14:38 / 19.02.2018
5 227

Temur Kapadze: "Milliy terma jamoada ustuvor vazifa - tarkibni yoshartirish"

Темур Кападзе: "Миллий терма жамоада устувор вазифа - таркибни ёшартириш"
Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Temur Kapadze vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlandi. Biz sobiq futbolchi, endilikda terma jamoa ustoziga aylangan Temur Kapadzeni Milliy olimpiya qo‘mitasiga taklif qilib, u bilan suhbat uyushtirdik. E’tiboringizga ushbu intervyuni taqdim etamiz.

-Temur, avvalo O‘zbekiston terma jamoasiga vaqtinchalik bo‘lsada bosh murabbiy etib tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Ustozlik sohasidagi ilk qadamlaringizni tashlayotganingizda sizga milliy terma jamoa boshqaruvining ishonib topshirishi, siz uchun murabbiylik mahoratingiz, qolaversa futbolchilik faoliyatingizda orttirgan tajribalaringizni amaliyotga tadbiq etish yo‘lida katta imkoniyat bo‘ladi desak xato bo‘lmaydi. Shahsan o‘zingiz bu xabarni qanday qabul qildingiz?

-Tabrik uchun rahmat. Avvaliga qo‘ng‘iroq qilib federatsiyaga chaqirishdi. Hayron bo‘ldim. Nima uchunligini bilmay, u yerga bordim. Shundan so‘ng O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov qabuliga kirishimni aytishdi. Faqatgina Umid Mahamadjonovichni oldilariga kirganimdan so‘ng u kishidan barchasini eshitdim. O‘FA birinchi vitse-prezidenti "Terma jamoa bosh murabbiyligi uchun sizning nomzodingizni ko‘rib chiqdik. Yaqin vaqt ichida ishni boshlaysiz" degan gapni eshitdim. Avvaliga hayron qoldim. Qaysi terma jamoa? Yoshlar deb o‘yladim. U kishi esa yo‘q, milliy terma jamoa dedi. Yordamchi bo‘libmi deb so‘radim. Keyin esa Umid Ahmadjonov milliy terma jamoa bosh murabbiyligiga mening nomzodim ma’qul kelgani haqida gapirdi. Vaqtinchalik bosh murabbiylik uchun ayni paytda Superligada faoliyat ko‘rsatayotgan murabbiylardan kimnidir jalb etish noto‘g‘ri bo‘lishini, bu murabbiyga klubdagi ishida halal berishini aytdi. Shuningdek, Umid Mahammadjonovich keyinchalik chet eldan keladigan murabbiyga muhitni tanishtirib, yordam berishimni tushuntirdilar. Bu men uchun juda kutilmagan xabar bo‘ldi. Shunday ishonchga loyiq ko‘rilayotganimdan juda xursand bo‘ldim. Bu zimmamga juda katta mas’uliyat yuklashini tushunib turibman. Bosh murabbiy lavozimida qo‘limdan kelganicha harakat qilib, ishonchni oqlayman. Yigitlarni yaxshi bilaman, shu tomonlama menga biroz oson bo‘lishi mumkin. O‘ylaymanki, oldinda turgan ikkita muhim uchrashuvdan terma jamoa manfaatlari uchun maksimal darajada foydalanamiz. O‘z o‘rnida bunday yuksak ishonch uchun O‘FA rahbariyati va shahsan Umid Ahmadjonovga minnatdorchilik bildirib qolaman.

- Milliy terma jamoamiz mart oyida jahon chempionatining ikki ishtirokchisi Senegal va Marokash termalariga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Aynan mazkur bellashuvlarga terma jamoa tarkibini tanlashda eng avvalo nimalarga e’tibor qaratdingiz? Futbolchilarni qaysi prinsiplarga asoslanib yig‘inga taklif etdingiz?

