Paraosiyo oʻyinlari. Oʻzbekiston 77 ta medal bilan oʻz ishtirokini yakunladi (jadval)

  • 12-10-2018, 21:12
  • 967
  • Sport
  • Paraosiyo oʻyinlari. Oʻzbekiston 77 ta medal bilan oʻz ishtirokini yakunladi (jadval)
    Indoneziyada davom etayotgan Paraosiyo oʻyinlarining navbatdagi kun bahslarida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan 10 nafar sportchi shohsupaga koʻtarildi. Sovrindorlar sportning ikki turida – yengil atletika va suzish bahslarida beshtadan medalni umumiy jamgʻarmaga qoʻshib qoʻyishdi.

    Yengil atletika

    Uzunlikka sakrash bahslarida Asila Mirzayorova bronza medal sohibasi boʻldi. 19 yoshli atlet ikkinchi oʻrinni olgan yaponiyalik sportchidan 1 sm.ga ortda qoldi.

    Disk uloqtirishda Elbek Sultonov bronza medaliga sazovor boʻldi. Eslatib oʻtamiz, u avvalroq yadro uloqtirishda oltin olishning uddasidan chiqqan edi.

    1500 metrga yugurish bahslarida Maʼrufjon Murodillayev barcha raqiblarini ortda qoldirib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi. U toʻrt yil avval Incheonda oʻtkazilgan Paraosiyo oʻyinlarida ham shu yoʻnalishda gʻolib chiqqan edi.

    Kechga yaqin uzunlikka sakrashda yana bir medal qoʻlga kiritildi. Bu safar Sabina Suxanova musobaqadagi ilk kumush medaliga erishdi. Oʻtgan kunlar davomida u 3 karra bronza medal sohibasi boʻlgan edi.

    Yengil atletikada Oʻzbekiston uchun kunning soʻnggi medali Fahriddin Hamroyevga nasib etdi. U 5000 metrga yugurishda marra chizigʻini ikkinchi boʻlib kesib oʻtdi va delegatsiya jamgʻarmasini yana bir kumush medal bilan boyitdi.

    Suzish

    50 metrga erkin usulda suzish bahslarida ikkita oltin medal qoʻlga kiritildi: S12 yoʻnalishida Dmitriy Xorlin, S13da Islom Aslanov chempionlikka erishdi. Shuningdek, S13 yoʻnalishida Aslanovdan keyin marraga yetib kelgan Muzaffar Tursunxoʻjayev kumush medal bilan taqdirlandi.

    Bugun Xorlin ham, Aslanov ham musobaqada 5-marta sovrindor safidan joy oldi.

    Ayollar oʻrtasidagi musobaqalarning yaqqol favoritlari – Fotima Omilova va Shohsanamxon Toshpoʻlatova bugun ham shohsupadan joy olishdi. 50 metrga erkin usulda suzishda Omilova oltin, Toshpoʻlatova kumush medalni oʻziniki qildi.

    Eʼtiborlisi, Shohsanamxon va Fotima musobaqada oʻzlari ishtirok etgan 7 ta yoʻnalishdagi bahslarning barchasida shohsupaga koʻtarilishdi. Bu ikki atlet birgalikda 7 ta oltin, 6 ta kumush, 1 ta bronza bilan umumiy jamgʻarmaga salmoqli hissa qoʻshdi.

    Shu tariqa, Oʻzbekiston delegatsiyasi musobaqaning 6-kunida 4 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza qoʻlga kiritib, jami medallar sonini 77 taga yetkazdi. Bu sovrinlarning qariyb yarmi eng yuqori qiymatga ega: 35 ta oltin, 24 ta kumush va 18 ta bronza. Bu natija bilan Oʻzbekiston turnirni, xuddi Osiyo oʻyinlarida boʻlgani kabi, 5-oʻrin bilan yakunlamoqda.

    Ertaga, 13 oktyabrda toʻrtta sport turida musobaqalar yakunlangach, uchinchi marta tashkil etilgan Paraosiyo oʻyinlarining yopilish marosimi boʻlib oʻtadi.

    » » Paraosiyo oʻyinlari. Oʻzbekiston 77 ta medal bilan oʻz ishtirokini yakunladi (jadval)