06:04 / 19.02.2018
3 503

Ikki o‘yin – bir falsafa

Ikki o‘yin – bir falsafa
Falsafani xush ko‘ruvchilar uchun Osiyo Chempionlar Ligasining guruh bosqichidagi ilk uchrashuvlarda anchayin bir hikmat bor.

«Lokomotiv» o‘z maydonida «Al-Vahda» ustidan qozongan yirik hisobdagi g‘alaba bizga qanchalik surur baxsh etgan bo‘lsa, «Nasaf» safarda «Persepolis»­dan uchragan mag‘lubiyat shunchalik alamli bo‘ldi.

Bu natijalardan chiqariladigan xulosa esa faqat bitta - o‘zbek futboli «Lokomotiv»­ning g‘alabasidan so‘ng qanchalik chandon-chandon rivojlanib ketmagan bo‘lsa, «Nasaf»ning mag‘lubiyatidan shunchalik inqirozga botib qolgani yo‘q.

Ikkisi ham bir o‘yinda qo‘lga kiritilgan turlicha natija xolos. Aslini olsangiz, ikkisida ham mutlaqo boshqacha natija qayd etilishi hech gap emas edi.

«LOKOMOTIV»

«Temiryo‘lchilar» mavsumni shu qadar yorqin boshlashdi-ki, bunday bo‘lishini hatto eng optimist muxlis ham aytib berishi qiyin edi. «Al-Vahda» aniq-ki Chempionlar Ligasidagi eng oson raqib emas.

Ammo «Lokomotiv» uni shu qadar chiroyli uslubda tor-mor keltirdi-ki, o‘sha kuni TTZ mavzeiga yig‘ilgan barcha muxlis xush kayfiyatda uyga qaytgani aniq. Ammo bu g‘alabadan so‘ng «Lokomotiv» OChLning favoritlari safiga qo‘shildimi? Shubha qilamiz. Bunga sabab nimada ekanini ham aytib o‘tishimiz mumkin.

Birinchidan, shu kuni «temiryo‘lchilar»ning hamma gollari ham muhim o‘ylangan va puxta tashkil etilgan kombanitsiyadan so‘ng kiritilgani yo‘q.

Masalan, Ikrom Aliboyevning goli haqida soatlab gaplashish mumkin va hatto afsonaviy Devid Bekxem urgan gollarga o‘xshatishga ham hech kim mone’lik bildirmaydi. Ammo bu golda omadning ham o‘rni katta bo‘lganini inkor eta olmaymiz.

Aslini olsangiz, aynan mana shu omadli gol uchrashuvning burilish pallasi bo‘ldi. Agar Ikrom biroz mo‘ljalda adashganda va «Al-Vahda»ning xavfli zarbalaridan birini Ignatiy Nesterov qaytarishning uddasidan chiqmaganda hisob ham, o‘yin ham mutlaqo boshqacha ko‘rinish kasb etishi hech gap emas edi.

Albatta, biz bu bilan «Lokomotiv»­ning ishonchli g‘alabasini shubha ostiga qo‘yishni istamaymiz. «Temiryo‘l­chilar» haqli g‘alabaga erishdilar va balki Ikrom Aliboyev o‘sha mo‘’jizaviy golini urmaganda ham uch ochkoni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan bo‘lardi.

Shunchaki, hisob bu qadar yirik ko‘rinish olmagan bo‘lardi, tamom, vassalom. Bunga hech qanday e’tiroz yo‘q. Ammo shu bilan birga hozirdanoq «Lokomotiv»ni musobaqa favoritlari safiga qo‘shib qo‘ymasliklarini ham istagan bo‘lardikki, hali guruhning beshta uchrashuvi oldinda kutib turibdi.

Aksincha, «temiryo‘lchilar» murabbiylar shtabi «Al-Vahda»ga qarshi kechgan o‘yindan xulosa chiqarib, himoyadagi muammolarni hal qilish yo‘llarini qidirsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Zero, Ignatiy Nesterov har doim ham jamoasini muqarrar gollardan qutqara olmay qolishi mumkin...

NASAF

Qarshining «Nasaf» klubi Osiyo Chempionlar Ligasini «Persepolis»dan uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyat bilan boshlagandan so‘ng jamoa sha’niga aytilmagan tanqid qolmagandir. Ular orasida kurakda turmaydiganlari ham uchrasa, aslo ajablanmang.

Chunki, muxlis zoti o‘zi shunaqa, salgina muvaffaqiyatdan tog‘lar qadar ruhlanib, bittagina mag‘lubiyatdan so‘ng tushkunlik botqog‘iga botib qolishi hech gap emas.

«Nasaf»ning misolida keltiradigan bo‘lsak, qarshiliklar guruhdan chiqa olmay qolib ketishiga ishonadiganlar hozirdanoq topilmoqda. Ammo guruh bahslari endi boshlanmoqda! Hali kurashish kerak, jo‘ralar, kurashish...

Albatta, har bir mag‘lubiyatning o‘z sabablari bo‘ladi. Mana shu sabablarni qidirar ekanmiz, raqib ayni vaqtda Eron chempionatida yaqqol peshqadam bo‘lib borayotgani va O‘zbekiston birinchiligida hali mavsum boshlanmaganini ro‘kach qilishimiz mumkin.

Shuningdek, «Persepolis» tarkibida Eron milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilar yetarli ekani ham e’tiborni tortadi. Ammo eslab qoling, agar «Nasaf» javob o‘yinida mana shunday raqibga munosib javob qaytarib, mag‘lubiyatga uchratsa, aslo ajablanmang.

Nima uchun? Chunki, qarshiliklarning Erondagi yirik mag‘lubiyatining asl sababi raqib emas, balki o‘z tarkibidadir...

Gap shundaki, hozirgi «Nasaf»ning asosini 21, 22 va 23 yoshli futbolchilardan iborat tarkib hosil qiladi. Uzoqqa bormaylik, mana shu «Persepolis»ga qarshi kechgan o‘yin tarkibini ko‘rib chiqaylik.

Aziz G‘aniyev, Sharof Muhitdinov, Odilbek Hamrobekov, Doniyor Narzullayev, Bobir Abduholiqov, Islom Kenjaboyev - ularning bari ko‘p umidli, ammo o‘sha umidlarning barchasi kelajakka bog‘langan futbolchilar. Bu bilan ularni aslo oqlamoqchi emasmiz va tajribasizlikni ham bahona o‘laroq keltirishni istamaymiz.

«Nasaf»ning mag‘lubiyatida bu futbolchilarning ham aybi bor, shubhasiz. Ammo shu bilan birga, yana bir faktni ham unutmaslikni so‘rardik: yosh futbolchilarda bir qusur bo‘ladi, ular har doim ham barqaror o‘yin namoyish eta olmaydilar.

Aynan mana shu tarkib keyingi bahslarda haddan tashqari yorqin o‘yin namoyish etib yuborishi mumkin, ammo ba’zida «Persepolis» bilan bo‘lgani singari muvaffaqiyatsizlikka uchrashi hech gap emas.

Biz juda ham istayotgan barqarorlik esa yillar davomida qo‘lga kiritiladi. Shunday ekan, xuddi «Lokomotiv»ni juda ham maqtamaslikni so‘ragandek, «Nasaf»ni ham yerga urib tashlamasligingizni istagan bo‘lardik-ki, ertaga xuddi shu futbolchilar yorqin g‘alabalarga erishganda yana o‘zimiz uyalib qolmaylik...
Umar BEK

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ikki o‘yin – bir falsafa