-Birinchi navbatda Ravshan Haydarov bilan gaplashdim. Men tabiiyki milliy terma jamoa tarkibiga yaqindagina Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan futbolchilardan ko‘pchilikni jalb etishni va kelajakni o‘ylab mamlakatimiz bosh jamoasi asosini aynan ulardan tuzishni maqsad qilgandim. Ammo mart oyida Olimpiya terma jamoamizning ham o‘yinlari bor. Xabaringiz bor, 21 va 25 mart kunlari Olimpiya terma jamoamiz Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik doirasida Saudiya Arabistoni termasiga qarshi ikkita nazorat uchrashuvi o‘tkazadi. Shu boisdan bu tomonini ham Ravshan Akmalovich bilan kelishib, bitta hulosaga keldik. Shunday bo‘lsada to‘rt-besh nafar yosh futbolchilarni yig‘inga jalb etdik. Tarkibda legionerlarimiz ham, milliy chempionatimizda yaxshi o‘yin namoyish etayotgan futbolchilarimiz ham bor. Kengaytirilgan tarkibdan 30 nafar futbolchi joy olgan bo‘lsa, Marokashga ularning 23 nafari yo‘l oladi. Chunki, ungacha OChL, Superliga o‘yinlari bor. Kutilmagan jarohatlar bo‘lishi mumkin. Qolaversa, o‘sha paytga borib kimningdir jismoniy va funksional holatida pasayish kuzatilishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda tarkib tanlashda barcha jihat e’tiborga olindi. Safar oldidan har bir futbolchi bilan alohida gaplashib, keyin Kasablanka shahriga yo‘l olamiz.

-Tarkibga nazar tashlasak, ko‘pchilik yaqindagina siz bilan birga maydonda yelkama-yelka harakat qilgan futbolchilar ekanligi oydinlashadi. Ya’ni ularni yaxshi bilasiz. Murabbiylik esa mutlaqo o‘zgacha vazifa. So‘ramoqchi bo‘lganim endi ularni bevosita murabbiy sifatida boshqarish Siz uchun qandaydir qiyinchilik yoki noqulayliklar tug‘dirmaydimi?


-Bilasizmi, masalan terma jamoaga jalb etilgan "Lokomotiv" futbolchilarining 6-7 nafari bilan birga maydonda sardor sifatida to‘p tepganman. So‘nggi ikki yil ichida "S", "B" murabbiylik kurslariga ham o‘qidim. Maslahatchi murabbiy sifatida faoliyat olib bordim. Ular meni hurmat qilishadi. Kerakli paytda doimo o‘z maslahatlarimni ayamayman. Aytmoqchimanki, yaqindagina futbolni tugatib, murabbiylikni boshlayotganim yo‘q. Bunga ikki yil davomida ruxiy tomonlama tayyorgarlik ko‘rganman. Shuning uchun, endi bosh murabbiy sifatida ular bilan tezda til topishib keta olamiz deb o‘ylayman. Barchamizning oldimizda bitta vazifa turibdi, u ham bo‘lsa milliy terma jamoani kuchaytirib, barchasini yo‘lga qo‘yib olish. Buni yigitlarga to‘g‘ri tushuntira olaman. O‘ylaymanki, tushunmovchiliklar yuzaga kelmaydi.

-Siz e’lon qilgan tarkibda ham hayotda, ham futbol maydonida eng yaqin do‘stingiz Server Jeparovni ko‘rmadik. Bu uning terma jamoadagi futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan dalolatmi yoki boshqa sabablar ham bormi?

-Bu eng avvalo kelajak uchun qilinayotgan ish. Chunki, yoshlarimiz safida ham kuchli futbolchilar bor. Oldimizdagi ilk vazifa tarkibni yoshartirib, ularni tayyorlab borish. Osiyo o‘yinlari, qit’a chempionati, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari va albatta jahon chempionati turibdi. Kelishilgan holda tarkibga Server Jeparovni ham, Aziz Haydarovni ham chaqirmadik. Tarkib yoshartirilayotgani sabab ushbu yig‘inga ularni bekorga ovora qilib chaqirib o‘tirishni istamadim. Qolaversa futbolda avlodlar almashinuvi tabiiy holat. Buni barcha professional futbolchilar tushunishlari, to‘g‘ri qabul qilishlari lozim.

-Bu borada Serverning o‘zi qanday munosabat bildirdi?

