatimiz qanchadan-qancha mablag‘larni ayamayapti. Qaror qabul qilishda adolatli bo‘ling!”, deya murojaat yo‘llashgan “Nasaf” muxlislari.
Xo‘sh, “Nasaf”ga o‘z muxlislari yordam beradimi? Yoki O‘FF va O‘zPFL bir qarorga kelib jarima miqdorini kamaytiradimi?

Manba: Qalampir.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Muxlislarni futboldan sovutmang! Qarshida “Nasaf”ga “yordam berish” ishlari boshlandi...