20:31 / 21.04.2018
2 525

«Ijaradagi g‘alaba» yoxud «Paxtakor» uchun 6 ochko naqdmi?

«Ijaradagi g‘alaba» yoxud «Paxtakor» uchun 6 ochko naqdmi?
Shuncha yil o‘rganib qolganimiz Oliy liganing kushandasi bo‘lgan Superliganing 7-turi ortda qolmoqda. Bugun yana ikkita o‘yin bo‘ladi, ammo o‘sha o‘yinlar o‘tmasidanoq bir narsani ishonch bilan aytish mumkin - Superliga haqiqatan ham super chiqib qoldi. Bunaqa "kambek"larni ilgari faqat Yevropa futbolida ko‘rardik. O‘tgan turda "So‘g‘diyona" boshlab bergan ishni kecha "Buxoro" va "Navbahor" davom ettirdi. Bo‘larkaney! Toza o‘ynab ham "kambek" qilsa bo‘larkan!

Ilgari bunaqasi faqat Yevropada bor edi. O‘FF bir aylanib O‘FAga aylangandan so‘ng futbolimiz ham ancha tozalanib qoldi. Kelishilgan o‘yin va noxolis hakamlik ortda qolgani rost bo‘lsin. Bu illatlar futbolimizni rosa bo‘g‘ib qo‘ygandi. Ko‘rdik, klublar toza o‘ynasa, hakamlar jamoalar qo‘liga qaramasdan, toza ishlasa nimalar bo‘lishini. Bu tomonlama O‘FA va PFLga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Endi ulardan talab qilinadigan yana bir ish qoldi. Ijara masalasi. Ha, gap aylanib yana o‘sha "Paxtakor"ga borib taqaladi.

Superliganing 7-turida "Metallurg" o‘z maydonida "Paxtakor"ni qabul qilgani va 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchraganini aytmasam ham yaxshi bilasiz. Uchraydi ham-da! "Paxtakor"ning 5 futbolchisi "Metallurg"ga ijaraga berilgan - Zabixillo O‘rinboyev, Akbar Ismatullayev, Suhrob Nurulloyev, Abbos Otaxonov va Javohir Sohibov. Ikki o‘rtadagi kelishuvga ko‘ra ular maydonga tushmadi. Men esa bu haqida shunday deyman - undan ko‘ra o‘yinni o‘tkazmagan ma’qul edi. O‘shanda "Metallurg"ga 0:3 hisobida texnik mag‘lubiyat yozilgan bo‘lardi. Bu esa 0:5 dan ko‘ra yaxshiroq. Bir bahona topsa bo‘lardi. Chiroqni o‘chirib qo‘yishsin, tamom-vassalom...

Nomi yuqorida keltirilgan 5 futbolchi "Metallurg"ning asosi. Modomiki bu futbolchilar "Paxtakor"ga qarshi javob o‘yinida ham maydonga tushmasa, "sherlar" yana 3 ochkoni tortinmasdan o‘z hisobiga yozib qo‘yaversin. Demak, klub mavsumni +6 ochko bilan boshlagan bo‘lib chiqadi. Bu yog‘i endi har kimning o‘z vijdoniga havola. U yog‘ini so‘rasangiz, "Metallurg" dastlabki ikki davrani kuchli oltilikda yakunlay olsa, "Paxtakor" bilan bir yilda 4 marta o‘ynaydi. Hisob-kitob qayoqqa qarab ketganini tushundingiz. Ehtimoliy "plyus"lar soni 12 ochkoga borib taqaldi. Shunda ham Superligada kim chempion bo‘lishiga shubhangiz bormi?

Aslida bu amaliyotdan boshqa klublar ham foydalanadi. Ammo ularning ta’sir doirasi bu qadar keng emas. Chunki boshqa hech bir klubning bir yo‘la besh nafar asosiy futbolchisi boshqa jamoadan ijaraga olinmagan. E’tiborli tomoni, O‘rinboyev, Sohibov, Otaxonov, Ismatullayev va Nurulloyevlar faqat "Paxtakor"ga qarshi o‘ynay olmaydi. Chempionlikka da’vogar bo‘lgan boshqa jamoalarga qarshi esa bor kuchi bilan harakat qilishi turgan gap. Tarozi pallasi qay tomonga yana-da og‘ib borayotganini aytib o‘tirmaymiz.

Maqola boshida Superliganing obdon maqtovini keltirdik. Ammo "ijaradagi o‘yinlar"ga hozirdan barham berilmaydigan bo‘lsa, "Bunyodkor" va "Nasaf" ham o‘ziga "farm-klub" tayyorlab olsin. O‘shanda adolat bo‘ladi. Ammo saviya... Superliga qolib o‘zimizning oldingi "toshoynamiz" - Oliy ligani qidirib yurmasak bo‘lgani.

Ijaraga berdingmi, mard bo‘l! Aks-holda o‘n marta chempion bo‘lsang ham baribir muxlis tan olmaydi. Bir vaqtlar 35 ming muxlis bir varakayiga "Paxtakor", deya hayqirganini eshitgan odam sifatida aytaman, bu ketishda avvalgi "Paxtakor"ni qaytishiga ancha bor. Qaytsa agar...
Abdulloh


Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Ijaradagi g‘alaba» yoxud «Paxtakor» uchun 6 ochko naqdmi?