20:47 / 24.01.2018
5 871

Superliga-2018 ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi

Суперлига-2018 иштирокчилари маълум бўлди
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati — Oliy liga musobaqasi yangi mavsumdan boshlab “O‘zbekiston Superligasi”, Birinchi liga esa “O‘zbekiston PRO-ligasi” deb nomlanishi avval ma’lum qilingandi. Belgilanganidek, O‘zbekiston Superligasida jami 12 ta Pro-ligada esa 16 ta jamoa ishtirok etadi.

O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan Superliga hamda Pro-ligada ishtirok etuvchi futbol klublar oldiga litsenziyalash bo‘yicha ma’lum talablar qo‘yilgan bo‘lib, ushbu talablarni bajargan klublar yangi mavsumda Superligada ishtirok etishi haqida hududiy futbol federatsiyalariga rasman yetkazilgandi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston futbol federatsiyasi hamda Professional futbol ligasi tomonidan mazkur talablarni bajarilishi holatini o‘rganish yuzasidan Ishchi guruh tashkil etilib, 2017 yilning noyabr oyi oxiridan boshlab bugungi kungacha futbol klublari hamda uning infratuzilmasi o‘rnatilgan tartibda 3 marta o‘rganildi va tekshiruvdan o‘tdi. Tekshiruv jarayonida asosiy e’tibor futbol klublarining stadionlari holati, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar, ayollar va mini-futbol jamoalarining infratuzilmasi, futbol bazalaridagi umumiy holatga qaratildi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan futbol klublari rahbariyati, hududiy futbol federatsiyasi prezidentlariga rasmiy xat yo‘llandi. Shundan so‘ng o‘tkazilgan takroriy o‘rganishlar jarayonida Quvaysoyning “Sementchi” hamda Muborakning “Mash’al” klublari tomonidan Superligada ishtirok etuvchi futbol klublari oldiga qo‘yilgan talablar to‘liq bajarilmagani, mavjud muammo va kamchiliklar bartaraf etilmagani aniqlandi. Bunga ko‘ra, “Sementchi” futbol klubining o‘quv mashg‘ulot bazasi, yotoqxonasi ta’mirtalab ekanligi, shuningdek futbol klubi o‘zining futbol maktabiga ega emasligi, futbol klubining ayollar jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadion yangi mavsumga tayyor emasligi aniqlandi.

Shuningdek, “Mash’al” futbol klubining stadioni ham yangi mavsumga umuman tayyor emasligi, futbol klubining o‘quv-mashg‘ulotlar bazasi umuman talabga javob bermasligi, futbol klubi mini futbol jamoasi infratuzilmasi yangi mavsumga tayyor emasligi, futbol klubining ayollar jamoasi uchun hududda umuman sharoit mavjud emasligi, futbol klubining futbol maktabi achinarli ahvoldaligi ma’lum bo‘ldi.

Qashdaryo viloyatining bosh jamoasi “Nasaf” hisoblanib, viloyatning aksariyat muxlislari aynan “Nasaf”ga muxlislik qilishlari hech kimga sir emas.

Ularning o‘rniga garchi chempionatni quyi pog‘onada yakunlagan bo‘lsa ham, litsenziyalash bo‘yicha talablarga javob beradigan Farg‘onaning "Neftchi" hamda Jizzaxning "So‘g‘diyona" klublari Superliga-2018 ishtirokchilari qatoriga qo‘shildi. Mazkur futbol klublarining Superligada ishtirok etish uchun belgilangan talablarni yetarlicha bajarganligi inobatga olindi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi Ishchi guruhi a’zolarining yakuniy xulosasi asosida O‘zbekiston futbol federatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasi Byurosining 24 yanvardagi 4-sonli Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2018 yilgi mavsumda Superligada ishtirok etuvchi futbol klublari qo‘yidagi tarkibda tasdiqlandi:

1. “Lokomotiv”
2. “Nasaf”
3. “Bunyodkor”
4. “Paxtakor”
5. “Navbahor”
6. “Buxoro”
7. “Qo‘qon-1912”
8. “Olmaliq”
9. “Metallurg”
10. “Qizilqum”
11. “So‘g‘diyona”
12. “Neftchi”

O‘zbekiston futbol federatsiyasining asosiy maqsadi Superliga hamda Pro-liga klublari saviyasi o‘rtasidagi farqni maksimal tarzda kamaytirish, milliy chempionat bahslarida faqat zamonaviy talablarga javob beradigan, raqobatbardosh bo‘lgan futbol klublarining ishtirokini ta’minlashdan iborat.

Manba: the-uff.com

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga-2018 ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi