23:46 / 04.08.2018
3 934

Osiyo o‘yinlari 2018: O‘zbekiston Osiyoda tengsizligini isbotlay oladimi?

Osiyo o‘yinlari 2018: O‘zbekiston Osiyoda tengsizligini isbotlay oladimi?
Futbolchilarimizdan umid katta. Ular Xirosima 1994dagi natijani takrorlashlari lozim.
Bir necha kunlardan so‘ng Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlariga start beriladi. Tabiiyki, ko‘pchilik sport muxlislarining e’tibori futbolchilarimizning bo‘lajak musobaqada ishtirokiga qaratilgan. Xususan, o‘z yosh tofasida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan vakillarimizdan futbol muxlislarining umidlari katta va bo‘lajak musobaqaga bo‘ladigan e’tibor ham shunga yarasha.

Demak, biz quyida futbolchilarimizning Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki tarixiga e’tibor qaratishga qaror qildik.

Terma jamoamizning Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki Yaponiyaning Xirosima shahri mezbonligida o‘tgan musobaqadan boshlangan va aytish mumkinki, debyut omadli chiqqan. Shuningdek, turnir tarixidagi eng yaxshi natijamiz ham aynan chempionlik bo‘lib turibdi. Eng yomon natija esa 2002 yilda Janubiy Koreyaning Pusan shahri mezbonligida o‘tgan bahslarda qayd etilgan bo‘lib, o‘sha musobaqada vakillarimiz Yaponiya, Bahrayn va Falastin bilan bir guruhdan joy olgan holda, 2 ta mag‘lubiyat va 1 ta g‘alaba bilan musobaqani erta tark etishga majbur bo‘lishgandi.

Endi mavzuga batafsil yondashadigan bo‘lsak, 1994 yilda O‘zbekiston terma jamoasi Osiyoning ko‘pchilik jamoalari uchun haqiqiy “syurpriz”ga aylangan jamoa bo‘lgandi. Sobiq ittifoq tarkibidan endigina ajralib chiqqan jamoadan ko‘pchilik u darajada yuqori natija qayd etishini kutmagandi.

Xullas, vakillarimizning Osiyo o‘yinlaridagi dastlabki o‘yini o‘sha yillarda mintaqa miqyosida o‘ziga yarasha nufuzga ega bo‘lgan Saudiya Arabaistoni terma jamoasiga qarshi o‘tkazildi. “Regional Park Stadium”da o‘tgan bahs esa vakillarimizning 1:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Dastlab, 5-daqiqadayoq Sergey Lebedev hisobni ochgan bo‘lsa, keyingi daqiqalarda Igor Shkvirinning dubli va Qosimovning goliga saudiyaliklar tarkibida Hamid Al Johani yagona gol bilan javob bergandi. Musobaqani yirik g‘alaba bilan boshlagan terma jamoamiz keyingi o‘yinlarni ham ancha yuqori darajada o‘tkazdi. Xususan, guruhda Malayziyaga 5 ta Gongkongga 1 ta javobsiz gol urilgan bo‘lsa, Tailandga qarshi o‘tgan bahs 4:5 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlani va vakillarimiz guruh bosqichini 100 foizlik natija bilan yakunlab keyingi bosqichga yo‘l olishdi.

Chorak finalda esa, guruh bosqichida o‘sha paytlarda Osiyoning grandlaridan hisoblangan Xitoy va Eron terma jamoalari bilan durang natija qayd etib keying bosqich taqdirini hal qilgan Turkmaniston vakillarini 3:0 hisobida tor-mor etgan vakillarimiz yarim finalda Janubiy Koreyani 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishgandi. Xitoyga qarshi final o‘yini esa hamyurtlarimizning 4:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan edi. O‘sha o‘yinda Igor Shkvirin 2-daqiqadayoq darvozabon xatosidan unumli foydalanib hisobni ochgan bo‘lsa, keyinchalik Lebedev, Abduraimov va Maqsudovlarning gollariga chin yurti vakillari faqatgina ikkita gol bilangina javob qaytarishgandi.

1998 yilgi musobaqa esa vakillarimiz uchun ancha omadli boshlangandi. Aynan o‘sha musobaqaning saralash bosqichida hamyurtlarimiz terma jamoamiz tarixidagi eng yirik g‘alabani qayd etishgandi. Xususan, dastlabki bosqichda Quvayt va Mo‘g‘uliston vakillari bilan bir guruhdan o‘rin olgan futbolchilarimiz dastlab quvaytliklarga qarshi bahsda 3:3 hisobidagi jangovar durang qayd etishgan bo‘lsa, keyingi o‘yinda Mo‘g‘uliston darvozasiga javobsiz naq 15 (!) ta gol kiritishgandi. Ammo asosiy bosqichda Shimoliy Koreya ustidan 4:0, Hindiston ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan vakillarimiz Turkmaniston vakillariga qarshi bahsda 1:1 hisobidagi durang natija bilan keyingi bosqichga yo‘l olishdi. Biroq bu bosqichda Eron vakillari bilan to‘qnash kelgan hamyurtlarimiz o‘z darvozalaridan javobsiz 4 ta gol qabul qilib olishdi va musobaqa bilan chorak finaldayoq xayrlashishdi.

