22:19 / 22.12.2017
3 092

Kutib oling, El-klasiko! Hafta top-uchrashuvlari anonsi

Kutib oling, El-klasiko! Hafta top-uchrashuvlari anonsi
Bu hafta ham qiziqarli futbol to‘qnashuvlariga boy bo‘ladi. Yangi yil oldidan Yevropa ligalarida turlicha vaziyat - Fransiya va Germaniya tanaffusga chiqqan bo‘lsa, Angliyada chempionat eng qizg‘in pallasiga kirmoqda. Italiyaliklar tanaffus oldidan birinchi davra chempionini aniqlab oladilar. La Ligada esa, nafaqat Ispaniya, balki butun dunyo kutayotgan o‘yin bo‘lib o‘tadi. Ta’kidlash kerakki, bu qiziqarli futbol kunlari bugundan boshlanadi. Londonda Angliyaning ikki yetakchi klubi orani ochiq qiladilar.

Tribuna.uz an’anaga sodiq tarzda, haftaning muhim o‘yinlariga e’tiboringizni qaratadi.

ARSENAL - LIVERPUL (22 dekabr, 24:45)
Bu safar kuchli to‘rtlik uchun kurash ancha erta boshlandi chog‘i. Avvallari top klublar chempionlik kurashidan chiqib ketgach, kuchli to‘rtlik uchun kurashardilar. Bu safar esa, «Manchester Siti»ning to‘xtatib bo‘lmas yurishi, hamda yuqori o‘rin uchun da’vogarlar sonining ko‘proq ekanidan kelib chiqsak, bu o‘yin ham to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblar o‘rtasida 6 ochkolik o‘yin sifatida baholanishi mumkin. Bu o‘yin g‘olibi «boksing dey» oldidan 4-o‘ringa joylashib oladi.

«Liverpul» o‘tgan turda «Bornmut» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi va APL ning o‘ziga xos rekordini qayd etdi - Klopp shogirdlari qatorasiga 4 safar uchrashuvida yirik hisobda g‘alaba qozondilar. Orada «Vest Bromvich» va «Chelsi» bilan «Enfild»da qayd etilgan duranglarni aytmasa, jamoa juda ajoyib barqarorlik davriga kirib olgan.

«Arsenal» esa, o‘z maydonida eng yaxshi natija qayd etayotgan jamoalardan biridir, «Yunayted»dan qabul qilingan mag‘lubiyatni qo‘shmasa, Venger jamoasi o‘z maydonida barcha raqiblarni yer tishlatmoqda. Buning ustiga, bu jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvi «to‘pchilar» uchun sharmandali 0:4 hisobida tugaganini e’tiborga olsak, «Arsenal»ning shashtini taxmin qila olamiz.

«Arsenal»ning hafta o‘rtasida Liga kubogi uchrashuvida maydonga tushganligini qo‘shimcha qilish mumkin. Bu o‘yinda Venger asosan zaxira o‘yinchilaridan foydalangan bo‘lsa-da, «Liverpul»da ushbu uchrashuvga tayyorlanish uchun bir hafta vaqti bo‘lgani o‘yin oldidan qandaydir ustunlik taqdim etishi turgan gap. Shuningdek, ancha vaqt londonliklar safida to‘p surgan Aleks Oksleyd Chemberleynning ilk bor sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi ham qiziq bo‘lsa kerak.

REAL - BARSELONA (23 dekabr, 17:00)
Bu o‘yinning kattaligi ushbu sahifamizga sig‘maydi, bu aniq. Albatta, bu saytda ham, boshqa manbalarda ham bu o‘yin haqida kattaroq prevyular yozilishi shubhasiz. Biz esa, doimiy format chegarasidan chiqmagan holda, bu o‘yin haqida ham eslab o‘tib ketamiz.

O‘yin El Klasiko uchun noodatiy bo‘lgan vaqtda, juda erta boshlanishiga e’tibor qaratishingiz mumkin. Bu yerda xitoylik tomoshabinlar ham hisoblashilgani avvalroq ma’lum qilingandi.

