13:13 / 06.03.2018
5 570

Prezident Farmoni: O‘zbekistonga xorijiy sport brendlari jalb etiladi

Prezident Farmoni: O‘zbekistonga xorijiy sport brendlari jalb etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 5 mart kuni “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida berilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etildi.

Vazirlikning markaziy apparati tuzilmasida sport faoliyatini tashkil qilishda asoslilik, obyektivlik va shaffoflikni ta’minlashga, shu jumladan, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ajratilgan davlat moliyaviy mablag‘laridan oqilona foydalanilishini tahlil qilish, aholining sport xizmatlaridan qoniqish darajasi va sport xizmatlaridan foydalana olish shart-sharoitlarini baholash, shuningdek, korrupsiya va boshqa suiiste’molchilik holatlarini aniqlash uchun mas’ul bo‘lgan Jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasi ham tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari tuzildi.

Bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalariga bo‘ysunadigan va Jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladigan tumanlar (shaharlar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari tashkil qilindi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazini vazirlik tasarrufiga berilib, uni Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Ko‘kcha Darvoza ko‘chasi, 27-uy manzilda joylashtirish, Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida uning filiallari tashkil qilindi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti negizida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tashkil etiladi.

Shuningdek, jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarini jalb qilgan holda sport kiyimi, anjomlari va jihozlarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalar faoliyatini tashkil etish uchun poytaxt mintaqasida “Sport” erkin iqtisodiy zonasi tashkil qilinadi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish hamda ommalashtirishda, mamlakatimizning xalqaro sport maydonidagi nufuzini oshirishda alohida xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport sohasi xodimlari hamda boshqa shaxslarni taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimi” faxriy unvoni ta’sis etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Prezident Farmoni: O‘zbekistonga xorijiy sport brendlari jalb etiladi