Mourinoning muammolari va imkoniyatlari haqida (foto)

  • Sport
  • 14-09-2018, 12:45
  • 406
  • Моуриньонинг муаммолари ва имкониятлари ҳақида (фото)
    Mavsum boshlanganiga biroz vaqt boʻlganiga qaramay, Manchesterning ikkinchi yarmida muammolar boshlandi. Ser Aleks Fergyusonning bosh murabbiy lavozimidan ketganidan soʻng, “Yunayted” barqaror top-darajaga chiqa olmadi. Mankunianlik muxlislar hali hamon shotlandiyalik mutaxassisning oltin davrini eslashadi va yangi yutuqlar yaqin orada keladi.

    “Qizillar”ning hozirgi bosh murabbiyi Joze Mourino ikki yil avval Manchester shahriga koʻchib oʻtdi. “Special one”ning kelganidan soʻng muxlislar nihoyat xursand boʻlishgan edi, biroq ikki yil ham oʻtdiki “Yunayted” oʻzgargani yoʻq. Joze ilk mavsumida uchta sovrin yutganiga qaramay, jumladan Angliya superkubogi, Yevropa ligasi va liga kubogi uning hozirgi ahvoli havas qilguday darajada emas. Futbol olamida portugaliyalik mutaxassisning qayd etgan natijalarini eslamay ham qoʻyishdi va hattoki baʼzilar uning koʻp nolishi va shunchaki qaysar odam deb ustidan kulishmoqda. “Manchester Yunayted”dagi hozirgi vaziyat Joze Mourinoning faoliyatidagi juda ham katta sinov boʻlib turibdi va unda u oʻzining kim ekanligini hammaga isbotlashi kerak. Joze soʻnggi yillarda fransiyalik hamkasbi Arsen Venger ustidan juda ham koʻp kular edi. Soʻng albatta portugaliyalik mutaxassis pushaymon ekanligini bildirgan. Bir tarafdan Jozening gapida ham jon bor: Vengerning usullari eskirgan va u hech ham oʻzgarishni istamas edi, lekin Joze ham xuddi shu vaziyatga tushib qoldi. Koʻpchilik uni yomonlab Venger bilan solishtirishni boshlashdi, lekin taxminlar bildirish uchun juda ham erta. Nima boʻlganda ham Venger bilan bogʻliq voqea tugadi, lekin Mourinoda imkoniyat bor. Siz bilan hozir Mourinoning muammolari va yangi mavsumdagi imkoniyatlari haqida toʻxtalib oʻtamiz.

    Oʻyinchilar bilan nizolar

    Jamoaning ichidagi muammolar haqida britaniyalik matbuot xizmatlari oʻtgan mavsumda ham yozishgan edi, hozirda esa bu yanada avj olganga oʻxshaydi. APL dagi omadsiz start Joze uchun ham oʻyinchilar uchun ham istiqbolli koʻrinmayapti. Buning ustiga OAV “Manchester Yunayted” klubini bir zumga ham tinch qoʻyishayotgani yoʻq. Mish-mishlarga koʻra, Mourinoning bir nechta, jumladan Markus Reshford, Antoni Marsyal, Erik Bayi va Pol Pogba kabi futbolchilar bilan kelishmovchiligi bor. Baʼzi bir futbolchilar oʻzining jamoadagi oʻrnidan norozi. Bular Erik Bayi va Marsyal. Antonining mankunianliklar bilan shartnomasi yanvar oyida yakuniga yetadi. Klub yosh futbolchini qadrlaydi va unga yangi 5 yillik shartnoma taklif qildi. Lekin Joze uni oʻz tarkibida asosiy futbolchi sifatida qaramayapti.

