23:30 / 08.01.2018
5 055

Ravshan Haydarov: "Musobaqaga eng kuchli terma jamoalar jamlangan"

Равшан Ҳайдаров: "Мусобақага энг кучли терма жамоалар жамланган"
Bugun Changjouda U-23 Osiyo Chempionati “A” guruhi vakillari ishtirokida turnirdan oldingi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ushbu matbuot anjumanida ishtirok etgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov musobaqa ajoyib va qiziqarli tarzda kechishiga tilak bildirdi.

“Avvalo yangi yil bilan tabriklayman. Yangi yilning ilk musobaqasi esa, juda qiziqarli va muxlislarga yoqadigan tarzda kechishiga umid qilaman. Musobaqaga eng kuchli terma jamoalar jamlangan. O‘ylaymanki, juda qiziqarli va keskin bahslar bizni kutib turibdi”, - deydi Ravshan Haydarov.

“Ushbu musobaqada potensial bo‘yicha teng jamoalar yig‘ilgan va musobaqa g‘olibligi uchun barcha terma jamoalar kurashadi. Murabbiy sifatida qaysidir terma jamoaning imkoniyatini yuqori baholamoqchi emasman. Bu turnirda favorit va autsayder yo‘q. Barchaning imkoniyati yuqori va katta salohiyatga ega terma jamoalar ko‘p”.

“Qatar terma jamoasiga qarshi ilk uchrashuv biz uchun ham, Qatar uchun ham juda muhim. Boisi, musobaqada ilk uchrashuvni g‘alaba bilan boshlash katta ahamiyatga ega. Qatarga qarshi juda ko‘p o‘ynaganmiz. Ammo, bu turli yoshdagi terma jamoalar va turli musobaqalar edi. Aytish mumkin, Qatar juda kuchli va tajribali futbolchilarga ega terma jamoa”, - dedi Haydarov.

Massimiliano Maddaloni (Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi): “Musobaqa biz uchun juda katta tajriba maktabi va katta ahamiyatga ega. Turnir mezboni sifatida harakat qilish bizga halaqit qilmasligiga umid qilaman. Futbolchilar professional va bu bosimni his qilib turishibdi. Ushbu turnirga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik va umid qilamanki, unda yaxshi ishtirok etamiz”.

Hamad Al Azani (Ummon olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi): “Ushbu turnir biz uchun katta sinov va imtihon deyish mumkin. Ummonda yaxshi avlod futbolchilari yetishib chiqmoqda. Ular ushbu turnirga yaxshi kayfiyatda va yaxshi natija ko‘rsatish uchun tashrif buyurishgan. Avvalroq, Fors Ko‘rfazi Kubogida g‘alaba qozondik. Ushbu turnirda ishtirok etgan 20 nafar futbolchi Xitoydagi turnirda ham ishtirok etadi. Futbolchilar juda yosh va shijoatli. Umid qilamanki, turnirda yaxshi natija ko‘rsatamiz”.

Feliks Sanches (Qatar olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi): “Juda kuchli guruhda o‘ynaymiz. Guruhdagi barcha raqiblar kuchli va ajoyib tarkibga ega. Avvalgi musobaqada ishtirok etgan o‘n nafar futbolchi bu musobaqada ham o‘ynaydi. Tarkibimizda deyarli muammo yo‘q. Musobaqada yaxshi ishtirok etishga umid qilamiz. Ushbu turnir juda qiziqarli va murosasiz tarzda kechadi deb o‘ylayman. Guruhdagi raqiblar kuchli va ularga qarshi munosib o‘ynashga harakat qilamiz”.

Manba: www.the-uff.com

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: "Musobaqaga eng kuchli terma jamoalar jamlangan"