16:15 / 07.12.2017
5 141

Terma jamoamizning yangi murabbiyi qanday bo‘lishi kerak?

Terma jamoamizning yangi murabbiyi qanday bo‘lishi kerak?
O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod murabbiylar ro‘yxati ma’lum qilinganini bilsangiz kerak? Ularning har biri bilan tanishib chiqqaningizga ham shubha qilmaymiz.

Bert van Marveyk, Valter Matssari, Slaven Bilich, Anjelo Alessio, Berndt Shtork, Branko Ivankovich, Miodrag Radulovich, Slavolyub Muslin, Dan Petresku - ularning bari futbol olamida o‘z o‘rniga ega.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy saytida xabar qilinishicha, bu mutaxassislar bilan ayni vaqtda muzokara olib borilmoqda.

Bilasizmi, bu xabarning ikkita noodatiy jihati bor. Birinchidan, odatda rasmiy saytlarda muzokaralar jarayoni yoritilmasdi. Faqat hammasi aniq bo‘lgandan so‘ng yakuniy axborot e’lon qilinishiga o‘rganib qolgan ekanmiz.

Shu vaqtga qadar O‘zbekiston terma jamoasiga necha marta murabbiy tayinlangan bo‘lsa, hammasini ish pishganidan so‘ng bilganmiz. Ungacha yashirishgan.

Ikkinchidan, bittagina ish o‘rni uchun bir yo‘la 9 murabbiy bilan muzokara boshlanganini tushunish qiyin. Aftidan, O‘FF qisqa vaqt ichida kuchli murabbiyni terma jamoaga olib kelishni maqsad qilgan ko‘rinadi.

Aks holda, bu qadar shoshilinch ish olib bormasdi. Ma’lum vaqt o‘tgach ham yetarli natijaga erishilmagach, balki nomzodlarning kimligi e’lon qilingandir?!

Albatta, yuqorida ko‘rsatilgan ro‘yxatdan kimdir O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga kelsa, futbolimiz bundan yutishi turgan gap. Ammo xorijdan murabbiy taklif etilsayu, ishga munosabat o‘zgarishsiz qolsa, natija biz kutgandek bo‘larmikan?

Termamiz boshqaruviga xorijlik murabbiy tayinlanishi uchun qanday zaruriyat bor? Eng avvalo, u tarkib bilan bog‘liq, desak qarshi chiqadiganlar ko‘p topilmasa kerak.

Terma jamoani oxirgi 12 yil davomida mahalliy murabbiylar boshqarishdi. Va bu davr oralig‘ida bir mavzu har doim ko‘tarildi - tarkib masalasi.

Hatto bu borada eng adekvat hisoblangan Rauf Inileyev davrida ham yetarlicha e’tirozlarni eshitganmiz. Boshqa murabbiylar haqida-ku, gapirishga hojat bo‘lmasa kerak.

Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov hamda Samvel Babayan o‘zlari ishongan, avvaldan tanigan shogirdlarini sport formasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, mudom asosiy tarkibda o‘ynatishdi. Muxlislar bilan munosabat buzilishiga ham aynan shu omil sabab bo‘ldi.

Bosh jamoani mahalliy murabbiylar boshqarishining yomon tomoni ham shunda ekanini ko‘rib oldik. Istaysizmi yoki yo‘q, har bir mutaxassis o‘zi ishlagan klubdan futbolchi chaqirish istagida bo‘ldi. Qosimov «Bun­yodkor»dan, Babayan esa «Paxtakor»­dan.

Hattoki, Vadim Abramov «Traktor»da o‘zi bilan ishlagan Olim Navkarovni chaqirgach, yana nima deyish mumkin? Aynan shu sababga ko‘ra, O‘zbekiston termasiga xorijlik murabbiy har qachongidan ham zarur.

Faqat bir shart bilan - qanday ishlash kerakligini uning o‘zi hal qilsin. Shunday ekan, o‘z prinsiplariga ega mutaxassis topish shart.

Karlush Keyrush Eron milliy jamoasi boshqaruvida 6 yildan buyon ishlab kelmoqda. O‘tgan vaqt davomida har yili kamida bir marta Eron futbol federatsiyasi rahbariyati bilan «sen-men»ga bordi.

Bu mojarolar natijasida murabbiyning necha marta iste’fo bermoqchi bo‘lganini dabdurustdan eslash qiyin. Keyrush aytgan talablar amalga oshmasa, darrov «ketaman»ga tushdi.

Oqibatda rahbariyat ham aytganini qilishga majbur bo‘ldi. Bu qanday natija keltirganini ko‘rib turibsiz - forslar JCh saralashlarini ishonchli o‘tkazishmoqda.

Agar Keyrushning maqsadi faqat Eronda katta pul ishlash bo‘lganda, jonini koyitib, korchalonlar bilan janjallashib yurmasdi. Tinchgina maoshini olardi. Portugaliyalik murabbiy azbaroyi o‘zini hurmat qilgani tufayli prinsiplaridan voz kechmadi.

Bundan uning o‘zi ham, Eron futboli ham yutdi. O‘zbekiston termasiga xuddi shunday murabbiy topish kerak. Nima uchun, bilasizmi? Chunki bizda ham maslahat berishni yaxshi ko‘radiganlar yetarlicha.

Ertaga katta pul evaziga Yevropadan biror murabbiy kelsa, unga ham nimanidir o‘rgatadiganlar topiladi. Agar murabbiy o‘zi istagandek ishlamasa, u Germaniyadan keladimi yoki Afrikadan, nima farqi bor?

O‘FF hozir 9 murabbiy bilan muzokara olib borayotgan ekan. Muxlislik masalahatimiz - agar kimdir o‘z prinsipini moliyaviy talabidan yuqori qo‘ysa, o‘shani jalb etishsin.

Yo‘qsa, Ro‘ziqul Berdiyevning o‘zi qolgani ma’qul. Baribir, o‘z bilganidek ishlay olmasa, xorijdan kelishning foydasi bo‘larmidi?

ABDULLOH

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoamizning yangi murabbiyi qanday bo‘lishi kerak?