16:03 / 28.07.2018
3 259

AIBA prezidenti G‘ofur Rahimov Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi

AIBA prezidenti G‘ofur Rahimov Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi
Kecha, 27 iyul kuni Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti, Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (AIBA) Prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.

Martabali mehmonni Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov kutib oldi.

Uchrashuv davomida tomonlar yurtimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor va boshqa bir qator masalalar yuzasidan fikr almashishdi.

«Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, o‘zbek sportida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshiryapmiz. Sport turlarini ichiga kirib boryapmiz», – deb so‘z boshladi Umid Ahmadjonov.

Qolaversa, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘zaro hamkorlikda ish olib bormoqda. Siz ko‘p yillar davomida O‘zbekiston boks federatsiyasida rahbar sifatida faoliyat olib borgansiz. O‘zbek boksi rivojiga mehnatingiz singgan.

Rio Olimpiadasidan so‘ng farzandini boksga olib borishni istagan ota-onalar soni keskin oshdi. Nasib qilsa, boshqa sport turlarini ham shu tarzda ommaviylashtirib yubormoqchimiz. Buning uchun sizning maslahatingiz, yordamingizdan juda xursand bo‘lamiz.

«Siz AIBA rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘lgangizdan so‘ng tashkilotda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Avvallari boks ichida muttahamliklarni ko‘p kuzatganmiz. Bu haqida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Tomas Bax ham aytib o‘tgandi. Siz tashkilot tepasiga kelganingizdan so‘ng AIBA har tomonlama o‘zgara boshladi», – dedi MOQ rahbari.

O‘z navbatida G‘ofur Rahimov ham yurtimizda sportga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirib o‘tdi.

«Taklif uchun rahmat. Bilasiz, AIBA jahonda uchinchi yoki to‘rtinchi o‘rinda turuvchi sport federatsiyasi hisoblanadi. Boks butun dunyoda yaxshigina rivojlanib ketgan. Havaskorlar o‘rtasida ham, professionallar o‘rtasida ham turli musobaqalar tashkil qilib kelinmoqda. Yangi musobaqalarga asos solyapmiz. Aralash yakkakurash bo‘yicha yangi yo‘nalishni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritmoqchimiz. Unda ikki nafardan erkak va ayol o‘rtasida bahs kechadi. Bu qiziqarli sport musobakasi bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda sportga qiziqish doimo yuqori darajada bo‘lgan. O‘zbek zamini jahonga ko‘plab kuchli va yulduz sportchilarni taqdim etgan. So‘nggi ikki yilda esa sportga, yoshlar bilan ishlashga e’tibor juda oshdi. So‘nggi bir yilning o‘zida O‘zbekistonda sport sohasida, umuman jismoniy tarbiya ta’limi va Olimpiya harakatida inqilobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Albatta, bu o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarning muhim bir yo‘nalishidir.

Men xizmat safarlari bilan ko‘p mamlakatlarda bo‘laman. U yerda meni o‘zbek ekanligimni bilishgach, O‘zbekistonda yuz berayotgan katta o‘zgarishlardan xursand ekanliklarini izhor kilib, mamlakatimiz rahbari tomonidan qisqa muddatlar ichida amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarni alohida e’tirof etishadi. Shunday paytlarda men o‘zbek ekanligimdan fahrlanib ketaman. Prezidentimiz har bir o‘zbekistonlik uchun namuna va ibrat timsolidir.

Mamlakat rahbari sportga shunday e’tibor qaratyaptimi, uning ishonchini oqlab, yangi g‘alabalar, oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish lozim», – dedi G‘ofur Rahimov.

Umid Ahmadjonov ham uning so‘zlarini tasdiqladi va mamlakatimizda sport tizimida yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida gapirib berdi.

«Biz ham sport tizimida o‘zgarishlarni amalga oshiryapmiz. Oldin terma jamoalarimizda faqatgina bir hil sportchilar yurtimiz sharafini himoya qilib kelishgan. Ularga esa o‘z vaqtida o‘rinbosar tayyorlanmagan. Masalan baydarka va kanoeda eshkak eshish haqida gapiradigan bo‘lsak faqat Vadim Menkov xalqaro musobaqalarda ishtirok etadi. Yaqinda ochiq turnir tashkil qildik va unda 18 yoshli sportchi Menkovni ortda qoldira oldi. Aytmoqchimanki, o‘sha yangi nomlarni olib chiqa olishmagan. Yana boshqa sport turlaridan ham turli seleksion musobaqalarni tashkil qilyapmiz», – dedi MOQ rahbari.

O‘z navbatida AIBA rahbari O‘zbekistonda boks rivoji uchun har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

«Ishontirib aytamanki, O‘zbekistonda boksning rivojlanishida AIBA har tomonlama yordam beradi. Bundan tashqari, o‘zbek boksi maktabi o‘z shonli tarixiga ega. Ustozlar an’anasini yosh avlod munosib davom ettirib, Tokio Olimpiadasida eng baland cho‘qqiga erishishlariga ishonchim komil.

Ko‘rsatilgan ehtirom va hurmat uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga chuqur minnatdorchiligimni izhor qilmoqchiman. Hamkorligimiz muvaffaqiyatli va istiqbolli bo‘lishiga ishonchim komil», – dedi AIBA Prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov.

Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan martabali mehmonga esdalik sovg‘asini taqdim etdi.

Manba: www.olympic.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » AIBA prezidenti G‘ofur Rahimov Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi