Umid Ahmadjonov: Mundial ishtiyoqida “yonayotganimizni” Kuper juda yaxshi biladi

  • Sport
  • 9-08-2018, 17:43
  • 550
  • Умид Аҳмаджонов: Мундиал иштиёқида “ёнаётганимизни” Купер жуда яхши билади
    Ushbu haftaning muhim voqealardan biri shubhasiz argentinalik taniqli mutaxassis Ektor Kuperning milliy terma jamoamizga bosh murabbiy etib tayinlangani bo‘ldi. 6 avgust kuni Toshkentga yetib kelgan murabbiy darhol jahon futboli e’tiborini o‘ziga qaratdi. Chunki Kuper chindan ham taniqli, o‘z ishining ustasi bo‘lgan murabbiylardan biri.

    Ana endi O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘ziga munosib murabbiyni topdi. Futbolimiz tarixida birinchi marta mashhur mutaxassis terma jamoamizda ish boshladi. Qolaversa, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham bergan so‘zining ustidan chiqdi. Bir necha bor milliy terma jamoamizga jahon chempionatida ishlagan, taniqli murabbiy olib kelinishi haqida aytib kelayotgandi. Chindan ham Ektor Kuper Umid Muhammadjonovich ta’kidlab o‘tgan barcha ta’riflariga to‘la mos tushadi. Muxlislar esa Kuperning bosh murabbiy etib tayinlanganini quvonch bilan qarshi oldilar. Argentinalik murabbiy matbuot anjumanida bu taklif qanday paydo bo‘lgani, nima uchun terma jamoamizni boshqarishga rozi bo‘lgani, umuman shu va yana boshqa ko‘plab savollarga javob berib o‘tdi. Shu o‘rinda bizni Umid Ahmadjonovning ushbu mutaxassis haqida bildiradigan fikrlari ham qiziqtirayotgandi. Doim jurnalistlar bilan ochiq muloqotga kirishishni yoqtiradigan rahbar bir qator savollarimizga javob berdi.

    “Ektor Kuper uchun O‘zbekiston terma jamoasi oxirgi imkoniyat”

    - Umid Muhammadjonovich, Ektor Kuper varianti aslida qanday paydo bo‘lgandi?

    - Birinchi navbatda Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga o‘z minnatdorchiligimizni bildirmoqchiman. Chunki Prezidentimiz O‘zbekistonda futbolni yanada taraqqiy ettirish, uni rivojlantirish uchun jiddiy ahamiyat qaratmoqda. O‘zlari milliy terma jamoamiz uchun xorijlik, ko‘pni ko‘rgan, taniqli mutaxassis olib kelinishi haqida aytgandilar. Ushbu so‘zlaridan kelib chiqqan holda biz O‘zbekiston milliy terma jamoasiga har tomonlama mos bo‘lgan murabbiyni tanlashimiz kerak edi. Bu juda jiddiy va nozik masala hisoblanardi. Faqat muxlislarimiz bir narsani to‘g‘ri tushunishlarini istardimki, biz jahon chempionatidan oldin terma jamoamizga murabbiy olib kela olmasdik. Vaholanki, biz ko‘plab taniqli mutaxassislar bilan gaplashdik.

    Masalan, Xorvatiya termasini finalga olib chiqqan Zlatko Dalich bilan ham muzokaralar o‘tkazdik. Karlos Keyrush bilan esa o‘zim ikki marta Dubayda uchrashdim. Lekin bilasizmi, Keyrush o‘z narxini juda oshirib yubordi. Keyinchalik Ektor Kuper bilan uchrashganimdan so‘ng u menga yoqib qoldi. Ya’ni, unda insoniylik xislatlari yaxshi ekan. Biz unga taklif bilan chiqqanimizdan so‘ng darhol terma jamoamiz va futbolimiz haqida ma’lumotlarni topishga kirishdi. Ochig‘i, Kuperning taktikasi menga yoqdi. Keyrushga o‘xshaganlar esa narxini xaddan tashqari oshirib yubordi. Axir ertaga unga to‘lanadigan pullarni javobgarligi ham bor-ku, negaki, bu xalqimizning pullari. Kuper esa o‘z hayotini faqat futbolga bag‘ishlagan. Uning jahon futbolida ham o‘z o‘rni bor va obro‘si katta.