    Pogba bilan esa muammo biroz jiddiyroq. Murabbiy va futbolchi oʻrtasidagi nizo haqida deyarli 1 yildan buyon aytilmoqda. Lekin Pogba va Mourino ham ushbu hodisalarni rad etib kelmoqda. Fransiyalik futbolchi “Yunayted” klubiga oʻtar ekan, yanada koʻproq narsalarni kutgan edi. Albatta Yevropa ligasida gʻalaba qozonish yaxshi, lekin jahon chempioni uchun bu musobaqa kamlik qiladi. APL dagi birinchi turdan soʻng “Manchester Yunayted” klubi “Lester” bilan uchrashdi va tanaffusda Pogba jurnalistlar bilan suhbatda: “Baʼzi narsalar borki ayta olmayman, aks holda meni jarimaga tortishadi”, - degan edi. Mourinoga bu gaplar xush kelmagan, “MYU” rahbariyati esa fransiyalik futbolchini qoʻyib yuborgisi yoʻq. Pogbaning transferini uncha-muncha klublar koʻtara olishmaydi, biroq kataloniyaliklar “Yunayted” futbolchisi bilan tarkibni kuchaytirishga qarshi emas. Mino Rayola esa uning “Yuventus”ga qaytishini orzu qilmoqda.

    Shunday ekan, Mourinoning futbolchila bilan ochiqchasiga mojaroga borgan holati kuzatilmagan, lekin kiyim almashtirish xonasidagi noshux kayfiyat boʻlishi mumkin. Kundan kunga vaziyat chigallashib boraveradi va bu Joze uchun asosiy muammoga aylanadi. Oxir oqibat esa “Manchester Yunayted” rahbariyati ushbu nizolardan charchab portugaliya mutaxassisga eshikni koʻrsatib qoʻyishi ham mumkin.

    Transferlar

    Bir necha yillarki, “Manchester Yunayted” transfer mavsumida jadal ishlar olib bordi.Ular tomonidan koʻplab futbolchilarga qiziqish boʻladi va bu yozda ham futbolchi qidirish ishlari davom etdi. Mourino transfer bozoriga chiqib hujum chizigʻiga futbolchi sotib olmoqchi edi. Lekin katta eʼtiborni himoyaga qaratdi. Joze intervyularda markaziy himoyachi olish kerakligini bir necha bora taʼkidladi va u haq koʻrinadi. “Yunayted” ushbu transfer mavsumini kamtar oʻtkazdi va 66 million yevro sarf qildi. “Manchester Yunayted” klubiga hurmatni saqlagan holda shuni aytish kerakki, ularning tarkibi chempionatdagi eng zoʻrlaridan deb boʻlmaydi. Shunday ekan YECHL da gʻalaba qozonish haqida gapirishga najot ham yoʻq. Joze ishini saqlab qolmoqchi boʻlsa markazdagi yoriqni oʻz kuchi bilan qisqa muddatlarda toʻldirishi lozim.

    “Oʻziga xos”ning taktikasi

    Koʻp sonli hozirgi muxlislarning fikricha, Mourino doimo avtobus qoʻyib kelgan va uning bunchalik buyukligiga tushunishmaydi. Albatta Joze butun faoliyati davomida himoyaviy oʻyinga eʼtibor qaratgan, biroq hozirgi “Yunayted”ni portugaliyalikning oldingi jamoalari bilan solishtirib boʻlmaydi. Agarda oldin “Special one”ning jamoalarini kuzatish qiziqarli kechgan, Mourinoning taktik yechimlari antiqa natija berar edi va hatto “Portu” ham YECHL da gʻolib boʻla olgan, “Inter” esa kamchilik boʻlib oʻynab va raqibiga oʻyinni boy berib “Barsa”dan ustun kelgan. Biroq hozirgi himoyaviy taktika juda ayanchli. Lekin “Tottenxem” bilan kechgan oʻyin umid uchqunlari hali soʻnmaganini koʻrsatdi. Ilk 45 daqiqa juda ham sifatli boʻldi. “MYU”ni tomosha qilish yoqimli edi va hujumdagi shoshqaloqlik biro pand berdi. Eng asosiysi, Mourino shu yoʻnalish boʻyicha ishlashda davom etsa, “Yunayted”ning oʻyinini zavq bilan tomosha qilsa boʻladi.

