22:50 / 13.08.2018
8 066

Oradan besh yil o‘tib: ular hozir qayerda? (foto)

Oradan besh yil o‘tib: ular hozir qayerda? (foto)
2013 yilning 21 iyun - 13 iyul kunlari Turkiyada yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilgandi. Ushbu musobaqada 20 yoshgacha futbolchilardan iborat terma jamoalar ishtirok etgan bo‘lib, ular orasida O‘zbekiston ham bor edi.
Esingizda bo‘lsa, Turkiyadagi kichik mundialda terma jamoani Ahmadjon Musayev boshqargan bo‘lib, U-20 futbolchilar yakunda chorak finalga qadar yetib borgan hamda bo‘lajak chempion Fransiyaga imkoniyatni boy bergan holda musobaqani tark etgandi.

Shundan beri oradan besh yil o‘tdi. Bu orada futbolchilar besh yoshga ulg‘ayishdi. Savol tug‘ilishi mumkin: nega hozir o‘sha musobaqa yodga tushib qoldi? Bunga avvalo Rossiyada o‘tkazilgan mundialda Fransiya terma jamoasining jahon chempioni bo‘lgani sabab bo‘ldi. Chunki bu yil g‘olib chiqqan fransuzlardan 2013 yil yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikki futbolchi o‘ynagandi. Gap himoyachi Samuel Umtiti va yarim himoyachi Pol Pogba haqida boryapti.

Besh yil oldin Turkida o‘tkazilgan FIFA U-20 jahon chempionati finalida Fransiya Urugvayni mag‘lub etib, musobaqaning bosh sovrinini qo‘lga kiritgandi. Chorak finalda bu jamoa bizni 4:0 hisobida mag‘lub etgani hamon yodimizda. Gollardan birini Pogba urganini ham yaxshi eslaymiz. Lekin turnir davomida bizning futbolchilar ham yomon taassurot qoldirmagandi. Mayli, bu endi tarix.

Hozir boshqa davrda yashayapmiz va aksar futbolchilar yodidan mundial ko‘tarilgan bo‘lsa kerak. Faqat shu o‘rinda bir masala o‘ylantiradi: oradan besh yil o‘tib bizni musobaqadan chiqarib yuborgan fransiyaliklardan ikki nafar jahon chempioni bo‘ldi. Qolaversa, Turkiya-2013dan keyin ularning ko‘plab futbolchisi kuchli klublarga o‘tib ketdi. Biznikilar bilan nima bo‘ldi? Ular hozir qayerda? Quyida shu haqda fikr yuritishga harakat qilamiz.

JCh-2013 yo‘llanmasi qanday qo‘lga kiritilgandi?

Birdaniga yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga o‘tishdan oldin musobaqa yo‘llanmasi qanday qo‘lga kiritilganini ham eslab o‘tsak. Ma’lumki, 2012 yil BAAda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati tashkil qilingandi. Mazkur musobaqa 3-17 noyabr kunlari o‘tkazilgan. O‘shanda chempionat O‘zbekistonda ham o‘tkazilishi mumkin edi, chunki mezbon sifatida da’vogarlar ro‘yxatida Bangladesh, Falastin, BAA bilan bir qatorda biz ham bor edik. Ammo 2011 yilning 23 noyabr kuni OFK bu borada yakuniy qaror chiqarib, mezbonlikni BAAga taqdim etadi.

O‘zbekiston U-19 terma jamoasi Osiyo chempionatiga saralash bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan holda yo‘l oladi. Bir yil oldin saralash bahslari Eron poytaxti Tehronda o‘tkazilgan bo‘lib, biz Erondan so‘ng ikkinchi bo‘lgandik. Bizdan keyingi o‘rinlarni Hindiston, Turkmaniston va Pokiston band etgandi. Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida vakillarimiz “A” guruhidan joy oladi. Guruh o‘yinlarini Vetnam (4:0), Iordaniya (2:2) va KXDR (2:0)ga qarshi o‘tkazgan O‘zbekiston U-19 terma jamoasi 1-o‘rin bilan guruhdan chiqqan.