    E’tiborli tomoni shundaki, Ektor Kuper uchun O‘zbekiston terma jamoasi oxirgi imkoniyat. Agarda O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqa olmasa, ertaga hech kimga kerak bo‘lmay qoladi. U esa bunday ahvolga tushib qolishni sira xohlamaydi. Shu bois bu murabbiyning vajohati, ishtiyoqi menga yoqdi. Hammasini gaplashib, yaxshilab tushuntirganimizdan keyin terma jamoamizda ishlashga rozilik bildirdi va shundan so‘ng shartnoma tuzdik. Biz Kuper bilan o‘tirib, bafurja suhbatlashganmiz. Bizning qanchalik jahon chempionatiga chiqishimizni u juda yaxshi bilib turibdi. Ertaga o‘zim ham xalqimizning oldida uyatli bo‘lib qolishni xohlamayman. Ayrim muxlislarimiz esa tushunib tushunmay, Osiyo Kubogiga hech qancha vaqt qolmadi, bosh murabbiyni ertaroq olib kelish kerak edi, degan gaplarni aytishyapti. Ammo o‘zimni ham ish boshlaganimga endi 8-10 oy bo‘ldi. Men esa birdaniga o‘zimdan-o‘zim duch kelgan murabbiyni olib kelavermayman-ku.

    Buning uchun hammasini jiddiy o‘ylab chiqib, vaziyatni o‘rganib keyin bir qarorga kelamiz. Murabbiy olib kelish bu maynavozchilik emas. Hech kim Skolarining kuniga tushishni istamaydi. Masalan, hozirgacha Skolari sudlashib yuribdi. Biz futbolimizdagi ish tizimini professional darajaga olib chiqyapmiz. Shu boisdan terma jamoaga bosh murabbiy tayinlashda juda extiyotkor hamda aniq reja asosida ishlashimiz kerak edi. Kuperning shartnomasi ham professional darajada qilindi. Axir har to‘rt yilda jahon chempionatiga chiqmasdan murabbiy qidirib yuravermaymiz-ku. Endi xalqimizni xursand qilishimiz kerak. Yuqorida aytganimdek, Muhtaram Yurtboshimiz terma jamoamizga eng yaxshi murabbiylardan birini olib kelamiz, deya yaxshi tilaklarni bildirgan. Mana, Prezidentimizning ushbu so‘zlari o‘laroq biz terma jamoamizga ana shunday jahon futbolida o‘z obro‘siga ega bo‘lgan murabbiyni olib keldik.

    - Darvoqe, Kuper matbuot anjumanida terma jamoamizga kelishida sizning va Muhtaram Yurtboshimizning hissasi katta bo‘lganini alohida ta’kidladi. Shu haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

    - Kuper bu yerga o‘zidan-o‘zi kelib qolgani yo‘q. Bungacha u O‘zbekiston mamlakati haqida o‘rgangan, Prezidentimiz haqida eshitgan va ko‘rgan. Masalan, internetda “Yutub” tarmog‘ida hurmatli Yurtboshimizning futbolimiz haqida jonkuydirib gapirayotganlarini ko‘rishimiz mumkin. Kuper albatta Prezidentimizning so‘zlarini eshitib, bilib tahlil qilgan. Bunday kuchli mutaxassislar qayerga borayotganini juda yaxshi bilishadi. Kuper mamlakatimiz rahbarining sportga, xususan futbolga katta e’tibor qaratayotganini, uni yaxshi ko‘rishini bilib, ko‘rib turib kelyapti. Boshqa davlat rahbarlarning esa sport yoki futbol bilan ishi yo‘q. Davlat rahbarining bunday e’tiboridan keyin o‘zini hurmat qilgan murabbiy o‘sha yerga kelmaydimi? Bundan tashqari, xalqimiz futbolsevar. Bizda boshqa sport turlari alohida, futbol esa alohida bir mavzu.

    “U Keyrushga o‘xshab pulga sho‘ng‘ib ketmadi”

    - Ayting-chi, siz birinchi marotaba Ektor Kuper bilan qachon va qayerda uchrashdingiz?

    - Birinchi marta u bilan Moskvada uchrashdik. O‘shanda hammasini gaplashib olgandik. Biz shartnoma shartlarini ikir-chikirigacha kelishib oldik. Bilasizmi, uning varianti va nomzodi hammamizni qoniqtirdi. Bir gapni aytib qo‘yay: u o‘ta qimmat murabbiy emas. Kuper Keyrushga o‘xshab pulga sho‘ng‘ib ketmadi. Masalan, portugaliyalik murabbiy bizga dastlab boshqa narsa dedi, ikkinchisida esa to‘lanadigan pulni besh barobarga oshirib yubordi. Hayotda nimagadir umid qiladigan inson hech qachon hamma narsani pul bilan o‘lchamaydi. Kuperning futbolga qarashlari, xayotiy prinsiplari bizga manzur keldi. Qarang, dunyoda 210 ta mamlakat bo‘lsa, har biri jahon chempionatida qatnashishni orzu qiladi. Kuper esa bizning qanchalik mundial ishtiyoqida “yonayotganimizni” juda yaxshi bilib turibdi. U barcha mas’uliyatni bilib turib bu yerga keldi.

