10:58 / 25.06.2018
3 157

JCh-2018. Bugun uchinchi tur boshlanadi hamda «A» va «V» guruhlarida masala hal bo‘ladi

JCh-2018. Bugun uchinchi tur boshlanadi hamda «A» va «V» guruhlarida masala hal bo‘ladi
Kuni kecha JCh-2018 musobaqasining 2-tur uchrashuvlari o‘z nihoyasiga yetdi. 64 o‘yindan iborat turnirning 32ta uchrashuvi ortda qoldi va yana shuncha o‘yin bizni oldinda kutib turibdi. Bugun esa so‘nggi 3-tur start oladi, “A” va “V” guruhlarida pley-off masalasi hal bo‘ladi.

JCh-2018
A guruhi, 3-tur

Urugvay – Rossiya

25 iyun, 19:00, “Samara Arena”

Pley-off masalasini 2-turdan so‘ng hal qilib ulgurgan bu ikki terma jamoa bugun guruh peshqadami nomini aniqlab beradilar. Uchrashuvda Rossiyani durang natija ham qoniqtiradi, Urugvay esa faqat g‘alaba uchun maydonga chiqishi aniq.

Urugvay 1-turda Misr terma jamoasiga qarshi juda qiyin o‘yin o‘tkazdi va faqat so‘nggi daqiqalardagi gol evaziga g‘alabani ilib ketdi. Ikkinchi turda esa Saudiya Arabistonini minimal hisobda taslim etdi. Rossiya esa aksincha, mezbonlar ochilish bahsida saudiyaliklarni yirik hisobda taslim qildilar. Ikkinchi o‘yinda esa Muhammad Saloh boshchiligidagi Misr qiyinchiliksiz mag‘lub etildi.

Ushbu terma jamoalar shu kunga qadar bir marta o‘zaro to‘qnash kelganlar. 2012 yilda o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida 1:1 hisobidagi durang qayd etilgan. Urugvay termasi ketma-ket beshta o‘yindan buyon faqat g‘alabani qo‘lga kiritmoqda. Rossiya esa so‘nggi to‘rtta bahsda o‘z darvozasidan bittadan ortiq to‘p o‘tkazib yubormadi.

JCh-2018
A guruhi, 3-tur

Saudiya Arabistoni – Misr

25 iyun, 19:00, “Volgograd Arena”

Ushbu ikki arab mamlakati Rossiya va Urugvayga raqobatchi bo‘lolmadilar, hamda keyingi bosqichga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashni muddatidan oldin to‘xtatdilar. Bugungi o‘yin esa faqat muxlislar uchun bo‘ladi va yupanch vazifasini o‘tasa ajab emas.

Saralash bahslarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan Saudiya Arabistoni Rossiya maydonlarida yaqqol autsayderga aylanib qoldi. “Saxro burgutlari” jahon chempionatlarida ketma-ket 12 uchrashuvdan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqdalar va bugun ushbu qora an’anani buzishga harakat qiladilar.

28 yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionatiga chiqqan Misr termasi hali ushbu turnirda g‘alabaga erisha olmagan. Ularning eng yaxshi natijalari JCh-1990 musobaqasida qayd etilgan, o‘shanda “fir’avnlar” Gollandiya bilan 1:1 o‘ynashgandi.

Ushbu terma jamoalar o‘zaro to‘rt bor to‘qnash kelgan va ularning uchtasida Misr g‘alaba qozongan. Saudiyaning mag‘lubiyatli seriyasi 5ta o‘yinga yetdi. Misr esa ketma-ket sakkiz o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda.

JCh-2018
V guruhi, 3-tur

Eron – Portugaliya

25 iyun, 23:00, “Mordoviya Arena”

Eron terma jamoasi o‘tgan mundialda bo‘lgani kabi bu safar ham favoritlarga “bosh og‘rig‘i” bo‘lishda davom etmoqda. Ushbu bahsda ikki terma jamoada ham imkoniyat bor, biroq portugallarni durang natija ham qoniqtiradi.

Ko‘pchilik tomonidan guruh autsayderi sanalgan forslar ilk bahsda Marokashni o‘z uslublarida taslim etishdi va ispanlarga qarshi ham juda yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatishdi. Eron bugun g‘alaba qozona olsa katta sensatsiya qayd etib, pley-offga yo‘l olishi mumkin.

Portugaliya terma jamoasi esa Krishtianu Ronalduning gollari evaziga o‘z o‘yinlarini qutqarib qolmoqda. Bitta futbolchidan iborat terma jamoa nomini olgan portugallar bugun mustaxkam himoya qo‘rg‘onini yorib o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.

Ushbu ikki terma jamoa o‘zaro ikki bor to‘qnash kelgan. Ularning ikkitasida ham Yevropa vakillarining qo‘llari baland kelgan. Portugaliya ketma-ket beshta o‘yindan buyon yutqazmay kelayapti va shularning uchtasida jamoa gol o‘tkazib yubormagan.

JCh-2018
V guruhi, 3-tur

Ispaniya – Marokash

25 iyun, 23:00, “Kaliningrad Arena”

Ispaniya terma jamoasi guruhdan chiqish imkoniyatlarini yo‘qotgan Marokashga qarshi o‘yin o‘tkazadi. “Qizil furiya” ushbu bahsda yaqqol favorit hisoblanayotgan bo‘lsada, Marokash avvalgi ikki o‘yinda ham g‘alabaga mos harakat qilaginini unutmaslik lozim. Ushbu bahsni o‘zbekistonlik FIFA hakami Ravshan Ermatov jamoasi boshqarib boradi.

Ispaniya hozirda muxlislar kutgan o‘yinni namoyish qila olmayapti. Ilk uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida g‘alaba qo‘ldan chiqib ketdi, Eronga qarshi o‘yinda yaqqol ustunlik qilgan bo‘lsada faqat bitta gol urishga erishdi.

Marokash ilk turni alamli mag‘lubiyat bilan boshladi, jamoa 95-daqiqada o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazib yubordi va juda katta ruhiy zarbani qabul qilib oldi. Ikkinchi turda Marokash termasi Portugaliya bilan o‘ynadi va goldan tashqari barcha statistikalarda ustunlikni qo‘lga kiritdi. Bu jamoa hozircha ushbu mundialning eng omadsiz termalaridan biri bo‘lib turibdi.

Ushbu terma jamoalar JCh-1961 musobaqasida ikki marta to‘qnash kelganlar va ikki o‘yinda ham ispanlarning qo‘li baland kelgan. Ispaniya Yevro-2016dan keyin birorta bahsda mag‘lub bo‘lmadi, ularning mag‘lubiyatsiz seriyasi 22 o‘yinga yetdi.

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » JCh-2018. Bugun uchinchi tur boshlanadi hamda «A» va «V» guruhlarida masala hal bo‘ladi