Chorak finalda futbolchilarimiz Suriyaga qarshi bahs olib boradi va o‘yin 2:2 hisobida yakun topadi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlanishi lozim edi. Bunda 3:0 hisobida omad biz tomonda bo‘ladi. Suriyalik futbolchilar birorta ham 11 metrlik jarima to‘pini to‘g‘ri amalga oshira olishmaydi. Shunday qilib Ahmadjon Musayev shogirdlari yarim finalga yo‘l olishadi. Bu esa kuchli to‘rtlik - ya’ni, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempimonati yo‘llanmasi naqd degani edi.

Ma’lumki, FIFA yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatlariga Osiyo uchun to‘rtta yo‘llanma ajratadi. Afsuski, yarim finalda omad yuz o‘giradi. Bo‘lajak chempion Janubiy Koreya 3:1 hisobida g‘alaba qozongan holda finalga yo‘l oladi. O‘zbekiston terma jamoasi esa ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Yakunda Janubiy Koreya Iroqni penaltilar seriyasida mag‘lub etib Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan.

Turkiyadagi ishtirok

2013 yil Turkiyada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga O‘zbekiston terma jamoasi 21 nafar futbolchi bilan yo‘l oladi. Musobaqa reglamentiga ko‘ra, faqat shuncha o‘yinchini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilgan bo‘lib, ulardan 3 nafari darvozabon bo‘lishi shart edi. Natijada Ahmadjon Musayev quyidagi tarkibni kichik mundialga olib ketadi.

Darvozabonlar: Asilbek Omonov (“Paxtakor”), Akmal Tursunboyev (“Andijon”), Bahodir Mirsoatov (“Lokomotiv”).
Himoyachilar: Tohir Shamsiddinov (“Guliston”), Sardor Rahmonov (“Lokomotiv”), Bobur Yo‘ldoshev (“Lokomotiv”), Maksimilian Fomin (“Paxtakor”), Kamronbey Kapadze (“Bunyodkor”), Nodir Sanaqulov (“Nasaf”), Azamat Abdullayev (“Qizilqum”).
Yarim himoyachilar: Abbos Maxsitaliyev (“Paxtakor”), Vladimir Kozak (“Paxtakor”), Diyor Turopov (“Olmaliq”), Jaloliddin Masharipov (“Paxtakor”), Jamshid Iskanderov (“Paxtakor”), Sardor Sobirxo‘jayev (“Bunyodkor”), Muhsin Ubaydullayev (“Paxtakor”).
Hujumchilar: Abdulaziz Yusupov (“Paxtakor”), Jasur Hakimov (“Paxtakor”), Igor Sergeyev (“Paxtakor”), Zabixillo O‘rinboyev (“Bunyodkor”).

Vakillarimiz jahon chempionatida “F” guruhidan joy olishadi va Yangi Zelandiya, Xorvatiya hamda Urugvayga qarshi bahs olib borishadi. 23 iyun kuni Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkazilgan birinchi o‘yin biz uchun muvaffaqiyatli chiqib, futbolchilarimiz 3:0 hisobida zafar quchishadi. Abbos Maxsitaliyev, Igor Sergeyev va Diyor Turopov tomonidan kiritilgan gollar ilk uch ochkoni keltirgandi.

Keyingi bahs Xorvatiyaga qarshi kechib, bunda 1:1 hisobida qayd etiladi. Bu safar Sardor Rahmonov gol muallifi bo‘ladi. Darvoqe, xorvatlar safida o‘shanda bizga qarshi to‘p tepgan Ante Rebich hozirda milliy terma jamoa a’zosi hisoblanadi va u JCh-2018da kumush medallarga sazovor bo‘ldi. Nihoyat guruhdagi oxirgi uchrashuv Urugvayga qarshi kechib, yirik 0:4 hisobida yutqazib qo‘ygandik.

O‘zbekiston U-20 terma jamoasi garchi guruhda uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega oltita jamoadan biri sifatida keyingi bosqichga yo‘l oladi. Keyingi bosqichga chiqqanlar orasida bizdan tashqari Janubiy Koreya, Meksika, Gana, Misr va El Salvador ham bor edi. Shundan so‘ng musobaqaning 1/8 final o‘yinlariga start beriladi. O‘zbekiston navbatdagi bahsni “D” guruhidan birinchi o‘rin bilan chiqqan Gretsiyaga qarshi o‘tkazib, 3:1 hisobida zafar quchadi.

Aytish mumkinki, o‘sha bellashuv kichik mundialda ko‘rsatgan o‘yinlarimiz orasida eng yaxshisi bo‘lgandi. Avvaliga Maxsitaliyev o‘yinda hisobni ochadi. Keyin greklar penaltidan hisobni tenglashtirishadi. Birinchi taym 1:1 hisobida yakun topadi. Tanaffusdan so‘ng Igor Sergeyev ham penaltidan to‘p kiritib hisobni 2:1 ko‘rinishga keltiradi. O‘yinning asosiy vaqti tugashiga 7 daqiqa qolganida esa Sardor Rahmonov raqib darvozasini ishg‘ol etadi. Eng qizig‘i, bu gol ham penaltidan kiritilgan. Shunday qilib biznikilar 3:1 hisobida zafar quchgan holda chorak finalga yo‘l olishadi.

Chorak finalda bizni dahshatli raqib Fransiya kutib turardi. Braziliyalik mashhur hakam Sandro Richchi boshqarib borgan o‘yinda fransuzlar bizga umuman immkoniyat qoldirmaydi. O‘yin 4:0 hisobida nihoyasiga yetadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, gollardan birini yaqinda jahon chempioni bo‘lgan Pogba darvozaga kiritib, jamoasini yarim finalga olib chiqadi. Natijada kichik mundialdagi ishtirokimiz chorak finalda tugaydi. Fransuzlar esa yarim finalda Ganani, undan keyin finalda biz bilan bir guruhda kurashgan Urugvayni mag‘lub etib, o‘z tarixlarida birinchi bor yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lishadi.

Oradan yillar o‘tdi va...

Turkiyada o‘tkazilgan FIFA U-20 jahon chempionatidan so‘ng besh yil o‘tdi va bugungi kunlarga ham yetib keldik. Bu orada ba’zi futbolchilar o‘sishga erishib, oliy liga klublari qatoridan joy olishdi. Ba’zilari esa umuman ko‘rinmay qolishdi. Shu o‘rinda darvozabonlardan boshlaydigan bo‘lsak, Asilbek Omonov bilan Akmal Tursunboyev hozirda “Buxoro” jamoasi darvozasini qo‘riqlab kelishyapti. Omonov mavsum boshidan beri 12ta o‘yinda maydonga tushib o‘z darvozasidan 17ta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, Tursunboyev 8ta o‘yinda harakat qilib 8ta gol o‘tkazdi. Aytish mumkinki, bu ikki darvozabon yuqori darajada haminqadar o‘ynab kelyapti. Lekin uchinchi posbon Bahodir Mirsoatov hozir qayerda, futbol o‘ynayaptimi, buni bilmaymiz. Balki futbolni tugatgan bo‘lishi ham mumkin.

Himoyachilardan Tohir Shamsiddinov “So‘g‘diyona” a’zosi hisoblanadi. U ham jamoasining Superligadagi hamma o‘yinlarida ishtirok etib kelyapti. Shamsiddinov biroz vaqt futboldan chetlatildi, keyin yana qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin bu o‘yinchi yuqori darajaga chiqa olmadi. Sardor Rahmonov hatto “Lokomotiv”da to‘p tepishga muvaffaq bo‘lgandi. Biroq u ham o‘zini to‘liq namoyon eta olmadi. Sardor bugungi kunda o‘zini tarbiyalagan klub “Mash’al” tarkibida harakat qilyapti.

