09:30 / 20.08.2018
3 123

Tekbol. Yangi sport turi taqdimoti endi Jakartada (video)

Tekbol. Yangi sport turi taqdimoti endi Jakartada (video)
Kecha, 19 avgust kuni Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida Osiyo olimpiya kengashining 37-bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Indoneziyada o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlariga tashrif buyurgan delegatsiyalar rahbarlari, shuningdek, turli sport turlari bo‘yicha federatsiyalari rahbarlari ishtirok etishdi. “Kun.uz” muxbiri xabar berishicha, mazkur assambleya davomida yangi sport turi hisoblangan - tekbolning namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Tekbol sport turi o‘zida futbol va tennis elementlarini jamlagan bo‘lib, bir paytning o‘zida ikki yoki to‘rt kishi o‘rtasida musobaqa o‘tkazilishi mumkin. Asosiy qurilma, “Teqboard” deb ataladigan maxsus stol ko‘rinishidan “ping-pong” doskasini eslatadi va bu moslamadan ko‘plab yangicha sport turlarida foydalanish mumkin. Ular orasida eng ommalashayotgani tekbol hisoblanib, unda ayrim futbol qoidalari asos qilib olingan. Ya’ni, harakatlar oyoqlar va bosh yordamida amalga oshiriladi.

O‘yin qoidalari murakkab emas: to‘pga bir urinishda uch martadan ko‘p tegish va bir xil tana a’zosini takroran ishlatish taqiqlangan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, sizga to‘p kelganida, chap va o‘ng oyoq, yelka, ko‘krak qismi yoki boshdan foydalangan holda, uni raqib tomonga o‘tkazishingiz talab etiladi. Qolgan qoidalar stol tennisidagi kabi: to‘pning doska ustidagi harakatlariga qarab g‘olib aniqlanadi. Qoidalar to‘g‘risida tekbol rasmiy saytida to‘liq keltirib o‘tilgan.

Mazkur o‘yin uchun alohida maxsus joyga hojat yo‘qligi uning tez tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, istirohat bog‘lari, maktablar, uy sharoitida va turli jamoat joylarida tekbol o‘ynash mumkin. Bu sport endigina katta futbolga kirib kelayotgan yosh sportchilar uchun, to‘p bilan muomala qilish borasida juda foydali ekanligi mashhur futbolchilar tomonidan ta’kidlanmoqda.

“Tekbol – yangi, futbolga asoslangan sport bo‘lib, futbolda yuqori saviyaga ko‘tarilishni niyat qilgan va o‘z mahoratini oshirishni istagan professional hamda havaskor sportchilar uchun ayni muddaodir. Sportchilar o‘rtasida jismoniy to‘qnashuvlar kelib chiqmaydi, jarohatlar bo‘lmaydi, ko‘zni quvnatuvchi chiroyli harakatlarning mavjudligi o‘yinga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi”, deydi gollan futbol afsonasi Ronald Kuman.

“Sobiq futbolchi sifatida bu o‘yinni shaxsan tavsiya qilgan bo‘lardim. Yangi avlodni shug‘ullantirishda bu sport turi eng maqbul variantlardan biri deb o‘ylayman”, deya fikr bildirgan tekbol sportining Portugaliyadagi elchisi, yana bir sobiq futbolchi Simao Sabrossa.

Bu sport turi bo‘yicha allaqachon chempionatlar o‘tkazilishi boshlangan bo‘lsa-da, uni yanada ommalashtirish maqsadida uning taqdimot marosimlari haligacha davom etmoqda. “Kun.uz” muxbirining xabar qilishicha, Jakartada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlari davomida ham bu targ‘ibot amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, Rossiyada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati mobaynida tekbol stollari jamoat joylariga o‘rnatilgandi va unda mashhur futbol yulduzlari va qiziquvchan sayyohlar o‘zlarini sinab ko‘rishgan.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tekbol. Yangi sport turi taqdimoti endi Jakartada (video)