10:30 / 17.01.2018
3 597

Ummon bag‘riga berkingan javob

Ummon bag‘riga berkingan javob
«Men Seni sevaman, O‘zbekiston!» Ummon ortidagi ulkan shaharda barchani hayratga solib, g‘olibona viqor bilan shunday hayqirish - Amir Temur avlodlariga xos buyuk shijoat hamisha barhayot ekanligidan dalolat.

Shohjahon Ergashev zarbalarining qudratli shamolidan amerikalik bokschi Sonni Fredrikson muvozanatni butkul yo‘qotdi.

Shohjahon o‘zbekning boshida do‘ppisi bor o‘g‘loni nimalarga qodirligini butun dunyoga namoyish qildi. Boshqacha aytganda, o‘zbek to‘nining tafti va tarovati bois, yengilmas bokschimizning jismu jonida jangovar jahl uyg‘ondi.

«Oh, o, farg‘onacha jangari jahlingdan, zavqbaxsh zarbangdan!» - dedik uning samimiy yuzlariga, beg‘ubor ko‘zlariga boqib. O‘zbekning imzosini milliy liboslar va shu liboslarga yarashadigan mag‘rurlik bilan ifodalash - xalqimiz intizor kutgan favqulodda hodisa.

Shu ma’noda aytsak, Shohjahon - erkin yosh avlodning yorqin timsoli! Aynan shu jang nuqtai nazaridan u «Nima bizga Amerika?» qabilida xitob qilishga haqli.

Raqibdan cho‘chimaslik, o‘z kuchiga ishonish, jang o‘tadigan muhitda erkin harakatlanish - Shohjahon muxlislarini shodlantirgan ilhombaxsh omillar.

Xo‘sh, futbol mavzusida mulohaza yoza turib, nima uchun bugunning qahramoniga aylangan bokschimiz g‘alabasiga alohida to‘xtaldik? Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bor. Bilasiz, darhaqiqat, yurtimiz iste’dodlarga boy. Shu jumladan, millionlar o‘yini bobida.

Ha, futbolchilarimiz ham aslida Shohjahon kabi ishonchli va yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritib, muxlislar olqishlariga sazovor bo‘lishni, ayni chog‘da ularni xursand qilishni istashadi. Afsuski, istak hamon istakligicha qolib ketmoqda. Boshqacha ifoda etsak, O‘zbekiston futboli hozircha xalqaro maydonda o‘zini erkin his qilolmayapti.

Mazkur mulohazalar o‘tgan yakshanba oqshomida yozildi va shu asnoda Xitoyda davom etayotgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati guruh bosqichi 3-tur uchrashuvlari natijalari xususida o‘yladik. Zero, vakillarimiz o‘rin olgan kvartetda vaziyat ancha chigallashgan va bu to‘g‘rida o‘ylamaslikning iloji yo‘q edi.

Muxlislarimiz ushbu mulohazalarni o‘qishayotganida, hammasi aniq bo‘lib ulguradi. Ammo orada 2-3 kun ular xayolidan nimalar o‘tdi? Muxlislarni qiynayotgan hisob-kitoblarni, o‘ylantirayotgan turli-tuman variantlarni murabbiylar va futbolchilar bilishadimi? To‘g‘ri topdingiz, bilishadi, albatta!

Biroq bilishning o‘zi kifoya emas, deb hisoblaymiz. Muxlislarni iztirobga solmaslik, ruhan qiynamaslikning yagona sharti - kutilgan g‘alabaga erishish. Muxlis jamoaning kuchiga ishonib, g‘alaba kutsayu, natija buning aksi bo‘lib chiqsa, futbol muhitidagi vaziyat qanday tus olishi ta’rifga muhtoj emas.

Ravshan Haydarov shogirdlari qatarlik tengdoshlaridan mag‘lubiyatga uchrashgach, shunday noxush holat kuzatildi futbol muhitimizda. Boz ustiga, ikkinchi bahsning maydon egalariga qarshi kechishi vaziyatni battar mavhumlashtirgandi.

Nazarimizda, vaziyat qaltisligini islohotlarga astoydil bel bog‘lagan O‘FF ma’muriyati ham chuqur his qilgan ko‘rinadi. Aks holda, yosh futbolchilarimiz maydon egalarini yengishga kuch topisholmasdi. Taxmin qilish mumkinki, futbolimiz mutasaddilari murabbiylar shtabi oldida keskin talablar qo‘yishgan.