Bobur Yo‘ldoshev ham yuqori cho‘qqiga chiqa olmadi. O‘tgan yilni “Loko”da boshlagan ushbu himoyachi keyinchalik “Neftchi”ga ijaraga berildi. Yil yakunida yana “Loko”ga qaytdi, biroq shu yozda “temiryo‘lchilar” uni yana “Neftchi”ga berib yuborishdi. Maksimilian Fomin “Buxoro”da birmuncha yaxshi o‘yin ko‘rsatgandi, ammo keyinchalik Ummon chempionatiga yo‘l olib hozir o‘sha yerda faoliyatini davom ettirmoqda. To‘g‘risi, u haqda juda kam ma’lumotga egamiz. O‘zbek futboli yulduzlaridan biri Temur Kapadzening ukasi Kamronbey ham negadir ko‘rinmay qoldi. Unga qo‘shilib Nodir Sanaqulov bilan Azamat Abdullayev ham Superliganing hech bir klubi ro‘yxatidan o‘tmagan.

Yarim himoyachi Abbos Maxsitaliyevdan umid katta edi. Biroq u ham katta futbolda o‘zini to‘liq namoyon eta olmayapti. “Neftchi” safida maydonga tushayotgan futbolchi hozircha faqat bitta gol urdi. Vladimir Kozak haqida gapiradigan bo‘lsak, bu o‘yinchi bir necha bor jarohatlar iskanjasiga tushib qoldi. Lekin hozir ancha yaxshi va “Paxtakor”ning asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi. Diyor Turopov Olmaliqdan Toshkentga kelgach, “Loko” tarkibida ozgina o‘sishga erishdi. Lekin uni ham tez-tez jarohat qiynab qo‘yyapti.

Jaloliddin Masharipov keyinchalik ham o‘zini ko‘rsatishi mumkin, chunki unda salohiyat bor. Ammo Masharipov barcha o‘yinlarda bir tekis ko‘rinayotgani yo‘q. Jamshid Iskanderov ham agar jarohat bezovta qilmaganida bemalol “Paxtakor” asosiy tarkibiga kirgan bo‘lardi. Shota Arveladze kelganidan beri u ko‘pincha zaxirada qolib ketyapti. Sardor Sobirxo‘jayev haqida birmuncha iliq fikrlarni bildirsa bo‘ladi. Uni Mirjalol Qosimov “Bunyodkor”ga qaytarib to‘liq ishonch bildira boshladi. Natijada Sobirxo‘jayev “qaldirg‘ochlar”ning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Muhsin Ubaydullayev bugungi kunda “Qizilqum” a’zosi hisoblanadi va jamoa tarkibida eng yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan futbolchilardan biri.

Hujumchilardan Abdulaziz Yusupov avvaliga “Neftchi”da edi, keyinchalik jamoasini o‘zgartirib “Surxon”ga o‘tib ketdi. Ko‘pchilik bu futbolchini “Paxtakor” asosiy tarkibidan muqim joy oladi deb o‘ylagandi, biroq amalda bunday bo‘lmadi. Jasur Hakimov ham “Paxtakor” zaxirasida qolib ketayotgandi, “Qo‘qon-1912”ga o‘tgach birdaniga asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. U hozir yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti.

Igor Sergeyevni ayovsiz tanqidlar “qurboni” bo‘ldi deya olamiz. Chunki bu futbolchi o‘tgan bir yarim yil ichida ancha “sinib” qoldi. Hatto biroz muddat BAA chempionatida o‘ynab qaytgan bo‘lsa-da, u yerda ham o‘zini ko‘rsata olmadi. Natijada yana “Paxtakor”ga qaytib to‘g‘ri zaxiradan joy oldi. Va nihoyat, Zabixillo O‘rinboyevga kelsak, bu hujumchi “Metallurg” safida yomon ko‘rinmayapti. Ammo u ham milliy terma jamoa darajasiga chiqa olmadi. Eng achinarlisi, Turkiyada o‘ynab qaytgan o‘sha tarkibdan birorta tuzuk legioner chiqmadi, bu esa hech bir futbolchining Yevropaga tortmasligini bildiradi.
X.Xoliqov.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oradan besh yil o‘tib: ular hozir qayerda? (foto)