16:03 / 22.09.2018
2 914

Mirjalol Qosimov: “Men oʻzimni koʻrsatmoqchi emasman, shunchaki sidqidildan ishimni bajaryapman xolos”

Mirjalol Qosimov: “Men oʻzimni koʻrsatmoqchi emasman, shunchaki sidqidildan ishimni bajaryapman xolos”
“Bunyodkor” klubining hozirgi paytda qiyin sharoitda tushib qolgani hech kimga sir boʻlmasa kerak. Shunga qaramasdan Mirjalol Qosimov boshchiligidagi jamoaning koʻrsatayotgan oʻyini va natijasini tahsinga sazovor deb atashimiz mumkin. Toʻgʻri, hali mavsum tugagani yoʻq va kurashlar oldinda. Biroq “Bunyodkor” deyarli oʻz tarbiyalanuvchilari bilan ham chempionlik uchun kurashda ishtirok etyapti. Bunda esa shubhasiz Qosimovning hissasi juda katta. Bunday qiyin sharoitdagi jamoani boshqarish va uni barqarorlikda ushlab turish ancha-muncha murabbiyning qoʻlidan kelmasligi aniq.

Biroq Mirjalol Qosimov murabbiylik salohiyatini namoyish etgan holda hamon “Bunyodkor”ning mavqeini saqlab turibdi. Kuni-kecha uning Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangani ham bejiz emas. Uning “Bunyodkor”da olib borayotgan ishlari va mehnatlari yaqqol namoyon boʻlib turibdi va bundan koʻz yumib boʻlmaydi ham. Yaqinda Andijonda Oʻzbekiston Kubogi chorak final doirasida mezbonlarni 1:2 hisobida yenggan “Bunyodkor” endi yarim finalda ishtirok etadi.

Taʼkidlash joizki, ushbu suhbatdan soʻng Qosimov Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Ammo uning “Bunyodkor” haqidagi fikrlari hech kimni beeʼtibor qolirmasa kerak.

- Chempionlik uchun kurashda “Lokomotiv”, “Paxtakor” va “Navbahor” kabi jamoalarning imkoniyatlari yuqori baholanyapti. Ammo ularning orasida “Bunyodkor”ning ham borligini unutmaslik kerak. Hozirgi sharoitdan kelib chiqqan holda jamoangizning bu boradagi imkoniyatini qandy baholaysiz?
- Hamma narsa oʻzimizning qoʻlimizda. Buning uchun qanday oʻynashimizga bogʻliq. Yuqori oltilikdagi har bir jamoada medallar uchun imkoniyat bor. Nomlari keltirib oʻtilgan toʻrtta jamoa esa Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish uchun bor kuchini ishga solishyapti. Bizning ham maqsadimiz chempionat orqalimi yoki Kubok orqalimi, chempionlar ligasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdir.

- Yaqinda “Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladze Superliganing hozirgi formatiga eʼtiroz bildirdi. Yaʼni, yozgi tanaffusga 1-oʻringa chiqib, 3-oʻrinda qaytganini aytdi. Umuman aytganda, ushbu formatga munosabatingiz qanday?
- Agarda bu format haqida ikkita davra tugaganidan keyin aytilganida bu boshqa gap edi. Ammo assotsiatsiya tomonidan yilning boshida har bir klub rahbarlari va murabbiylariga format oʻzgarishi haqida aytilgan. Shu bois bu haqida hammaning xabari bor edi. Demak, bundan hayron qolishga hojat yoʻq. Masalan, biz ham yangi format asosida oʻynadik va ikkinchi bosqichga oʻtganda 4-oʻringa tushib qoldik.

- Demoqchimanki, siz bu borada jar solmayapsiz...
- Yoʻgʻ-ye, jar solishning nima keragi bor? Axir bizga chempionat boshlanishidan hammasi maʼlum edi. Hali hech nima yoʻqotilgani yoʻq, mavsum tugashigacha vaqt bor. Oldimizda 9 ta oʻyin turibdi. Oʻz kuchimizni ushbu oʻyinlar orqali yana sinab koʻramiz.

- “Bunyodkor”ning keyingi taqdiri barchani oʻylantirib qoʻydi. Qisqa muddat ichida oʻzbek futboli mavqeini koʻtarishda munosib hissasini qoʻsha olgan jamoaning kelajagi mavhum boʻlib qolayotgani ajablanarli. Yaʼni, kelasi yilga “Bunyodkor” boʻladimi-yoʻqmi, degan savollar ham koʻp yangramoqda.
- Oldin ham aytganman, Xudo xohlasa, “Bunyodkor”ning umri uzoq boʻladi. Albatta, bunday jamoa yoʻq boʻlib ketmasligi kerak. Qurish oson emas, ammo buzib tashlash juda oson. Ammo keyin bu narsani qaytarib boʻlmaydi. Jamoamiz akademiyasiga mingga yaqin bolalar kelishadi. Hozirgi tarkibimizning 70-80 foizi akademiyamiz tarbiyalanuvchilari tashkil etadi. Umid qilamanki, “Bunyodkor”ning umri uzoq boʻladi.

