06:00 / 06.06.2018
3 119

Suhrob Berdiyev: "Namoyish qilayotgan o‘yinimdan qoniqayotganim yo‘q"

Суҳроб Бердиев: "Намойиш қилаётган ўйинимдан қониқаётганим йўқ"
PEPSI Superliga 15-turi doirasida “Qo‘qon-1912” jamoasi Namanganda “Navbahor” mehmoni bo‘ladi. “Vodiy derbisi” maqomi ostida o‘tadigan o‘yin oldidan qo‘qonliklar yetakchilaridan biri Suhrob Berdiyev PFL rasmiy saytiga o‘yinoldi tayyorgarlik jarayoni qanday o‘tayotgani haqida gapirib berdi.

“Bu yil chempionatimiz avvalgilaridan ancha o‘zgacha tarzda o‘tyapti. PEPSI Superliga ham tashkiliy, ham o‘yin borasida Oliy ligadan farq qilishini barchamiz ko‘rib turibmiz. Endilikda barcha uchrashuvlar shiddatli tarzda kechyapti. Jamoalar har bir ochko uchun juda qizg‘in kurash olib borishyapti. Bu esa milliy chempionatimiz saviyasi o‘sayotganidan dalolat, deb bilaman. O‘FA hamda PFL o‘zbek futboli saviyasini oshirish, yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish uchun ancha samarali ish olib borayotgani barchamizni xursand qilyapti. Yaqin vaqt ichida hozir qilinayotgan mehnatlar o‘z samarasini beradi, deb o‘ylayman”, - deya so‘z boshladi mahoratli yarim himoyachi.

“Ayniqsa, stadionlarimizga muxlislar tashrifi oshgani, ishqibozlarning futbolga e’tibori ijobiy tomonga o‘zgarayotgani quvonarli. “Qo‘qon-1912” jamoasi ham o‘zining ko‘psonli ashaddiy ishqibozlarini imkon qadar yaxshi o‘yin namoyish etib, ularni g‘alabalar bilan xursand qilishga urinyapti. Hozir har bir tur o‘yiniga o‘zgacha tarzda tayyorgarlik ko‘rish talab etilyapti. Masalan, kelasi turda “Navbahor” bilan bahs yuritamiz. Raqib jamoa ham bu yil ancha yaxshi o‘ynayapti. Ularga qarshi o‘yin oson o‘tmasligi tayin. Shu boisdan bizning jamoamiz ham o‘yinga yaxshi hozirlik olib borishga urinyapti. Nasib etsa, “Vodiy derbisi”da o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatib, muxlislarimizga ajoyib g‘alaba taqdim etishga urinamiz.”

“Shaxsan o‘zim hozircha namoyish etayotgan o‘yinimdan qoniqayotganim yo‘q. Futbolchi muntazam ravishda o‘z o‘yinini yaxshilab, o‘z mahorati ustida ishlagani yaxshi, deb o‘ylayman. Mashg‘ulotlarda astoydil mehnat qilib, mas’uliyatli uchrashuvlarda jamoam g‘alabalariga o‘zimning munosib xissamni qo‘shishga harakat qilaman”, - dedi Suhrob Berdiyev.

Manba: www.pfl.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Suhrob Berdiyev: "Namoyish qilayotgan o‘yinimdan qoniqayotganim yo‘q"