22:15 / 09.10.2018
3 338

Paraosiyo oʻyinlari. Oʻzbekiston hisobidagi medallar soni 30 tadan oshdi

Paraosiyo oʻyinlari. Oʻzbekiston hisobidagi medallar soni 30 tadan oshdi
Jakartada Paraosiyo oʻyinlari davom etmoqda. Musobaqaning uchinchi kuni ham Oʻzbekiston vakillari uchun omadli keldi.

Ayollar oʻrtasida 200 m masofaga kompleks usulda suzish musobaqasida Fotima Amilova 02:21,82 natija bilan oltin medalga sazovor boʻldi. Bundan tashqari, u jahon rekordini ham yangiladi. Marraga undan keyin ikkinchi boʻlib Shohsanam Toshpoʻlatova yetib keldi va kumush medal sohibasiga aylandi.

Ushbu ikki suzuvchi kecha 100 metrga erkin usulda suzish bahslarida ham xuddi bugungidek oltin va kumush medallarni qoʻlga kiritishgan, Amilova 58,66 soniya natija bilan Paraosiyo oʻyinlari rekordini oʻrnatgan edi.

Suzish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Dmitriy Xorlin uchinchi kuni ham medal olishga muvaffaq boʻldi. U bu safar kompleks usulda 200 metrga suzish bellashuvlarida qatnashib, hammadan birinchi boʻlib marraga yetib keldi va 02:26.30 natija bilan Osiyo rekordi yangiladi. Undan keyin Firdavs Musabekov (02:22.07) marraga yetib keldi va kumush medal bilan taqdirlandi. Shu tariqa, bu yoʻnalishda ham shohsupa yuqorisidan ikki oʻzbekistonlik atlet joy oldi.

Bu Xorlinning musobaqadagi 3-medali boʻldi. Dmitriy 7 oktyabr kuni 400 m masofaga suzishda oltin medal olish bilan birga Osiyo rekordini oʻrnatgan edi. U 8 oktyabrda 100 m masofaga erkin usulda suzishda bronza medali sohibi boʻldi.

Bugun, shuningdek, 100 metrga yugurish musobaqasida ham gʻolib va sovrindorlar aniqlandi. Unda kecha 200 metrlik masofani 22,79 soniyada bosib oʻtib, oltin medal sohibi boʻlgan Doniyor Ahmedov ishtirok etib, ikkinchi oltin medalini (11:26 soniya) qoʻlga kiritdi.

Hozirga kelib, Oʻzbekiston hisobidagi medallar sonini 31 taga yetdi – 18 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza. Shular orasidan 13 ta medal suzish bahslarida qoʻlga kiritildi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Paraosiyo oʻyinlari. Oʻzbekiston hisobidagi medallar soni 30 tadan oshdi