00:08 / 15.09.2018
3 288

“Despacito” qoʻshigʻi yoxud Kuperning ilk yigʻini tahlili

"Despacito" қўшиғи ёхуд Купернинг илк йиғини таҳлили
Ektor Kuperning Oʻzbekiston terma jamoasi boshqaruvidagi dastlabki yigʻinini tahlil qilamiz.

Kuper terma jamoani 22 avgust kuni Toshkentdagi “City Palace” mehmonxonasida yigʻdi. Dastlabki kun mashgʻulotlarini legionerlar va Akmal Shorahmedov oʻtkazib yubordi. Keyingi kuni esa Akmal Shorahmedov (23 avgust) yigʻinga qoʻshildi, Sherzod Aʼzamov (23 avgust) esa jarohati tufayli lagerni tark etdi. Shundan soʻng asta-sekinlik bilan legionerlar tarkibga kelib qoʻshilishdi. Dastlab (2 sentyabr) Otabek Shukurov, keyinchalik Eldor Shomurodov (3 sentyabr) yetib kelishdi. Undan keyin esa Odil Ahmedov va Vitaliy Denisov (4 sentyabr) Kuper ixtiyoriga keldi. Legionerlardan oxirgi boʻlib Sanjar Tursunov va Shohruh Gadoyev Suriyaga qarshi oʻyinning ertasiga (7 sentyabr) terma jamoa lageriga kelishdi.

Aytish kerakki, mashgʻulotlar har doim har xil maydon va stadionda oʻtkazildi. Dastlab “Jar” stadionining asosiy maydonida yopiq eshiklar ostida shugʻullangan terma jamoa mashgʻuloti kelasi kuni zaxira maydoniga koʻchdi. Oʻrtada esa “Paxtakor” va TTMI stadionlarida ham mashgʻulot oʻtkazdi. Eronga qarshi oʻyinoldi rasmiy mashgʻulot esa “Bunyodkor”da oʻtkazildi. Kuper boshchiligidagi terma jamoamizning ilk yigʻini 21 kun davom etdi. Yigʻin doirasida Suriya (1:1) va Eronga (0:1) qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik.

Kuper hozircha terma jamoamiz bilan gʻalabaga erishgani yoʻq. Durang bilan boshlangan ish, ikkinchi bahsda magʻlubiyatga aylandi. Shuni aytish kerakki, oʻrtoqlik oʻyinlaridagi natija ahamiyat jihatidan eng oxirgi oʻrinda turadi. Oʻrtoqlik uchrashuvlarida natija faqat bir jihat boʻyicha kerak. Yaʼni FIFA reytingidagi ochkolar va oʻrnimiz. Oʻrtoqlik oʻyinlaridagi qolgan barcha jihatlar murabbiylar uchun xizmat qiluvchi aslida. Muhimi, Kuper oʻtkazilgan oʻyinlardan toʻgʻri xulosa chiqarmogʻi lozim.

Kuperning uslubi haqida oʻtgan maqolamda batafsilroq toʻxtalgandim. Hozir buni takrorlamoqchi emasman. Shunchaki bir narsani eʼtiborga olish lozim. Kuper tajribali va avvalgi top murabbiylar elitasiga mansub mutaxassis. Hozirgi zamonaviy futbolda kuzatilayotgan taktik rang-baranglik, hujumkor yoki toʻp nazoratiga asoslangan futbol unga begona.

Kuper hozirgi zamon futboliga eskicha qarash bilan yondoshadi. Uning oʻz taktikasi va uslubi bor. Kuper futbolchilarga qarab taktika tuzadigan mutaxassis emas, aksincha, oʻz taktikasi va uslubidan kelib chiqib futbolchilarni tanlaydigan murabbiy. Kuperdan uslubini yoki jamoa taktikasini oʻzgartirishni soʻrashdan maʼno yoʻq. Chunki Kuper bu ishga qoʻl urmaydi. Bu xuddi Mourinyudan Gvardiola qoʻllayotgan uslubni talab qilish yoki aksincha, Pepdan Joze kabi “avtobus” uslubidan foydalanishni kutishdek gap.

Men Oʻzbekiston terma jamoasi himoyadan oʻyinni qurishi kerak, degan fikrni ilgari surishdan yiroqman. Ammo Kuperning uslubi va taktikasidan kelib chiqib, undan aynan shu uslubni takomillashtirishni va jamoaviy oʻyinni shakllantirishni kutaman. Kuperning oʻyin falsafasi mudofaa chizigʻini ehtiyot qilish.

Eng yaxshi himoya - hujum, degan iborani Kuper xushlamaydi. Janob Ektor Kuper uchun hujumni himoyadan boshlash maʼqul variant. Murabbiydan uslubni yoki taktikani oʻzgartirishni talab qilish nooʻrin, menimcha. Hamma oʻz bilganicha va oʻzi toʻgʻri deya hisoblagan yoʻldan yuradi. Jurnalist, muxlislar va rahbariyat murabbiydan faqat natijani talab qilishga haqli. Jamoani qanday, qay koʻrinishda oʻynatish esa Kuperning istagi va xoxishiga bogʻliq.

Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, Oʻzbekiston terma jamoasi oʻyinida balans, yaʼni muvozanat tiklanishini kutamiz. Himoya hamda hujum oʻrtasida balans vujudga kelsagina, Kuper oʻylayotgan oʻyin va bu orqali natijaga erishish mumkin. Avval yozganimdek, koʻp narsa Kuper buni qanchalik uddalashi va oʻz qarashlarini futbolchilarga qay tariqa tushuntira olishiga bogʻliq. Bu esa endi janob Kuperning muammosi. Muhimi, Kuper xohlayotgan metin himoya qurishni uddalashimizga biz yoki murabbiy emas, avvalo futbolchilar ishonishlari lozim. Murabbiy va futbolchilar oʻrtasidagi katta ishonch hamda hamjihatlik boʻlsagina - Kuper uslubi muvaffaqiyat keltirishi mumkin.

Ektor Kuperga haqiqiy bahoni esa qishda beramiz. Aynan qishda boʻladigan Osiyo Kubogida koʻp narsa maʼlum boʻladi. Chunki Kuper istayotgan va qoʻllayotgan taktika natija keltirishi uchun yillar kerak emas. Chunki natijaga erishishning eng oson yoʻli, bu himoyadan oʻyin qurish. Himoyadan oʻynash - natijani oʻylashni anglatadi. Kuper avvalo xavfsizlikni oʻylamoqdami, demak Osiyo kubogida natija koʻrsatmoqchi. Bu bizga toʻgʻri keladimi yoki yoʻq, hammasiga BAAda oʻtadigan Osiyo kubogi yaxshigina javob berishi lozim.

Shuni ham qayd etish kerakki, Kuperning dastlabki yigʻiniga jalb etilgan futbolchilarni argentinalik murabbiy tanlamagan, aksincha OʻFA xodimlarining tavsiya va terma jamoaning oxirgi yillardagi yigʻinlariga jalb etilgan futbolchilar roʻyxatidan kelib chiqib tuzilgan short-list. Ochigʻini tan olish kerak, Kuper bizning futbolchilarni yaqindan tanimaydi. Terma jamoa yigʻiniga kelgan futbolchilar bilan shaxsan tanishib, ularni bilib olgan boʻlishi mumkin. Ammo ularni futbolchi sifatida nimalarga qodirligi haqida tasavvurga ega emas. Terma jamoaga futbolchi jalb etish bu shunchaki qandaydir boʻlim yoki Oʻzbekiston chempionati haqida chuqur tasavvurga ega boʻlmagan mutaxassislar qoʻliga qolmasligi lozim. Kuperga avvalo Oʻzbekiston chempionatida ishtirok etayotgan futbolchilar haqida batafsil va keng maʼlumot beradigan mutaxassisni topshirish kerak. Hamma ishni oʻzining mutaxassisi qilgani maʼqul.

Koʻpchilik terma jamoamizda avlodlar almashuvini oʻtkazishni, bosh jamoamizni qishda yoshlar terma jamoasi safida qitʼa chempioni boʻlgan futbolchilar bilan toʻldirishni, masʼuliyatni ularga yuklashni istashmoqda. Guyoki ular bilan Kuper hujumkor futbol namoyish etadigandek. Kuperni taktikasi va uslubida qitʼada chempion boʻlgan yoshlarimiz boshqacha oʻynashlarini kutish gʻalati. Chunki futbolchilar Kuperning koʻrsatmasi va talabi bilan taktikaga qatʼi amal qilishmoqda. Kuper qisqa va loʻnda qilib tushuntirdi, terma jamoada uning kriteriyasiga javob beradigan istalgan futbolchi oʻynashi mumkin. Uning yoshi yoki tajribasi katta ahamiyat kasb etmaydi. Muhimi, oʻsha paytdagi optimal sport formasi va jismoniy holatiga koʻp narsa bogʻliq.

Bu degani Kuper terma jamoamizni yangilashni yoki jamoani qaytadan yoshlar orqali tuzmoqchi emasligini anglatadi. Albatta, yoshlar terma jamoamizda oʻynagan baʼzi futbolchilar terma jamoaga darajasiga tortadi. Ammo hammasi ham bu darajada oʻynab ketishiga kafolat yoʻq. Turli yoshdagi musobaqalar va milliy terma jamoa oʻrtasidagi farq va daraja umuman boshqa-boshqa. Yoshlar terma jamoamizdan ham Kuper taktikasiga mos tushuvchi futbolchilargina Osiyo kubogiga borishadi.

Shu boisdan ham yangisini katta maydonda koʻrmasdan turiboq eskisiga keskin fikrlarni bildirish yoki yakuniy bahoni bermaslik lozim.

Buyogʻiga Kuper aytganidek, qishgacha sabr qilib “Despacito” qoʻshigʻini tinglab turamiz...

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Despacito” qoʻshigʻi yoxud Kuperning ilk yigʻini tahlili