19:52 / 23.06.2018
2 822

Oliver Kan: "Bu Jahon chempionati kutilmagan natijalarga boy bo‘ladi"

Оливер Кан: "Бу Жаҳон чемпионати кутилмаган натижаларга бой бўлади"
Jahon chempionati o‘tayotgan shaharlarda dunyo futbolidagi u yoki bu shaxslarni uchratib turish mumkin. Moskva mehmonxonalarining birida Germaniya futboli afsonasi, to‘rt karra Jahon va Yevropaning eng yaxshi darvozaboni bo‘lgan afsonaviy Oliver Kan bilan ko‘rishib qoldim.

Bu yerda birga o‘qigan kursdoshlarim bilan JCh-2018 o‘yinlarining kafe-barlarda kuzatayotgan bir paytimda aniqrog‘i, "Four Season" mehmonxonasining barida nemis afsonasi bilan gaplashdim. U bilan Kiyevda ham YeChL finalida uchrashgandik.

- Oliver, ishlaringiz yaxshimi? YeChL finali kuni Kiyevda ko‘rishgandik, endi bu yerda ekanda? TV ekspertimisiz bu safar ham?
- Salom, hormang! Ha, bu yerda ham TV kanallariga ekspertlik qilishga bel bog‘laganman. Germaniyadagi yirik nashrlarga o‘z qarashlarimni bildiryapman. Bilimlarim bilan o‘rtoqlashyapman.

- Meni eslamasangiz kerak. Men siz bilan 2000 yilda Moskvada ko‘rishgandim va o‘shanda sizdan katta intervyu olgandim?
- Yo‘g‘e qachon?

- Chempionlar ligasining 2000/2001 mavsumida siz Moskvaga kelgandingiz. "Spartak" jamoasi Myunxenning "Bavariya" klubi bilan o‘ynab 3:0 hisobida yutqazgandi. Men sizdan intervyu olgandim.
- (biroz o‘ylanib) E, qoyil... Esingizdami? Qancha vaqt o‘tibdi-ya... U paytlarda yosh edik-ku?!

- Ha, taqdir taqozosi bilan yana ko‘rishdik. Bu safar Jahon chempionatida. Ko‘pchilik Germaniyaning favorit deyotgandi, Meksikaga qarshi o‘yinda nima bo‘ldi termangizga?

- Endi nima desaam ekan, hamisha ideal tarzda o‘ynab bo‘lmaydi. Yigitlarga jipslashish yetishmadi, shekilli. Germaniya termasi doimo shunaqa tartibsiz o‘yini bilan muammolarni orttirib yuradi. Meksika bilan ham shunday bo‘ldi. Biz vaziyatni qo‘ldan boy bersak dovdirashni boshlaymiz. Xedira yaxshi o‘yin o‘tkazmadi. To‘g‘ri, buning uchun Draksler va Myullerlarni aytish kerak. Ular Samini to‘p bilan ta’minlashlari kerak edi.

- To‘rt yil avvalgi terma bilan hozirgisini taqqoslay olasizmi?
- Braziliyada tarkib kuchli edi. Hozir Filipp Lam, Bastian Shvaynshtayger kabi futbolchilar yo‘q. Leroy Saneni ham olishmadi. Bilmadim, buyog‘i qanday bo‘larkan? Har holda yarim finalgacha borishlari shart.

- Savolim Mark-Andre ter Shtegen haqida. Yoaxim Lyov asosiy darvozabon deb Noyerni tanladi. Sizningcha asosiyga kim munosibroq edi?
- Avval ham aytganman hozir ham aytaman, men uchun JCh-2018ning eng yaxshi darvozaboni aynan Mark-Andre. Nega uni asosiyga kiritmaganini tushunmadim.

- Shvetsiyaga qarshi o‘yinda Germaniya qanday o‘ynaydi va futbolchilar nima qilishlari kerak?

- Faqat yutish shart. Aks holda bo‘lmaydi. Futbolchilar o‘z o‘yinlarini qilishsin bo‘ldi.

- Rossiya haqida fikringiz, tashkiliy jihatlar sizga ma’qulmi?
- Yomon emas. Menga Moskva yoqadi. Katta musobaqaalarni bemalol qabul qila oladi. Qarang, "Qizil maydon"ga futbolsiz ham bu yerlarga sayyohlar oqib kelmoqda.

- To‘g‘ri gapingiz. Mundial favoritlari sifatida kimlarni ko‘rsatgan bo‘lardingiz? Yoki ular yo‘qmi endi?
- Braziliya, Germaniya, Ispaniya va Belgiya. Agar "Azar va Ko" yaxshi o‘ynab turishsa bemalol yarim finagacha borishadi. Menimcha yana kutilmagan terma chiqib keladi va sensatsiya qilishi mumkin. Umuman olganda, men bu mundialda kutilmagan natijalar bo‘ladi, deb hisoblayman.

- Messi va Ronaldu termalarining imkoniyati-chi?
- Ular juda ko‘p jihatdan jamoadoshlariga bog‘liq. Bitta o‘yinni "tortib" olib chiqishar, qolganlari-chi? Bu qiyin masala. O‘ylaymanki, Argentina ham Portugaliya ham kuchli sakkizlikka ilinsa kerak.

- Oliver faoliyatingizni yakunlagach, shu sohada professionalroq ishlash niyat bo‘lmadimi?
- Nega endi bo‘lmas ekan. Men hozir ham o‘z kasbimdaman. Masalan, Saudiya Arabistoni darvozabonlariga o‘z maslahatlarimni berdim. Boshqa klublar va termalarda ham aynan darvozabonlar bilan ishlaydigan murabbiylarga master-klasslar qilib berishim mumkin.

- Darvozabon yarim jamoa deyishadi, siz ham shu fikrga qo‘shilasizmi? Yoki zamonaviy futbolda bu gap eskirdimi?

- Darvozabon hatto yarim jamoadan ham ko‘proq, menimcha. Agar uning kallasi ishlasa butun o‘yinni boshqarib, dirijyorlik qilishi mumkin. Rossiya termasida shunaqa yigit bor - Akinfeyev. Buffon ham shunaqa. Hozirgi futbolda faqat mahoratli posbon bo‘lishning o‘zi yetarli emas. U o‘yinga ta’sir qila olishi ham kerak.

- Suhbatingiz uchun tashakkur.
- Sog‘ bo‘ling!

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oliver Kan: "Bu Jahon chempionati kutilmagan natijalarga boy bo‘ladi"