    Muxlislar fikri

    Mourinoning ishiga boʻlgan munosabat kutilganiday boʻlinib ketdi. Kimdir portugaliyalikning muammolar girdobidan chiqishiga ishonsa, yana kimdir uning yoqimsiz oʻyinidan charchagan. Biroq bitta narsa aniqki, Joze haqiqatdan ham “Special one” murabbiy. Uning boshqa fikrlar bilan ishi yoʻq. Lekin u bilan ishlagan odamlarning fikri umuman boshqacha. Ha uning muxlislarga boʻlgan munosabatidan OAV bizga boshqa turdagi maʼlumot berayotganini tushunasan. Masalan, yaqinda portugaliyalik mutaxassis “Old Trafford” stadionida yoshlar jamoasining oʻyinini kuzatdi, final xushtagidan soʻng nogiron bolalar joylashgan hududga borib tahminan bir soat ular bilan turli xil mavzuda suhbatlashdi. Koʻpchilik buni pair uchun qilingan deb hisoblaydi, lekin men bunday deb oʻylayman. Muammolarning koʻpligiga qaramay, u bolalarga vaqt ajratdi va oʻzining oʻsha yerdaligi bilan ularni shod etdi. Yoki “Byornli” bilan oʻyindan keyin, Mourino muxlislardan biriga oʻzining plashini sovgʻa qildi, koʻrinishidan oddiy ish, lekin bu Mourinoning – inson jihatidan boshqacha tasavvur uygʻotadi. Aynan shu sabablarga koʻra, muxlislar uni qoʻllab-quvvatlashmoqda. Aynan shu “Byornli”ga qarshi oʻyinda muxlislar samoletni ijaraga olib unda: “Ed Vudvord – omadsizlik boʻyicha mutaxassis” degan yozuv bilan stadion oldidan uchirishgan.

    Oʻrinbosarlarning borligi

    Voqealar rivoji qanday boʻlishidan qatʼiy nazar barcha yoʻllarni koʻrib chiqish kerak. “MYU” rahbariyati juda ham shoshqaloq emas va Jozega hech boʻlmaganda natijaga qaramay mavsumni yakunlash uchun imkon berishadi. Lekin keyin nima boʻlishi oydin emas. Omadsiz yakun topilsa uning oʻrnini bosish uchun munosib nomzodlar yetarlicha:

    Zayniddin Zidan – Mourinoning oʻrnini bosish uchun eng munosib nomzod. “Real” bilan omadli yurishdan keyin Zidan taʼtil olishga haqli edi. Lekin uning “MYU”ga toʻgʻri kelishi katta soʻroq. YECHLdagi ketma-ket uchta gʻalabadan keyin ham Zidanning murabbiylik qobiliyatiga shubhalar bor. “MYU” uning uchun katta sinov boʻladi, qoʻlidan keladimi yoʻqmi buni vaqt koʻrsatib beradi.

    Antonio Konte – “Chelsi” klubidan ketganidan soʻng italiyalik mutaxassis hali ham boʻsh va mavsum boshida ish topish ham oson emas. Zidandan farqli oʻlaroq, Kontening taktik qobiliyatlarida shubha qilmasak ham boʻladi. Lekin birinchi kechgan mavsumdan keyin hamma Kontening usuliga qarshi yoʻl topib imkon berishmadi va u oʻz ishidan ayrildi.

    Maurisio Pochettino – bu mutaxassis hujumkor taktikani sogʻingan mankunianlik muxlislar uchun juda ham manzur kelishi aniq. Maurisio oʻzini “Tottenxem”da juda ham yaxshi koʻrsatdi, lekin bizda shunday taʼsurot borki, u koʻproq sovrinlarga qiziqadi. Pochettinoning kelishi bilan “MYU” rahbariyati uni transfer bozorida koʻllashadi va kim kerak boʻlsa olib beradi.

    Manba: www.uff.uz

    » » Mourinoning muammolari va imkoniyatlari haqida (foto)
    Яндекс.Метрика