«Barselona» Yevropada hali ushbu mavsumda ligada mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan uch jamoadan biri. So‘nggi o‘yinlarda o‘z o‘yinini topib olgan va yaqinda Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini yutib, yaxshi kayfiyatda bo‘lib turgan «Real» ushbu seriyani buzish uchun juda munosib nomzoddir. Buning ustiga, bumavsumda faqat «Real» Valverde jamoasini mag‘lub eta oldi – esingizda bo‘lsa, avgustda bo‘lib o‘tgan Ispaniya Superkuboginingn har ikki o‘yinida «Real» g‘alaba qozongandi.

Muhimi, madridliklarda jarohatlangan futbolchilar deyarli qolmadi va Zidanda ushbu o‘yinda turli variantlarni sinab ko‘rish uchun yaxshi imkoniyat bor. Beylning safga qaytgani, ammo asosiy tarkibda tushmasligi, Krishtianuning aynan shu o‘yin uchun alohida tayyorlanayotgani haqida xabarlar chiqib turibdi.

«Barselona»da esa aksincha, Samuel Umtitiga qo‘shilib, Alkaser ham safdan chiqdi. Hujum chizig‘idagi yana bir variant Delofeuning o‘yinga tayyor bo‘lishi dargumon. Usmon Dembele mashg‘ulotlarga kirishgan bo‘lsa-da, u jarohatidan oldin ham hali jamoa o‘yiniga kirishib ulgurmagandi, undan katta yordam kutish qiyin. Xayriyatki, Inesta safga qaytdi va «Deportivo» bilan o‘yinda muxlislar eski «Barselona»ni ham, nihoyat gol urishni boshlagan Luis Suaresni ham ko‘rishdi.

Mehmonlarda bosimning kamroq ekani va durang ham ular uchun g‘alabaga yaqin ekanini e’tiborga olsak, ular xotirjamroq to‘p surishlari mumkin. Xulosa qilib, o‘yinda har ikki tomon imkoniyatlarini teng baholash to‘g‘riroq bo‘lardi. «Real» tarkibdagi balans va ijrochilarning ko‘pligi hisobiga, «Barselona» esa, Leo Messining individual harakatlari yordamida biror natijadan umid qilishi mumkin.

«Barselona» o‘zaro o‘yilarda yaqqol ustunlik qilgan 2010 yilgacha bo‘lgan davrni qo‘shmasak, keyingi 28 o‘yinning 10 tasida madridliklar, 11 tasida esa, «Barselona» g‘alaba qozonishgan. El Klasikolarda «Real»ning, ayniqsa, Serxio Ramosning (4 marta) muntazam qizil kartochka olishini ham ta’kidlash kerak.

EVERTON - ChELSI (23 dekabr, 17:30)
Angliya chempionati yoki «Chelsi»ning ashaddiy muxlislari «El Klasiko» paytida boshqa kanalni ko‘rishlari mumkin. Sem Ellardays boshqaruvida o‘ziga kelayotgan va so‘nggi 5 o‘yinning 4 tasida g‘alaba qozongan «Everton» o‘z maydonida «Chelsi»ni qabul qiladi.

«Chelsi» so‘nggi 4 o‘yinda «Everton» ustidan g‘alaba qozonib kelmoqda, ammo liverpulliklarning aynan «Chelsi»ga qarshi so‘nggi yillarda esda qolarli o‘yinlari ham ko‘p bo‘lgan. Jumladan, Mourinoning iste’fosidan oldin ro‘y bergan 3:1 hisobidagi g‘alaba, keyin esa, Angliya kubogida ham «Everton» «Chelsi»ni musobaqadan chiqarib yuborgandi.