    - Argentinalik mutaxassis bilan muzokaralar ijobiy yakunlandi. O‘zingiz aytganingizdek, uning shartnomasi ham professional darajada tuzildi. Biz o‘z tomonimizdan unga shartlarimizni aytdik va u rozi bo‘ldi. Endi murabbiy bizga qanday talablarni qo‘ydi?

    - Albatta, u ham o‘ziga yarasha talablarni qo‘ygan. Masalan, o‘zaro kelishuv bo‘yicha belgilangan pulini vaqtida olishi, qolaversa, bu yerda unga yetarli darajada sharoitlarni yaratib beramiz. Uy-joy, mashina, umuman ishlashi uchun hammasi muhayyo etiladi. Endi bundan buyon xalqaro musobaqalar yoki boshqa o‘yinlar uchun FIFA kunlarida faqat uning o‘zi hal qiladi. O‘zingiz ham yaxshi bilasiz, Kuperning FIFAda ham hurmati baland. Biz futbol assotsiatsiyasida ish boshlab zo‘r ishlar qilyapmiz demoqchi emasman. Ammo ilgari Qirg‘iziston bilan yopiq stadionda ham o‘yin o‘tkazilgan. Bu nima degan narsa? Uyat emasmi? Futbol – bu jamoaviy o‘yin.

    “PFLdagi vaziyatni o‘rganib chiqyapman”

    - Shuningdek, sizning FIFA prezidenti Janni Infantino bilan yaqin munosabatda ekanligingizdan xabarim bor. Demoqchimanki, Ektor Kuper masalasida uning ham aloqasi bormi?

    - Ha, shunday. Futbolda Infantino men uchun ustoz. Men ish boshlaganimdan keyin bir haftadan so‘ng Shveysariyaga borib Infantino bilan ikki soat davomida o‘tirib hamma narsani gaplashib olgandik. Bundan tashqari, yana ko‘plab tadbirlarda birga bo‘ldik. Qolaversa, kuchli terma jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazishda ham o‘zi bosh-qosh bo‘lyapti. Albatta, uning maslahatiga ham quloq soldik. Oxirida 5-6 ta nomzod qolganida Infantino menga “Umid, mana shu murabbiy sening istaklaringni ro‘yobga chiqarib beradi”, dedi. Chunki men ham buning uchun javobgarman.

    - O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ish boshlagan ilk kuningizdanoq asosiy maqsad va orzumiz milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqish ekanligi haqida aytgandingiz. Endi esa ana shu maqsad hamda istaklarimizni amalga oshirish uchun Ektor Kuper olib kelindi...

    - Ha, bizning maqsadlarimizni to‘g‘ri tushunayotganingiz uchun rahmat. Biroq ayrim jurnalistlar buni noto‘g‘ri talqin qilishyapti. Shunchaki, vaziyatga to‘g‘ri baho berishlarini istardim. Biz jahon chempionatida ishlagan, tajribali murabbiyni olib kelamiz deb aytganmiz. Endi o‘zingiz o‘ylang-chi, mundialdan oldin qaysi murabbiy o‘z termasini tashlab keladi?

    - Umid Muhammadjonovich, yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchi edim. PFL o‘zi ishlab chiqqan reglamentga yana o‘zgartirishlar kiritish haqida o‘ylamoqda. Aniqrog‘i, “oltin ochkolar” qoidasini bekor qilmoqchi. Bunday o‘zgarishga qo‘l urishi mumkinligi haqidagi xabardan keyin PFL jiddiy tanqid ostida qoldi. Hozirgi futbolimizda to‘g‘ri yo‘nalishni tanlab, hammamiz bir maqsad yo‘lida birlashayotgan bir paytda PFLning bu tarzda o‘zi ishlab chiqqan reglamentni yana buzishga urinayotgani esa o‘z navbatida sizga ham tanqidlarni yo‘naltirmay qolmaydi. Aynan shu masalaga sizning munosabatingiz kerak.

    - Hozirda men bu masalani o‘rganib chiqyapman. Hayronman, bu qayerdan kelib chiqdi ekan? So‘nggi kunlarda Osiyo o‘yinlari uchun sportchilarimizni kuzatish marosimini o‘tkazdik, Ektor Kuperni kutib oldik, umuman, terma jamoamizga berilib ketib, bu yoqdagi ishlarga ulgurmay qolibmiz. Albatta, bu ishni ham o‘rganib chiqib, keyin sizga aytaman. Avvalo vaziyatni o‘zim obdon o‘rganib chiqishim kerak. Baribir har qanday holatda ham qaror mensiz qabul qilinmaydi. Men ham eshitdim, har xil gap-so‘zlar bo‘libdi. Avvalo buning tagiga yetishim kerak. Shundan so‘ng ushbu masala bo‘yicha o‘z fikrlarimni bildiraman.
    Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.

    Manba: Sports.uz

    » » Umid Ahmadjonov: Mundial ishtiyoqida “yonayotganimizni” Kuper juda yaxshi biladi
    Яндекс.Метрика