12:27 / 22.07.2018
3 238

Krishtianu Ronaldu: «Bu faoliyatimda oldinga tashlangan qadam»

Krishtianu Ronaldu: «Bu faoliyatimda oldinga tashlangan qadam»
«Real»ni tark etib, «Yuventus»ga yo‘l olgan Krishtianu Ronaldu Turin superklubi futbolchisi sifatida dastlabki matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Nima uchun «Yuventus»ni tanladingiz?

- Bu jahonning eng yaxshi klublaridan biridir. O‘ylab ko‘rib shu qarorga keldim. Do‘stlarim oldin ham shu jamoada o‘ynashim mumkinligini aytishardi. «Yuve» Italiyadagi eng kuchli klub va ajoyib murabbiyga ega.

- Sovrinlaringiz juda ko‘p. Keyingi 10-15 yilda qanday yashamoqchisiz?

- Men hozirgi holat haqida o‘ylashni ma’qul ko‘raman. Futboldan rohatlanaman va chaqiruvlarni yaxshi ko‘raman. «Sporting» - «Manchester Yunayted» - «Real» - «Yuventus» - bu orzuning o‘zginasi. Faoliyatimni endi boshlaganimda, bunchalik ko‘p sovrinlar yutishimni xayolimga ham keltirmagandim. Chaqiruvlar - hayotimning bir bo‘lagi.

- «Real»dan ketishingiz qayg‘uli bo‘ldi. Portugaliya­liklar ham shunday o‘ylashmoqda. Terma jamoada qolasizmi?

- To‘g‘risini aytsam, qayg‘uda emasman. Turindaligimning sababi - yangi chaqiruv. Bu katta klub. Boshqalarni hurmat qilgan holda shuni aytmoqchimanki, odatda, mening yoshimdagi futbolchilar Qatar yoki Xitoyga borishadi. Faoliyatimning shu davrida bunday klubga o‘tayotganimdan xursandman.

Imkoniyat yaratib bergani uchun «Yuventus»dan minnatdorman. Terma jamoa? Albatta, mamlakatim uchun ishlashda davom etaman. Ularga hech qachon orqamni o‘girmayman. Agar o‘ynash imkoniyatim bo‘lsa, bajonidil o‘ynayman.

- «Yuve»ning millionlab fanatlari bugun baxtli. Lekin «Real» muxlislari qayg‘uda. Ularga aytar gapingiz bormi?

- «Real»da 9 yilni o‘tkazish - ajoyib tarix. Lekin endi hayotimdagi yangi qadamni qo‘ydim. Barcha muxlislardan chin qalbimdan minnatdorman. Top futbolchi ekanligimni ko‘rsatishga intilaman.

Odatdagidek, mashg‘ulotlarda mehnat qilaman. Statistikam qanday ekanligini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Manchester va Madriddagi tajribadan so‘ng «Yuventus» tarixidan joy olmoqchiman.

- Chaqiruvlarni yaxshi ko‘rishingizni aytdingiz. Allegri hamisha «Italyan futbolida qiyin taktika qo‘llanadi. Ba’zan bu yerda qo‘pol o‘ynashadi», deydi. Aynan shuning uchun «Yuve»ni tanladingizmi?

- «A» seriya qiyin va taktik chempionat ekanligini bilaman. Yangi tajriba olishni yaxshi ko‘raman. Oson bo‘lmasligini tushunib turibman. Lekin butun faoliyatim davomida qiyin chaqiruvlarni izlaganman. Mehnat qilib, yangi cho‘qqilarni zabt etishni istayman.

- Ertalabdan «Yuventus» muxlislari YeChL haqida qo‘shiq kuylashmoqda. Bu ularning orzusi. O‘tgan yili shu orzu amalga oshmay qolishiga sababchi bo‘lganlardan birisiz. Muxlislar ular uchun YeChLni yutib berishingizga umid bog‘lashmoqda. Bu siz uchun muhimmi?

- Chempionlar Ligasi bosh sovrinini barcha klub yutishni istashini bilaman. Lekin biz nafaqat YeChL, balki «A» seriyasi g‘olibligi uchun ham kurashamiz. Chempionlar Ligasida qatnashish oson emas. Umid qilamanki, bu turnirda zafar quchishda yordam beraman. Hattoki, finalga chiqsangiz ham turnir g‘olibi bo‘lishingizga kafolat yo‘q.

- Faqatgina «Yuventus»dan taklif oldingizmi?

- Umuman olganda, ha.

- Yosh unchalik muhim emasligini aytdingiz. 2022 yili shartnomangiz tugaganda 37 yoshda bo‘lasiz. O‘shanda «Sporting»ga qaytasizmi?

- «Sporting» hamisha qalbimda. Lekin «Yuventus» bilan yangi marralarni zabt etmoqchiman. Bu yerga ta’til o‘tkazish uchun kelmadim.

- «Yuventus» safida yana bir marta «Oltin to‘p»ni yutish oson bo‘ladimi?

- Yana ikki yoki uchta «to‘p»ni olish haqida o‘ylamayapman. Biroq yutishni va eng yaxshi bo‘lishni istayman. Kim biladi deysiz, balki menga yana bitta «Oltin to‘p»ni berishar.

- Siz «Yuventus»ga nima berishingizni bilamiz. «Yuventus» sizga nima berishi mumkin?

- «Yuventus» menga ajoyib imkoniyat taqdim etdi. Buning uchun klubdan minnatdorman. Bu oldinga tashlangan qadam. «Yuve» katta natijalarni qo‘lga kirita oladigan klubligini ko‘rib turibman.

- Siz keldingiz, Anchelotti ham «A» seriyaga qaytdi. U bilan gaplashdingizmi?

- Yo‘q, gaplashmadim. Lekin menga u bilan ishlash yoqardi. Endi birga ishlamayapmiz. Ko‘rishib qolsak ham raqib sifatida ko‘rishamiz. U meni ko‘p marta qo‘llab-quvvatlagan. U bilan ko‘rishsam xursand bo‘laman.
JA’FARALI tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Krishtianu Ronaldu: «Bu faoliyatimda oldinga tashlangan qadam»