«Chelsi» chorshanba oqshomida «Bornmut»ga qarshi Liga kubogida o‘ynadi. Konte yetakchilariga dam berishga uringan bo‘lsa-da, ikkinchi taymda Azar ham, Morata ham zaxiradan maydonga tushirildi. Bu o‘zgarishlar oqibatda «Chelsi»ga g‘alaba keltirgan bo‘lsa-da, biroz qimmatga tushdi. Chunki hal qiluvchi golni urib, uni nishonlashda qoidani buzgan Morata sariq kartochka bilan jazolandi, Bu ispaniyalik hujumchining 5-ogohlantirilishi bo‘lib, ertaga maydonga tusha olmaydi. Bu holatlarda Konte Bashtuayiga ishonch bildirish o‘rniga, ko‘proq, hujumchisiz o‘ynashga, to‘g‘rirogi, Eden Azarni eng oldingi chiziqqa qo‘yishga qaror qilyapti. Bu safar qanday bo‘lishini ko‘ramiz.

«Everton» oktyabrdan beri, o‘z maydonidaga 4 o‘yinda yuz foizlik natija ko‘rsatib kelayotganini ham ta’kidlash zarur.

VALENSIYa - VILYaREAL (23 dekabr, 20:15)
Mavsumni ajoyib tarzda boshlab, «Barselona»ning eng yaqin ta’qibchisiga aylangan «Valensiya» haqida iliq gaplar ko‘p aytildi va hatto o‘sha mashhur 2000-yillar boshida ikki marta Ispaniya chempioni bo‘lgan va ikki marta Chempionlar Ligasi finalida o‘ynagan jamoaga ham qiyoslar boshlangandi.

Ammo bu tarkib yuqori vazifalar uchun tayyor emasligi bilinib oldi. Soler, Gaya, Garay kabi jamoa yetakchilari birin ketin jarohatlandi hamki, bu holat natijalarda darrov aks etdi. Jamoa so‘nggi 4 o‘yinda atigi 1 marta, «Selta» ustidan juda qiyin g‘alabaga erishdi xolos. «Barselona» bilan durangni tushunish mumkin, ammo «Xetafe» bilan «Eybar»dagi mag‘lubiyatlar jamoaga qimmatga tushdi va «Valensiya» 3-o‘ringa tushib ketdi.

Bunday palla uchun «Vilyareal» qulay raqib emas. Jamoalar o‘rtasida kechgan so‘nggi 4 o‘yindan atigi 1 tasida «Valensiya» g‘alaba qozongan xolos. Qizig‘i, jamoalarning oxirgi uch to‘qnashuvida o‘sha o‘yin mexmonlarining qo‘li baland kelgan ekan.

«Valensiya» bu o‘yinda g‘alaba qozona olmasa, «Sevilya»ni ham juda yaqinlashtirib oladi va endi nafaqat chempionlik, kuchli to‘rtlik ham so‘roq ostida qoladi. «Vilyareal» esa, hozir 6-o‘rinda bormoqda va bu o‘yindagi g‘alaba ularni ham kuchli to‘rtlik, ya’ni chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashga qo‘shishi mumkin.

«Valensiya» tarkibida yuqorida sanab o‘tilgan futbolchilar asta sekinlik bilan tarkibga qaytishmoqda, balki bu faktor jamoaning yana ijobiy yo‘lga tushib olishiga sabab bo‘lar...

YuVENTUS - ROMA (23 dekabrdan 24 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
«Inter»ning mag‘lubiyati»A Seriya»dagi kurashni yanada qizdirib yubordi. «Yuventus» endi rimliklar ustidan g‘alaba qozonishi va «Napoli»ga bosim qilishda davom etishi kerak.

«Roma» ham u qadar uzoqda emas, agar g‘alaba qozonsa, ochkolari soni bilan turinliklarga yetib oladi. Ya’ni chempionlik uchun kurashda davom etayotgan ikki jamoaning o‘zaro to‘qnashuvi. «Roma» bu yo‘lda yana davom etadimi yoki hamshahari «Latsio» kabi ortga chekinadimi?

Turinda o‘tgan oxirgi uch o‘yinda «Yuventus» «Roma» ustidan faqat minimal hisoblarda g‘alaba qozonayotganini e’tiborga olsak, bu o‘yin ham juda keskin o‘tishini kutsak bo‘ladi. Buning ustiga, turinliklar tarkibida aynan hujum chizig‘ida kerakli bo‘lgan Kuardado va Manjukichning maydonga tushishi so‘roq ostida turgani mezbonlarning vazifasini yanayam qiyinlashtirib yuborishi mumkin.

