10:32 / 18.05.2018
3 821

Umid Ahmadjonov Qatar va Gollandiya bilan muzokara o‘tkazadi

Umid Ahmadjonov Qatar va Gollandiya bilan muzokara o‘tkazadi
Foto: O‘FA rasmiy sayti
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Qatar qirollik oilasining vakili, Qatar futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shayx Hamad bin Xalifa Ahmad al-Taniy taklifiga ko‘ra Doxaga jo‘nab ketdi.

U yerda Umid Ahmadjonov dunyodagi eng yaxshi futbol akademiyalaridan biri sanalgan «Aspire»ga tashrif buyuradi. Xabaringiz bor, Umid Ahmadjonov o‘tgan yilning 16 oktyabr kuni «Aspire» akademiyasiga tashrif buyurgan edi. Bu safar tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yurtimizda barpo qilinayotgan bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalariga Qatardan mutaxassislarni jalb qilishdan iborat.

Shuningdek, rejaga ko‘ra O‘FA 1-vitse-prezidenti JCh—2022 tashkiliy qo‘mitasi rahbariyati bilan ham ko‘rishib, JChga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishadi.

Qatardagi safar yakuniga yetgach, Umid Ahmadjonov Gollandiyaning Amsterdam shahriga yo‘l olishi rejalashtirilgan. U yerda dunyodagi eng kuchli akademiyalardan yana biri bo‘lgan «Ayaks» futbol klubi akademiyasini ko‘zdan kechirib, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, «Ayaks» futbol klubi rahbariyati bilan uchrashuv tashkil qiliniib, o‘zaro hamkorlik qilish, gollandiyalik mutaxassislarni yurtimizga jalb qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.

Shuningdek, Amsterdamda Gollandiya Qirolligi futbol uyushmasi prezidenti bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda o‘zbekistonlik yosh futbolchilarni Gollandiyaning kuchli klublariga jalb qilish, shu orqali futbolchilarimizning Yevropaga chiqishiga yo‘l ochish, Milliy terma jamoalarimizga Yevropa futbolida chiniqqan kuchli nomzodlarni tayyorlash masalalari muhokama qilinadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov Qatar va Gollandiya bilan muzokara o‘tkazadi