2002 yilgi musobaqalar esa yuqorida ta’kidlanganidek, vakillarimiz uchun eng omadsiz yakunlangan musobaqa bo‘lib turibdi. Aynan ushbu turnirda Yaponiya, Bahrayn va Falastin bilan bir guruhdan joy olgan hamyurtlarimiz yakunda uchinchi o‘rin bilan cheklangan holda, uyga erta qaytishga majbur bo‘lishgandi. Dastlab Bahraynga qarshi o‘yinda javobsiz 3 ta gol o‘tkazib yuborgan vakillarimiz keyingi bahsda Falastinni 2:0 hisobida mag‘lub etishgandi. Ammo guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida Bahraynni 5:2 hisobida mag‘lub etgan yaponlar darvozamizga 1 ta javobsiz gol urib, uyimiz qaysi tomonda ekanligini ko‘rsatib yuborishgandi.

2006 yilda Qatar maydonlarida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida Qatar, BAA va Iordaniya bilan bir guruhdan o‘rin olgan hamyurtlarimiz 100 foizlik natija bilan keyingi bosqich masalasini hal qilgan holda, qo‘shimcha taymlarda Iroqqa 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu bilan futbolchilarimizning Qatar maydonlaridagi missiyasi ham yakun topdi.

2010 yilda esa Guanjou mezbonligida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida futbolchilarimiz chorak finalga qadar yetib borishdi. Ammo vakillarimizning ushbu turnirdagi ishtirokini ham u qadar yorqin bo‘ldi deyishimiz biroz mushkul. Zotan, Bangladeshni 3:0 hisobida mag‘lub etgan hamyurtlarimiz Gongkongga 0:1, BAAga qarshi o‘yinda esa 0:3 hisobida imakoniyatni boy berib qo‘ygan holda, guruhda 3 o‘rinni band etgan holda, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgan edi. Chorak final oldidan Qatarni qo‘shimcha vaqtlarda 0:1 hisobida mag‘lub etgan futbolchilarimiz keyingi bosqichda Janubiy Koreyaga 3:1 hisobida imkoniyatni boy bergan holda, uyga qaytishga majbur bo‘lishgandi.

So‘nggi Osiyo o‘yinlari esa hamyurtlarimiz uchun avvalgisidan-da muvaffaqiyatsizlik bilan yakun topdi. Xususan, Bangladesh ustidan g‘alaba qozonib, Gongong va BAAga qarshi bahslarda imkoniyatni boy bergan vakillarimiz guruh bosqichida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan holda, 1/16 finalga yo‘l oldi. Ushbu bosqichda esa Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushgan futbolchilarimiz 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Yana bir e’tiborli jihati shundaki, terma jamoamizning Osiyo o‘yinlari tarixidagi yagona avtogoli ham aynan ushbu musobaqada urilgandi. Xususan, Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda hisob 1:1 bo‘lib turgan vaqtda Bobur Yo‘ldoshev 54-daqiqada darvozamizni ishg‘ol qilib qo‘ygan edi. Keyinchalik 70 daqiqada Vohid Shodiyev hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, 90+5 daqiqada Abdulaziz Al Bishi tomonidan urilgan gol, ham o‘yin taqdirini, ham vakillarimizning musobaqadagi ishtiroklari masalasini hal qilgandi.

2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida ko‘pchilik futbolchilarimizning yorqin ishtirokini kutishmoqda. Buning ham bir qator sabablari mavjud. Xususan, Xitoy maydonlarida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan vakillarimiz oldinda turgan musobaqada ham ushbu natijani qayd etishlarini kutish mumkin. Shuningdek, hamyurtlarimiz uchun qur’a natijalari ham ancha omadli kechdi. Xususan, boshqa terma jamoa vakillariga hurmat saqlagan holda aytishimiz mumkinki, guruh bosqichida Qatar terma jamoasining munosib qarshilik ko‘rsatishi mumkinligini hisobga olmaganda, vakillarimiz keyingi bosqichga 100 foizlik natija bilan chiqishlarini taxmin qilishimiz mumkin. Umuman, turnir favoritlari haqida gap ketganda, Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi terma jamoalarni sanab o‘tishimiz mumkin. Shuningdek, Indoneziyaga yo‘l oluvchi tarkibning asosiy futbolchilari milliy terma jamoa safida kuchli jamoalarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushishdi. Bu ham vakillarimizga ko‘p tomonlama ustunlik berishi tayin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oldinda bizni kutayotgan Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz Xirosima 1994da qayd etilgan natijani takrorlashlari ehtimoli yuqori. Buning uchun vakillarimiz, shunchaki, o‘z darajalarida harakat qilishsa, shuning o‘zi kifoya.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo o‘yinlari 2018: O‘zbekiston Osiyoda tengsizligini isbotlay oladimi?