Ektor Kuper oʻz ishiga jiddiy yondashmoqda. Buni nimalarda koʻrish mumkin?

  • 12-10-2018, 08:55
  • 550
  • Sport
  • Ektor Kuper oʻz ishiga jiddiy yondashmoqda. Buni nimalarda koʻrish mumkin?
    Ayni kunlarda Oʻzbekiston terma jamoasi Ektor Kuper murabbiyligidagi ikkinchi yigʻinini oʻtkazmoqda. Yigʻin doirasida 13 oktyabr kuni KXDR, 16 oktyabrda Qatar termalariga qarshi oʻrtoqlik oʻyinlari boʻlib oʻtadi. “Tribuna.uz” sayti milliy jamoa mashgʻulotlari va argentinalik mutaxassis faoliyatiga oid baʼzi maʼlumotlarni taqdim etdi.

    Futbolchilar tushga qadar trenajer zalida shugʻullanishyapti. Maydondagi mashgʻulotlar bir mahal – kechga yaqin 1,5 soat davom etmoqda, shundan soʻng mehmonxonaga qaytib, yana 1,5 soat davomida basseynda tanani chiniqtirish amaliyotlari tashkil etilyapti.

    Xususan, murabbiy koʻrsatmasiga koʻra, futbolchilar har kuni avval 15 daqiqaga muzli vanna qabul qilib, soʻng saunaga yoʻl olishmoqda. Shundan keyin normal haroratdagi basseynda tiklanish jarayoni olib borilyapti.

    “Tribuna.uz” manbasi bergan maʼlumotga koʻra, shu maqsadda terma jamoa uchun har kuni 200 kg muz tayyorlash zarurati tugʻilgan. Natijada ayni paytga kelib OʻFA suvni muz boʻlaklariga aylantiruvchi maxsus qurilmani ijaraga olishiga toʻgʻri kelgan.

    Sayt muxbirining aniqlashicha, bosh murabbiy Ektor Kuperning talabiga koʻra, nafaqat oʻyinlardan oldin, balki keyin ham basseyndagi ana shunday uch bosqichli tiklanish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmoqda. Yaʼni terma jamoa aʼzolari uchrashuvlardan soʻng mehmonxonadagi nomerlariga emas, balki avval muzli vanna, sauna va jakuziga borishadi. Bu Yevropaning koʻplab jamoalarida joriy etilgan jarayon boʻlib, oʻyinchilarning jismonan tezroq tiklanishlariga yordam beradi.

    Murabbiylar shtabi OʻFA rasmiylaridan Osiyo kubogida ushbu jihatga alohida eʼtibor qaratishni soʻragan. Maʼlum boʻlishicha, BAAdagi musobaqa tashkilotchilari har bir ishtirokchi jamoaga kuniga 20 kg muz ajratilishini belgilab qoʻygan va bu asosan jarohatlar uchun foydalanishga moʻljallangan. Ammo, yuqorida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston delegatsiyasiga muzli basseyn uchun bundan ancha koʻproq muz kerak boʻladi. Shu boisdan terma jamoa mutasaddilari bu muammoni qoʻshimcha xarajatlar evaziga hal qilishni tashkilotchilar bilan kelishib olishgan. Unga koʻra, Oʻzbekiston termasining oʻyinlaridan bir kun oldin va bevosita matchdan keyin mehmonxonalarning tegishli boʻlimlari oldindan kamida 1 soatga band qilib qoʻyiladi.

    Kuper yigʻin davomida intizom masalasiga juda jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Argentinalik mutaxassis barcha ishlar shaxsan oʻzining nazoratida va qatʼiy tartib bilan boʻlishini talab qilyapti. Oʻyinchilar u aytgan vaqtda uyquga ketishi va uygʻonishi, hech qanday oʻzboshimchalikka yoʻl qoʻyilmasligini istamoqda. 62 yoshli mutaxassis nafaqat futbolchilarga, balki terma jamoa rahbariyati va federatsiya mutasaddilariga nisbatan ham ancha talabchanlik bilan yondashmoqda.

    Manbaning bildirishicha, 6 avgust kuni Oʻzbekistonga kelgan Ektor Kuper shundan buyon hali oilasi bagʻriga qaytgani yoʻq. U Toshkentda uy bilan taʼminlangan. Faqat yigʻin vaqtlaridagina terma jamoa bilan mehmonxonada yashamoqda. Yigʻinlardan tashqari vaqtlarda Kuper Superliga oʻyinlarini doimiy ravishda kuzatmoqda. U bir necha marta viloyatlarga chiqib, chempionat uchrashuvlarini koʻrib qaytgan.

    Viloyatlarga safarlari vaqtida Oʻzbekiston termasi ustoziga tarjimon va tahlilchi-yordamchisi Mahmud Fayoz Muhammad Shudaf hamrohlik qilmoqda. 36 yoshli misrlik ushbu mutaxassis jamoada jismoniy tayyorgarlik boʻyicha yordamchi murabbiy sanaladi. Mahmud Fayoz Superliga oʻyinlari yozilgan disklar yordamida termaga nomzod futbolchilarning jismoniy faolligiga baho bermoqda, xususan, qaysi futbolchi qancha masofa yugurgani boʻyicha Kuperga statistik hisobot berib turibdi. Murabbiylar oʻyinlar tahlili vaqtida muayyan vaziyatlarda (stop-kadrlar yordamida) nomzod futbolchining toʻpsiz holatda tanlagan pozitsiyasiga alohida eʼtibor qaratmoqda.

    Terma jamoaga yaqin manbaning taʼkidlashicha, ikkinchi yigʻinda ham maydondagi mashgʻulotlar har kuni har xil tarzda tashkil etilmoqda. Bir kun qoʻllanilgan mashqlar majmui ertasiga aynan takrorlanmayapti. Darvozabonlar bu safar, birinchi yigʻindan farqli oʻlaroq, diametri kichikroq toʻplar bilan ham shugʻullana boshlashdi (suratda).

    Oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari, avval xabar qilinganidek, Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti stadionida oʻtkazilyapti. Terma jamoa “City Palace” mehmonxonasida istiqomat qilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, avvalroq toʻliq tarkibda oʻtgan ilk mashgʻulotlardan fotoreportaj taqdim etilgan, jarohatlar sabab tarkibda roʻy bergan oʻzgarishlar maʼlum qilingan edi.

    » » Ektor Kuper oʻz ishiga jiddiy yondashmoqda. Buni nimalarda koʻrish mumkin?