-Unga barchasini tushuntirdim. U ham qarorni to‘g‘ri qabul qildi. Jeparov 35 yoshda. Balki, chet ellik murabbiy kelib uni yana milliy terma jamoaga chaqirar. Uni nimalarga qodir ekanligini barchamiz bilishimizni, hozir to‘p surayotgan klubidan bezovta qilmoqchi emasligimizni tushuntirdim. Uning qanday yordami tegishi mumkinligini barchamiz bilamiz. Shunchaki, hozir yoshlarning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazmoqchimiz. Shuningdek, Azizning ham imkoniyatini hamma biladi. Unga ham barchasini tushuntirdim. Ular to‘g‘ri qabul qilishdi. Chunki, bundan buyog‘iga xohlaymizmi yo‘qmi milliy terma jamoamiz asosini yoshlarimiz tashkil qiladi. Ularni hozirdan tayyorlab borsak to‘g‘ri bo‘ladi.

-Jahon chempionati ishtirokchilari hisoblangan Senegal va Marokashga qarshi kechadigan o‘yinlar bizga nima beradi?

-Albatta, bunday saviyadagi raqiblarga qarshi o‘yinlar ruhiy tomonlama, shuningdek, tajriba jihatidan katta yordam beradi. Chunki, ular oddiy jamoalar emas. Birinchi navbatda ular jahon chempionati ishtirokchilari. Shu holatning o‘ziyoq Senegal va Marokashning kuchini ko‘rsatib turibdi. Shu taraflama bu biz uchun qiziq bo‘ladi. Chunki, bunday terma jamoalarga qarshi hali o‘ynamaganmiz. Bizning ham ulardan kam joyimiz yo‘q. Bu yosh futbolchilar uchun yaxshigina tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi. O‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, O‘zbekistonni nimaga qodir ekanligini ko‘rsata olamiz degan umiddaman. Fursatdan foydalanib, milliy terma jamoaga ana shunday kuchli sparring raqiblar topib berayotgan O‘FA rahbariyatiga alohida minnatdorchilik izhor etaman.

-O‘FA birinchi vitse-prezidentining e’tirof etishicha, milliy terma jamoa uchun bosh murabbiy masalasi hal etilgan. Xorijlik kuchli mutaxassis o‘z assisentlari bilan O‘zbekistonga kelgan taqdirda ham o‘zbekistonlik mutaxassis sifatida murabbiylar shtabidan siz joy olasiz. Bu siz uchun mahorat va tajribangizni oshirib borishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Shunday emasmi?

-Albatta. To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz. Chet eldan kelgan mutaxassisga ichki muhitni his qilish, futbolchilar imkoniyatini bilish nihoyatda muhim. Buning eng to‘g‘ri yo‘li esa mahalliy mutaxassislardan birortasini unga assisent sifatida biriktirish edi. Menimcha, Umid Ahmadjonov bu tomonlama juda to‘g‘ri qarorga keldi. Bosh murabbiy kelgunga qadar jamoani yaxshi tayyorlab, keyin unga topshiraman. Shunda unga ham oson bo‘ladi. O‘zim ham qolib, uning ish tajribasini o‘rganaman. Bu men uchun ham katta maktab bo‘ladi. Murabbiy sifatida shakllanishimga, o‘sishimga imkoniyat yaratadi. Shuning uchun ham rahbariyatga rahmat aytmoqchiman.

-Faoliyatingiz davomida ko‘plab murabbiylar qo‘l ostida ishlagansiz. Bugun milliy terma jamoani boshqarishdek sharafli vazifani zimmangizga olib turibsiz. Siz bilan ishlagan qaysi murabbiylarni alohida ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardingiz?

