Kokorin va Mamayev politsiya mahkamasidagi soʻroq haqida gapirib berishdi (foto)

  • 12-10-2018, 08:26
  • 493
  • Sport
  • Kokorin va Mamayev politsiya mahkamasidagi soʻroq haqida gapirib berishdi (foto)
    “Zenit” va “Krasnodar” futbolchilari Aleksandr Kokorin va Pavel Mamayev vaqtincha hibsga olinganidan soʻng, dastlabki intervyuni berishdi.

    Futbolchilarni 10 oktyabr kuni kechqurun politsiya mahkamasiga olib kelishgan edi. Shundan soʻng, soʻroq tungi soat 3-4largacha davom etgan.

    Futbolchilar tunni avtozakda oʻtkazishgan. Ularni kechasi shahar aylanishga olib chiqib, tergov xonasiga faqat soat 9:45da qaytarishgan.

    Foto: RIA Novosti

    “Soʻroq tungi soat 3-4gacha davom etdi”, — degan Mamayev va tergov harakatlarining tunda oʻtkazilishiga rozi boʻlganini tasdiqlagan.

    “Bunga eʼtirozim yoʻq. Soʻroq uzoq vaqt davom etdi. Hech narsani yashirmadim. Axir biror narsani inkor qilib boʻlarmidi? Uchta holat boʻyicha soʻroq qilindim. Toʻgʻrisini aytsam, oʻzimni juda axloqsiz tutgandim. Hammasiga oʻzimiz aybdormiz. Soʻroqdan keyin qon tahlilini topshirdik. Giyohvandlik moddasini isteʼmol qilmagandik”, — dedi Mamayev.

    Foto: RIA Novosti

    Oʻz navbatida Kokorin tungi soʻroqqa rozilik bermagani, ammo bunga qarshi emasligini aytgan.

    “Juda ham oshirib yuborishdi. Biz faqat pivo ichgandik. Hammasi futbol oʻyinidan keyin, mashgʻulotlar va uyqusiz tundan soʻng yuz berdi... Poyezdda ham uxlamagandik. Negadir bizni tuni bilan avtozakda shahar boʻylab olib yurishdi. Juda ham afsusdaman. Sportni tark etmoqchi emasman, umid qilamanki, hech kim meni chetlashtirmaydi”, - degan u.

    Shuningdek, Kokorin Minpromtorg mulozimi Denis Pakni stul bilan urganiga izoh bergan.

    “U odam meni haqorat qildi, aks holda oʻzimni bunday tutmagan boʻlardim. Ammo videoda u bilan orani ochiq qilganimiz, oxirida qoʻl berib koʻrishganimiz ham bor. Buni guvohlar ham tasdiqlashadi” - degan Kokorin.

    Hozirda Mamayev uch kishilik xonada saqlanmoqda. Uning qoʻshnilaridan biri ashaddiy retsidivist, ikkinchisi uzoq masofalarga qatnovchi yuk mashinasi haydovchisi. Ularga ham “Bezorilik” moddasi boʻyicha ayblov qoʻyilgan.

    Kokorin ham uch kishilik kameraga qamalgan. Uning hamrohlari ham ayni vaqtda tergov jarayonida. Uning jurnalistlarga aytishicha, tergovchilardan biri Pavel Mamayevni “palid” deya haqoratlagan.

    “Moskovskiy komsomoles” jurnalisti Kokoringa:“Oʻzingga hujum boʻlishidan qoʻrqmayapsanmi?”- deya hazilomuz savol bergan va unga hazilomuz javob qaytarilgan. “Qoʻrqishga hojat yoʻq, bu yerda stullar yoʻq, barcha oʻrindiqlar polga mahkamlangan. Agar oʻshanda kafeda ham stullar polga mahkamlangan boʻlganida, bu ishlar boʻlmasdi”, – degan Aleksandr.

    Eslatib oʻtamiz, 8 oktyabr kuni har ikki futbolchi Moskvadagi qahvaxonalardan birida Minpromtorg mulozimi Denis Pak va “NAMI” tashkiloti rahbari Sergey Gaysinni doʻpposlashgani tasvirlari tarqalgandi. Bu mojarodan biroz oldin esa futbolchilar “Perviy kanal” boshlovchisi Olga Ushakovaning haydovchisiga hujum qilishgan. Jabrlanganlar turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bu ish yuzasidan Moskva politsiyasi 213-modda (Bezorilik) boʻyicha jinoyat ishi ochdi va futbolchilarni 48 soatga hibsga oldi.

    Ular oʻz aybiga iqror boʻlgani aytilgan. Har ikki futbolchiga 7 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda.

    » » Kokorin va Mamayev politsiya mahkamasidagi soʻroq haqida gapirib berishdi (foto)