21:46 / 23.11.2017
5 826

O‘FF "Vest Xem", "Borussiya D" va "Paxtakor" sobiq bosh murabbiylari bilan muzokara olib bormoqda

ЎФФ "Вест Хэм", "Боруссия Д" ва "Пахтакор" собиқ бош мураббийлари билан музокара олиб бормоқда
O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy jalb etish bo‘yicha bir necha xorijlik mutaxassislar bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, nomzodlar qatoridan Rossiya, Polsha, Xitoy va BAA chempionatlarida faoliyat olib borgan 49 yoshli ruminiyalik Dan Petresku hamda Fransiya, Serbiya, Ukraina, Rossiya chempionatida harakat qiluvchi ko‘plab klublarda ishlagan 64 yoshli serbiyalik Slavolyub Muslin kabi mutaxassislar bor.

Shuningdek, Toshkentning “Paxtakor” hamda Moskvaning “Dinamo” kabi klublaridagi faoliyati orqali o‘zbek futbol muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan 50 yoshli chernogoriyalik mutaxassis Miodrag Radulovich ham nomzodlar qatoridan joy egallagan.

Shu bilan birga, italiyalik 52 yoshli murabbiy Andjelio Alessio (“Napoli”, “Yuventus”, “Chelsi” klublari va Italiya terma jamoasida yordamchi murabbiy sifatida ishlagan), germaniyalik 54 yoshli Bernd Shtork (“Shtutgart”, “Volfsburg”, “Borussiya” Dortmund klublari, shuningdek, Qozog‘iston, Vengriya terma jamoalarini boshqargan) va xorvatiyalik Branko Ivankovich (Eron milliy terma jamoasi, shuningdek, “Al-Ittifoq”, “Al-Vahda”, “Persepolis” klublarida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan) bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Angliyaning “Vest Xem” klubi sobiq murabbiyi Slaven Bilich, “Napoli”, “Inter”, “Uotford” kabi klublarni boshqargan italiyalik 56 yoshli mutaxassis Valter Matssari, “Feynord”, “Borussiya” Dortmund, “Gamburg” klublari va Gollandiya, Saudiya Arabistoni kabi terma jamoalarda faoliyat yuritgan gollandiyalik mutaxassis Bert van Marveyk ham muzokaralar olib borilayotgan mutaxassislar orasida mavjudligi qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FF "Vest Xem", "Borussiya D" va "Paxtakor" sobiq bosh murabbiylari bilan muzokara olib bormoqda