01:46 / 04.04.2018
3 774

“Qirollik klubi” yarim final masalasini ilk o‘yindayoq hal qildi

"Қироллик клуби" ярим финал масаласини илк ўйиндаёқ ҳал қилди
Yevropa chempionlar ligasining chorak finalida “Real” va “Yuventus” o‘rtasidagi to‘qnashuvda madridliklar favorit sifatida qaralayotgan edi. Ammo Turindagi o‘yindayoq yarim final bosqichi taqdiri hal bo‘lishini ko‘pchilik kutmagandi.

Bahsning 3-daqiqasidayoq Krishtianu Ronaldu hisobni ochib, “keksa sinora” yuziga “tarsaki” tushirdi. Chap qanotda Marselo Iskoni oldinga boshladi va ispaniyalik futbolchi jarima maydonchasiga yerlatib uzatma berdi. Ronaldu himoyachilarni ortda qoldirdi va to‘pni darvozaga joyladi.

Allegri jamoasi uchrashuvni mag‘lubiyat bilan boshlashga tayyor emas edi. Mezbonlar o‘zlariga kelib olish uchun yarim taymni sarflashlariga to‘g‘ri keldi. O‘yinning 21-daqiqasida turinliklar ijrosidagi xavfli jarima to‘pini Keylor Navas katta mahorat bilan bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Oradan 15 daqiqa o‘tib ikkala jamoa bittadan xavfli vaziyat yaratishdi. Kroosning jarima maydonchasi taqsharisidan bergan zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegib, yuqoriga ko‘tarilib ketdi. Burchak to‘pi o‘yinga kiritilgan vaziyatda Kyellini qulay vaziyatdan bosh bilan aniq zarba bera olmadi.

“Yuventus” ikkinchi bo‘limni katta ishtiyoq bilan boshladi, ammo “qaymoqranglilar” ishonchli himoyalanib, raqibga imkoniyat bermadi. Aksincha, Kyellinining qo‘pol xatosi navbatdagi gol bilan yakunlandi. Himoyachi oddiy vaziyatda to‘pni Buffonga uzatishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Ronaldu to‘pga yetib olib, uni orqaroqqa yetkazdi. Vaskesning zarbasini Buffon qaytardi, ammo qaytgan to‘pga Karvaxal yetib bordi va 11 metrli nuqta ustiga uzatma berdi. Krishtianu akrobatik zarba bilan Janluidjini dog‘da qoldirdi — 0:2. Juda chiroyli gol!

Mazkur gol amalda “Yuventus”ni “sindirdi”. Boz ustiga, oradan 2 daqiqa o‘tib Dibala ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi. Bahsning 72-daqiqasida mehmonlar qisqa paslar orqali “Yuve” himoyasini yorib o‘tishdi: Marselo yakkama-yakka vaziyatda Buffon darvozasini zabt etdi.

Allegri shogirdlari o‘yinga ko‘shib berilgan daqiqalarda bitta javob to‘pini kiritishi mumkin edi. Ammo Kuadrado birga-bir vaziyatda darvozaga aniq zarba bera olmadi.

Javob bahsi 12 aprel kuni “Santyago Bernabeu”da bo‘lib o‘tadi.

YECHL, chorak final
Yuventus Italiya – Real Madrid Ispaniya 0:3 (0:1)

Gollar: 0:1 – 3 Ronaldu, 0:2 – 64 Ronaldu, 0:3 – 72 Marselo.
Yuventus – Buffon, Bardzali, Aleks Sandro, De Shilo, Kyellini, Duglas Kosta (Matyuidi, 69), Bentankur, Xedira (Kuadrado, 75), Asamoa (Mandjukich, 69), Dibala, Iguain.
Real Madrid – Navas, Varan, Marselo, Karvaxal, Ramos, Modrich (Kovachich, 82), Kazemiro, Isko (Asensio, 75), Kroos, Benzema (Vaskes, 59), Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Bentankur (26), Dibala (45), Ramos (55), Kovachich (88).
Chetlatish: Dibala (66).

Manba: stadion.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Qirollik klubi” yarim final masalasini ilk o‘yindayoq hal qildi