- Jamoada sizning qilayotgan mehnatlaringiz asosiy oʻringa chiqmoqda...
- Bu bitta mening mehnatim emas. Klubimizda qorovuldan tortib prezidentigacha barchaning mehnati bor.

- Bunday sharoitda va bunday tarkib bilan Mirjalol Qosimov eplay olmaydi deb gapirishgandi. Hozirgi paytda esa “Bunyodkor” va siz oʻz saviyangizni koʻrsatyapsizlar...
- Gap-soʻzlar hech qachon tugamaydi. Bu – hayot, kimgadir osh, mastava yoki andijoncha osh yoqadi. Har bir insonning gapiga quloq solsak, hayot hayot boʻlmay qoladi. Muammolar boʻlib turadi. Doim hamma narsa bir tekisda boʻlavermaydi. Avvalambor pulni emas, balki oʻyinni asosiy oʻringa qoʻyish kerak. Jamoamizning oʻyiniga keladigan muxlislar chiroyli futbol koʻrishadi. Shuning uchun ham biz muxlislar uchun oʻynaymiz. Doim chiroyli, hujumkor, tomoshabop va maʼnoli oʻyin koʻrsatishga harakat qilamiz. Biz shu narsani yoʻlga qoʻydik. Muhimi, jamoamiz juda ahil.

- Boshqa jamoalarga kerak boʻlmagan va “Bunyodkor”ga keraksiz futbolchilarga aylangan yigitlarni yana qaytarib “oʻynatib” yubordingiz. Hatto terma jamoa darajasigacha chiqara oldingiz. Ularni qanday “uygʻota” oldingiz?
- Hammasi oddiy. Ularga oddiy, inson tushunadigan soʻzlarni aytaman. Osmondan olingan soʻzlar emas. Yigitlarimiz nima uchun oʻynashayotganini bilishadi. Ularning oʻyinidan muxlislar xursand boʻlishyapti va oʻzlari ham oʻyinlaridan mamnun boʻlishyapti.

- Tashqaridan qaraganda, “Bunyodkor” goʻyoki hech kimga kerak emasdek, ammo sizlar nimanidir isbotlash uchun harakat qilayotgandeksizlar...
- Chetdan birovning xotini qizdek koʻrinadi. Ha, oʻzimizga yarasha muammolarimiz bor. Bu esa hech kimga qiziq emas. Lekin muammolarni yechishga harakat qilamiz, hayot esa davom etadi.

- Oʻrningizda boshqasi boʻlganida bunday sharoitda “Bunyodkor”ni eplay olmasligi ham koʻp taʼkidlanmoqda...
- Buni bilmayman. Elning ogʻziga elak tutib boʻlmaydi.

- Milliy terma jamoamizga bosh murabbiy etib tayinlangan Ektor Kuper haqida fikringiz qanday?
- Fikrim oʻsha-oʻsha. Moskva ham bir kunda qurilmagan. Shu bois hammasiga vaqt kerak. Kuper dunyoda tanilgan murabbiy. Xohlaymizmi-yoʻqmi, u yangi muhitga keldi. Shu bois albatta unga vaqt kerak. U futbolimizni yaxshilab oʻrganishi kerak. Oʻylaymanki, unga qiyin boʻladi. Ammo hammasini vaqti soati bilan toʻgʻrilab oladi.

- Nima deb oʻylaysiz, milliy terma jamoamizning murabbiylar shtabiga oʻzimizning biror-bir mutaxassislarimiz qoʻshilgani maqsadga muvofiq boʻlarmidi?
- U oʻz yordamchilari bilan kelgan. Balki biror murabbiyimiz shtabidan oʻrin olganida foydasi tekkan boʻlardi.

- Yaxshi futbolchidan yaxshi murabbiy chiqmaydi deb koʻp aytishadi. Ammo bu soʻz sizga nisbatan aytilgan emasdek...
- Chetda turib olib gapirish oson, chunki tilning suyagi yoʻq. Futbol ham bir sanʼat. Qoʻlda emas, oyoqda oʻynaladi. Futbolda mayda-chuyda narsalar boʻlmasligi kerak.

- Lekin hozirgi qiyin sharoitda ham murabbiy sifatida oʻzingizni koʻrsatish uchun ishtiyoqingiz kuchli, toʻgʻrimi?
- Men oʻzimni koʻrsatmoqchi emasman, shunchaki murabbiy sifatidagi oʻz ishimni sidqidildan bajaryapman xolos.

- Shunchaki, maʼlum tanaffusdan keyin katta ishtiyoq bilan qaytgandek koʻrinyapsiz-da?!
- Bilmadim, bunisi endi sizlarga havola. Har xolda chetdan turib kuzatish oson.
OZODBЕK suhbatlashdi.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: “Men oʻzimni koʻrsatmoqchi emasman, shunchaki sidqidildan ishimni bajaryapman xolos”