23:38 / 10.10.2018
3 172

Otabek Gʻulomxoʻjayev: “Shotlandlarning ham, qolganlarning ham bizdan ortiq joyi yoʻq”

Отабек Ғуломхўжаев: "Шотландларнинг ҳам, қолганларнинг ҳам биздан ортиқ жойи йўқ"
Oldin xabar berib oʻtganimizdek, Otabek Gʻulomxoʻjayev boshqaruvidagi Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Ispaniyadagi xalqaro musobaqada ishtirok etmoqda.

Ular ilk turda Shotlandiya U-18 terma jamoasiga qarshi bahs olib borishdi. Garchi oʻzlaridan bir yosh katta akalariga qarshi oʻynaganliklariga qaramay, vakillarimiz raqib bilan 1:1 hisobida durang oʻynadi.

Oʻyinning 32 daqiqasida Shotlandiya terma jamoasi futbolchisi Etan Jeyms hisobni ochdi. Birinchi boʻlim teng kurashlar ostida oʻtib, darvozalar boshqa ishgʻol qilinmadi.

Ikkinchi boʻlimni futbolchilarimiz toʻliq ustunlik bilan boshlashdi. Oʻyinning 55-daqiqasiga kelib Otabek Gʻulomxoʻjayev bir yoʻla 3 nafar futbolchini almashtirdi. Shundan soʻng hamyurtlarimizning xujumlari yanada keskinroq tus ola boshladi. 58 daqiqada oʻzbekistonliklarning xavfli xujumini shotlandiyaliklar qoidani buzgan holatda toʻxtatishga majbur boʻlishdi va hakam oʻyinda penalti belgiladi. Penaltini aniq bajargan Jasur Jaloliddinov hisobni tenglashtirdi. Oʻyin oxiriga qadar ushbu hisob oʻzgarmay qoldi.

Eslatib oʻtamiz, hamyurtlarimiz keyingi oʻyinni 13 oktyabr kuni Belgiyaga qarshi oʻtkazishsa, soʻnggi oʻyin 15 oktyabr kuni Fransiyaga qarshi boʻlib oʻtadi.

Xalqaro musobaqa

Shotlandiya – Oʻzbekiston 1:1
Gollar:
Etan Jeyms 32, 1:0, Jasur Jaloliddinov 58, 1:1.

Oʻzbekiston U-17: Abduvoxid Neʼmatov, Ulugʻbek Xoshimov, Xojimat Erkinov, Odil Abdumajidov, Bexzod Shamsiyev, Sunnatillo Hamidjonov, Ibrohim Xalil Yoʻldoshev, Eldor Begimov, Ibroxim Ibragimov, Jasur Jaloliddinov, Diyor Ramazonov.

Shotlandiya U-18: Ross Endryu Sinkleyr, Natan Patterson, Din Kempbell, Lyuk Robinson, Teylor Uilson, Mark Leonard, Etan Erxaxon, Entoni MakDonalds, Eidan Fitspatrik, Jeymi Sempl, Etan Jeyms.

Uchrashuvdan soʻng termamiz ustozi Otabek Gʻulomxoʻjayev oʻyin borasidagi oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi. Bu haqda OʻFA rasmiy sayti xabar bermoqda.

“Agar eʼtibor qilgan boʻlsangiz, xalqaro maydonda bir necha bor koʻrinish bergan futbolchilar oʻziga boʻlgan ishonchi bilan ajralib turdi. Ilk bor safarda boʻlib turgan yigitlarda esa boshida hayajon sezildi. Nima demoqchiman, bunday raqiblarga qarshi oʻrtoqlik oʻyinlarining koʻproq boʻlishi faqat va faqat foydalidir.

Oʻsha Shotlandiya ham, boshqa termalar ham xuddi biz kabi futbol oʻynashini, bizdan ortiq joyi yoʻqligini futbolchilar ongli ravishda tushunib olishlari kerak. Shuning uchun ham Ispaniya yigʻinini tashkil qilib bergan OʻFA rahbariyatiga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman”, — dedi Gʻulomxoʻjayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek Gʻulomxoʻjayev: “Shotlandlarning ham, qolganlarning ham bizdan ortiq joyi yoʻq”