17:14 / 07.09.2018
3 292

Ektor Kuper: “Terma jamoadan natija kutishga hali erta” (toʻliq matn)

Эктор Купер: "Терма жамоадан натижа кутишга ҳали эрта" (тўлиқ матн)
Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper Suriyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvidan soʻng oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi va jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

“Albatta, barcha muxlislar yangi murabbiyning ilk oʻyinida gʻalaba kutadi. Men ham bundan mustasno emasman. Murabbiylar birinchi navbatta debyut uchrashuvni gʻalaba bilan boshlashni istashadi.

Bugungi oʻyinda baʼzi vaziyatlarda bizga omad kulib boqmadi, baʼzi holatlarda esa omadimiz kuldi. Xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, futbolchilar bilan 10-12 kun birga ishlagan boʻlsak, bir qator koʻrsatmalarimni toʻgʻri tushunishgan va uni amalda qoʻllashga urinishmoqda, biroq baʼzi holatlarda meni tushunmaganliklari ham koʻrinib qolmoqda. Oʻyinimizni yaxshilashimiz kerak, yangilik kiritishda davom etamiz.

Ilk imtihonimiz yomon oʻtmadi, bu oʻyin menda yaxshi taassurot qoldirdi. Katta oʻzgarishlar kiritish uchun bizda koʻp vaqt yoʻq edi. Keyingi oʻyinlarda jamoaning haqiqiy qiyofasi va kuchini koʻrib olasiz. Umumiy xulosa, futbolchilarning harakatlaridan qoniqdim”.

Navbat savol-javoblarga berildi.

– Oʻzbekiston hatto eng yomon davrlarida ham oʻz maydonida himoyaviy oʻyin koʻrsatmagan, ayniqsa Suriyadek jamoalarga qarshi. Nimaga bugun himoyaviy oʻyin taktikasi tanlandi?

– Bu birinchi oʻyin. Oʻtgan kungi matbuot anjumanida aytib oʻtgandim, bu oʻyindan katta oʻzgarishlar va moʻʼjiza kutish yaramaydi. Himoyaviy harakatlarga kelsak, biz himoyadagi oʻyinni tekshirib koʻrdik, yaʼni himoyalana olamizmi shuni koʻrdik. Farqi yoʻq 4ta futbolchi bilan himoyalanadimi yoki 5ta, asosiysi terma jamoa himoyada oʻynashni ham bilishi kerak.

Suriyadek jamoalar bilan hech qachon himoyada oʻynamaganmiz deyapsiz. Ammo shunday oʻynashga toʻgʻri keladigan vaziyatlar ham boʻlib qoladi. Shu sabab, yakuniy xulosa chiqarmasligingizni soʻrayman. Hali oldinda Osiyo kubogi, JCH saralash oʻyinlari bor. Ungacha termaning oʻyini ham himoyaviy, ham hujumkor jihatdan ancha oʻsishga erishadi.

Biz bugungi oʻyinda koʻplab yangi taktikalarni sinab koʻrdik, himoyada ham hujumda ham. Bundan qoniqdim. Agar bizda umuman imkoniyatlar boʻlmaganda edi, men bu oʻyindan qoniqmadim va xavotirlarim bor, deya aytgan boʻlardim. Ammo koʻrmoqdamanki, imkoniyatlar bor. Himoyada ham yaxshi harakat qildik, biroq baʼzi holatlarda oʻtkazib yuborgan paytlarimiz ham boʻldi.

– Oʻzbekiston terma jamoasi bilan ilk oʻyinni oʻtkazdingiz. Ushbu uchrashuvdan soʻng sizni eʼtiboringizni tortgan eng katta kamchiligimiz nimada?

– Bitta muammoni aniq ajratib koʻrsata olmayman. Mana bu yerda muammo bor va shuni bartaraf qilishimiz kerak, deb ayta olmayman. Umumiy olganda muammolar juda koʻp.

Toʻgʻri tushunamiz, muxlislarga 3-4 ta toʻp farqi bilan gʻalaba qozonishlar yoqadi. Ammo oʻrtoqlik oʻyinlaridan natija kutishga hali erta. Bu oʻyinlardan asosiy maqsad gʻalaba emas, oʻyinchilarni sinab koʻrish.

Qayerda xatolarimiz borligini oʻyin davomida kuzatib bordim, biroq shu oʻyin bilan barcha xatolarni tushunib yetdim deb aytolmayman. Oʻrganish jarayoni keyingi oʻrtoqlik oʻyinlarida ham davom etadi.

– Bugun MTJ 2-3 yildan beri koʻrsatayotgan oʻyin uslubini koʻrdik. Shundan kelib chiqib, siz jamoaga oʻzingizdan nima qoʻshmoqchisiz? Nimalarni oʻzgartira oldingiz va nimalar oʻxshamadi?

– Terma jamoaning avvalgi oʻyinlarini yomon deb ayta olmayman. Kiritgan yangiliklarimga keladigan boʻlsak, bu birinchi navbatda himoyaviy yangiliklar. Jamoani yaxshiroq himoyalanishga oʻrgatishga harakat qildim.

Biz raqib darvozasi tomon bugungidek 4 marta emas 14 marta zarba berishimiz mumkin, ammo bu hech narsani oʻzgartirmaydi. Soʻnggi daqiqadagi vaziyat golga aylanganda, hozir koʻpchilik uchun “olam guliston” boʻlardi. Xuddi biz gʻalaba qozongandek. Lekin bu men uchun hech narsani oʻzgartirmas edi. Menga natija emas, futbolchilar mening koʻrsatmalarimni tushunyaptimi yoki yoʻq, shuni aniqlash eng muhim edi.

Shu sabab shoshilmaslikni soʻrayman. Sizlardan eng katta soʻraydigan narsam – bu sabr. Sabr qilsangiz natija ham chiroyli oʻyin ham albatta boʻladi.

– Birinchi boʻlimda siz shogirdlaringizga bir qator koʻrsatmalar berdingiz. Ammo ular bu koʻrsatmalarni tushunmayotgandek koʻrindi. Oʻrtalaringdagi tushunmovchilikka nima sabab boʻldi yoki raqib bunga yoʻl qoʻymadimi?

– Oʻyinchilar bir-biri bilan tushunmovchilikka bordi deb ayta olmayman. Chunki ular anchadan buyon bir-biri bilan oʻzaro oʻynab kelmoqda. Ammo mening koʻrsatmalarimni baʼzilarini ular tushunishmadi.

Ular taktikani toʻliq oʻzlashtira olmaganliklari uchun baʼzi jihatlarda bizda kamchiliklar boʻldi. Oldinda Eron bilan oʻyinimiz bor, unda ham turli yangiliklarni sinab koʻramiz. Bu oʻyinda tushmagan futbolchilar keyingi bahsda maydonga tushishlari mumkin. Balki umuman boshqacha tarkib maydonga tushar...

Ikkala oʻyindan maqsad jamoani oʻrganib olish, futbolchilarning holatini koʻrib olish. Bugungi oʻyinda tushunmoqchiliklar boʻlgan boʻlishi mumkin, lekin Eron bilan oʻyinda bundan yaxshiroq harakat qilishadi.

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: “Terma jamoadan natija kutishga hali erta” (toʻliq matn)