20:57 / 01.09.2018
3 625

Samboda oltin va kumush. Oʻzbekiston umumiy reytingda beshinchi oʻrinni naqd qildi

Samboda oltin va kumush. Oʻzbekiston umumiy reytingda beshinchi oʻrinni naqd qildi
Indoneziyada Osiyo oʻyinlarining yakuniy bahslari oʻtkazilmoqda.

Bugun Oʻzbekiston sambo jamoasining yana 4 nafar vakili oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishdi va yakunda ikki medalga ega chiqishdi.

Dastlab, -90 kg vazn toifasidagi Neʼmat Yoqubov saralash bahslarida ishtirok etdi. U dastlabki raqibi tailandlik Jengxor Sonram ustidan 4:0 hisobida gʻalaba qozondi.

Uning nimchorak finaldagi raqibi qirgʻizistonlik Urmat Mambetjan ulu boʻldi. Yoqubov ikkinchi jangida ham gʻalaba qozondi - 2:0. Ammo u chorak finalda qozogʻistonlik Aytbek Aybolga 1:3 hisobida yutqazdi. Shundan soʻng bronza uchun oʻtish bahslarida ishtirok etgan Yoqubov turkmanistonlik Ruslan Esegerovga yutqazib qoʻydi.

Ayol sambochilar oʻrtasidagi bahslarda -68 kg vazn toifasidagi Nilufar Davletova ishtirokini saralashdan boshladi. U ilk raqibi, livanlik Suellen Silvani 4:0 hisobida yengdi. Nimchorak finalda tailandlik Titapa Junsukplung ham taslim etildi - 4:0. U chorak finalda indoneziyalik Amanda Mutiarani 4:0, yarim finalda qozogʻistonlik Dinara Kudarovani 4:0 hisoblarida magʻlub etib, finalga chiqdi.

Shundan soʻng u finalda oltin medal uchun qozogʻistonlik Dildash Kurishbayevaga qarshi gilamga chiqib, 0:3 hisobida yutqazib qoʻydi va kumush medal bilan kifoyalanadigan boʻldi.

Oʻzbekistonlik yana bir sambochi, -68 kg vazn toifasidagi Gulmira Ismatova bahslarga nimchorak finaldan qoʻshildi. U dastlabki raqibi, suriyalik Hasna Saydni 4:0 hisobida yengdi. Ammo chorak finalda moʻgʻulistonlik sportchidan yengildi.

Shundan soʻng, bronza medal uchun oʻtish bahslariga qoʻshilgan Ismatova dastlab indoneziyalik Sakina Sakina toʻsigʻidan oʻtdi - 4:0. Lekin u ikkinchi bosqichda yaponiyalik Tomi Natsukiga yutqazib qoʻydi - 0:2.

Oʻzbekistonning -90 kg vazn toifasidagi ikkinchi vakili Kamoliddin Xolmurodov bahslarga nimchorak finalda qoʻshildi va dastlab yaponiyalik Sato Yosukini magʻlub etdi - 3:0. Chorak finalda esa u eronlik Iraj Amirxanidan ustun keldi - 4:0. Yarim finalda tojikistonlik Komronshoh Ustorpiyonga qarshi gilamga chiqqan Xolmurodov 3:0 hisobida gʻalabaga erishib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

U finalda tojikistonlik Umed Hasanboyevga qarshi jang qildi va 3:0 hisobida gʻalaba qozonib, Oʻzbekiston hisobiga 21-oltin medalni olib keldi.

Ayni vaqtda umumiy reytingda Oʻzbekiston delegatsiyasi jami 70 medal bilan (21 oltin, 24 kumush va 25 bronza) beshinchi oʻrinni mustahkamladi.

Oltinchi oʻrinda joylashgan Eron delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 60ta va shundan 19tasi oltin, 19tasi kumush, 22tasi bronza.

Eronlik sportchilarda hali oltin medallar olish imkoniyati mavjud, basketbol jamoasi xitoyliklar bilan, voleybol jamoasi esa janubiy koreyaliklar bilan finalda oltin medallar uchun kurashadi. Eron vakillari bu bahslarda gʻalaba qozonib, oltin medallar sonini 21taga yetkazishsa ham, endi umumiy reytingda Oʻzbekistondan oʻzib keta olishmaydi, kumush medallar soni ustunligi Oʻzbekistonga Erondan yuqorida joylashish imkonini beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Samboda oltin va kumush. Oʻzbekiston umumiy reytingda beshinchi oʻrinni naqd qildi