-Bilasizmi, faoliyatim davomida bunday savollar juda ko‘p uchragan. Ish faoliyatimda kuchli murabbiylar ko‘p bo‘lgan. Ularning birini boshqasidan ajratishni esa hech qachon xohlamaganman. Har biridan nimadir olganman. Bugun ularning har biriga rahmat aytaman. Murabbiylarim hayotimda o‘ziga yarasha iz qoldirganlar. Birinchi murabbiyim otam bo‘lganlar. Keyin "Neftchi"da to‘rt yil davomida Yuriy Sarkisyan qo‘l ostida o‘ynab, katta tajriba orttirganman. "Paxtakor"da Tachmurat Agamuradov qo‘l ostida ishlaganman. Keyinchalik klubda Ravshan Haydarov, Valeriy Nepomnyashiy kabi mutaxassislar faoliyat ko‘rsatishdi. Terma jamoada esa Rauf Ineleyev, Mirjalol Qosimov, Vadim Abramov, Yurgen Gyode, Bob Xouton... Ular bilan ishlash men uchun katta tajriba bo‘lgan. Har birining o‘z uslubi bo‘lgan. Shu darajaga yetib kelishimda ularning hissasi katta.

-Dunyo futbolida o‘z terma jamoasi safida 100 tadan ortiq o‘yinda maydonga tushgan o‘yinchilar u qadar ko‘p emas. Juda kamchilikni tashkil etadi. Chunki, bunday sharaf hammaga ham nasib etavermaydi. Bu baxt sizga nasib qilgan. Mamlakat bosh jamoasi tarkibida 119 ta o‘yin o‘tkazgansiz. Server Jeparovga qadar MTJda eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekordchi ham bo‘lgansiz. Shaxsan o‘zingiz bu ko‘rsatkich bilan faxrlanasizmi?

-Albatta, har bir futbolchi bunday ko‘rsatkich bilan faxrlansa kerak. Chunki, bu milliy terma jamoa, millatning yuzi. Terma jamoadan chaqiruv olganimda juda xursand bo‘lardim. Mamlakatimizning bosh jamoasi men uchun doim birinchi o‘rinda turgan. O‘zbekiston sharafini himoya qilishni barcha istaydi. Yana bir muhim jihati 119 ta o‘yinni birgina murabbiy qo‘l ostida o‘tkazmaganman. Ushbu o‘yinlarda turli murabbiylar terma jamoani boshqarishgan. Shuni ham katta natija deb hisoblayman. Buning uchun doimo shukr qilaman. Shuncha o‘yinda milliy terma jamoa lisobini kiyganimdan faxrlanaman.

- Murabbiylar shtabini shakllantirib oldingizmi? Qaysi mutaxassislar bilan ishlashni maqsad qilgansiz.
- Ha albatta, murabbiylar shtabiga Andrey Fedorov va Petr Gizimchukni taklif etdim. Fedorovga ortiqcha ta’rif berib o‘tirishning hojati yo‘q. Uni futbolchi sifatida ham, murabbiy sifatida ham tajribasi katta va bunga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lganman. Milliy terma jamoa murabbiylar shtabida ham Andrey Fedorovning foydasi tegishiga ishonaman. Petr Gizimchuk esa darvozabonlar bilan ishlaydi. O‘zbek futboli tarixidagi eng mashhur darvozabonlardan biri sanalgan Gizimchukning tajribasidan ham foydalanishimiz kerak.

-Temur, samimiy suhbat uchun tashakkur. Futbolchi sifatida armon bo‘lib qolgan jahon chempionatiga sizga murabbiy sifatida borish nasib qilsin. Biz Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan ushbu yangi lavozim bilan tabriklaymiz. Keyingi faoliyatingizda ulkan omad va zafarlar tilab qolamiz.

-Katta rahmat. O‘z navbatida rahbariyatni va albatta muxlislarni yuzini yerga qaratmay, O‘zbekiston milliy terma jamoasining obro‘sini ko‘tarib, orzusini amalga oshirishga qo‘limdan kelganicha harakat qilaman. Fursatdan foydalanib, mamlakatimizda sport, xususan futbolni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratayotgan, sohani bevosita o‘z nazoratida ushlab turgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyovga va meni shunday sharafli lavozimga loyiq ko‘rgan O‘FA rahbariyatiga minnatorchilik izhor etaman.
Zafar Imomxo‘jayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Temur Kapadze: "Milliy terma jamoada ustuvor vazifa - tarkibni yoshartirish"