Goldan so‘ng ham bahri dili ochilmagan Ravshan Haydarovning ichidan nimalar o‘tgani faqat o‘ziga ayon. Bu masalada tashqi taassurot bilan cheklanamiz. Xayriyatki, yigitlar maydon egalarini yengishdi. Agar natija biz uchun manfiy ko‘rinish olganida, muxlislar qalbida uchqunlanayotgan umid butkul so‘nardi.

Avvaldan aytish mumkinki, shu ruhdagi yakuniy holat emas, balki aynan g‘alaba muxlislardagi ishonchni bir maromda ushlab turadi. Iste’dod ko‘lami va darajasiga ko‘ra, yosh futbolchilarimiz raqiblaridan kam emaslar aslo. Deylik, ular qatarlik tengdoshlarini bemalol yengishlari mumkin edi. Biz durangni hattoki, eslamayapmiz. Lekin alamli mag‘lubiyat yana taqdirda bor ekan, chidadik va 2-turdagi qiyin g‘alaba!

Savol tug‘iladi: qachonki vaziyat murakkablashib, muxlislar noroziligi ochiq-oshkor izhor qilingachgina harakatga tushmasdan avvalroq, ya’ni 1-turdayoq g‘alaba haqida o‘ylash iloji yo‘qmidi? Bor edi! Vakillarimiz g‘alaba qozonishni o‘ylashganiga ham ishonchimiz komil.

Xo‘sh, shu niyat nima sababdan amalga oshmadi? Bizni to‘g‘ri tushuning, «Real»ning o‘z maydonida «Vilyarreal»ga yutqazishi o‘z yo‘liga. Shu mag‘lubiyat bois, «Real» yoki Zayniddin Zidanning buyukligiga aslo soya tushmaydi. Buyuklik bir tin oladiyu, yo‘lida davom etaveradi.

Bizning futbolimiz esa kutilmagan mag‘lubiyatlarni ko‘tarmaydi. Chunki sohada hali katta va ravon yo‘lga chiqmaganmiz. Biroz mas’uliyatsizlik yoki o‘zbilarmonlik balki «Real»ga yarashar. Har holda, klubning oltin tarixi shunga munosib. Vakillarimizga esa g‘alaba qozonish shart sanalgan uchrashuvda raqibga yutqazish uchun hech qanday izn berilmaydi.

Ular har bir uchrashuvda olov misoli, «Liverpul» triosi kabi yonib to‘p surishlari shart. Shohjahon 12-jangining 3-raundida amerikalik bokschini qanday do‘pposlagan bo‘lsa, futbolchilarimiz ham raqiblar darvozasiga shunday maroq va mahorat bilan gollar urishlari kerak.

Yana takrorlaymiz, mazkur maqola 3-turdan avval yozildi va natijadan qat’iy nazar, aytamizki, yoshlar termasi o‘yin taktikasi va hujum chizig‘ida muammolar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Zabihillo O‘rinboyev va boshqalar qancha-qancha golli vaziyatlarni ko‘kka sovurishdi?!

Doniyor Narzullayevning Dani Alvesh, Marselo yoki Kevin de Bryuyne kabi butun maydon bo‘ylab oldinga tashlanishlari necha bor zoye ketdi?! Nima uchun? Ayb kimda? Futbolchidami? Aslo! U murabbiy ko‘rsatmalariga muvofiq to‘p suradi. Qaysi bir ma’noda murabbiyning tafakkuri futbolchining taqdirini belgilaydi.

Goho shunisiga achinasan kishi. Samvel Babayan ajoyib futbolchilarimizni aro yo‘lda qoldirib ketganini unutish qiyin. Bugun Odil Ahmedov kabi to‘p surishga intilayotgan Odil Hamrobekov va uning tengdoshlarini kelajakda qanday taqdir kutmoqda?

Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining dastlabki bahslari ko‘rsatdiki, futbolimiz kelajagi ayni ulkan savolga jo‘yali javob topish bilan chambarchas bog‘liq. Bizni bugun natija emas, balki ummon bag‘ridagi shu savolning javobi ko‘proq qiziqtirmoqda.
Muhammad Vali

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ummon bag‘riga berkingan javob