LESTER - MANChESTER YuNAYTED (23 dekabrdan 24 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
Bu jamoalar o‘rtasida kechagan uch yil oldingi o‘yin hammaning esida bo‘lsa kerak. 3:1 hisobida oldinda borgan Van Gaal shogirdlari mezbonlarga 4 gol urish imkoniyatini bergandilar. «Lester» haqida iliq gaplar aslida o‘shandan boshlangan, keyinchalik, ajoyib kambek va kelasi yilgi chempionlik... Barchasi aynan «Yunayted» bilan o‘yindan boshlanganini eslab o‘tdik xolos.

Ammo o‘shandan beri lesterliklar «MYu» ustidan g‘alaba qozona olmayaptilar. Qatorasiga 3 durangdan so‘ng, Joze Mourino uslubi «Lester» uchun juda noqulay bo‘lib chiqdi, umumiy to‘plar farqi 9-1 hisobida uch mag‘lubiyat qabul qilib olindi. Asosan tezkor qarshi hujumlarga tayanadigan «Lester» uchun ancha orqada himoyalanadigan «Yunayted» rostan ham biroz noqulaylik tug‘diradi. Bu holatda «Lester»ning asosiy qurolllari uncha ish bermaydi. Lekin tan olish lozimki, mavsum boshida «Old Trafford»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda «Lester» ancha munosib qarshilik ko‘rsatgan va faqat so‘nggi chorakdagina mezbonlar hisobni ochishgandi.

Klod Pyuyelning kelishi «Lester»ning natijalarini yaxshilab yubordi. Mavsum boshida xavfli zonalarda yurgan «tulkilar» juda yaxshi seriya o‘tkazib, kuchli sakkizlikka kirib olishdi. Faqat o‘tgan turda o‘z maydonida «Kristal Pelas»dan qabul qilingan yirik mag‘lubiyat so‘nggi natijalarga biroz soya solib turibdi xolos.

«MYu» tarkibida uch o‘yinda diskvalifikatsiya muddatini o‘tagan Pol Pogba qaytayotganini alohida ta’kidlash joiz.

BYoRNLI - TOTTENHEM

Agar avgustda kimdir, 19-turdan joy olgan ushbu o‘yin paytida, bu jamoalar turnir jadvalida qo‘shni bo‘ladilar, deb aytganida, yo o‘sha odamni esini yeganlikda ayblardik yoki «Tottenhem»ning bu qadar pastga tushib ketishi nimadan bo‘lar ekan, deb o‘ylanib qolardik.

Yo‘q, «Tottenhem»ning ishlari u qadar yomon emas, aksincha, Shon Daych jamoasiga har hafta hayron qolishda davom etyapmiz. «Byornli» o‘tkazgan 18 o‘yinning teng yarmini yutishga muvaffaq bo‘ldi va hozir «Tottenhem»dan ko‘proq ochko to‘plagan holda 6-o‘rinda bormoqda.

Avgust oyida o‘z maydonidagi o‘yinlarda tinmay ochko yo‘qotgan «Tottenhem» esa, endi safarda g‘alaba qozonishni unutib qo‘ygandek. Pochettino jamoasi safardagi oxirgi 5 o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmayapti. Bu davr mobaynida «MYu». «Arsenal», «Lester», «Manchester Siti» jamoalaridan mag‘lubiyat qabul qilindi. «Uotford» bilan durangga imzo chekildi.

Jamoalarning avgustdagi o‘yini ham juda dramatik yakunlangan - «Byornli» o‘yinning so‘nggi daqiqasida hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Boshqa o‘yinlar:
23 dekabr: Sassuolo - INTER (19:00), NAPOLI - Sampdoriya (19:00), MANChESTER SITI - Bornmut (20:00), MILAN - Atalanta (22:00)

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kutib oling, El-klasiko! Hafta top-uchrashuvlari anonsi