00:05 / 16.10.2018
4 544

Javohir Sindarov jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteridan biriga aylandi

Javohir Sindarov jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteridan biriga aylandi
Bugun, 15 oktyabr kuni Vengriya poytaxtidan xushxabar keldi. Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan “First Saturday GM” xalqaro turnirida iqtidorli shaxmatchimiz Javohir Sindarov muvaffaqiyatli ishtirok etib, uchinchi grossmeysterlik talabini bajardi va 12 yoshida jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteriga aylandi.

Bundan bir yil oldin Javohir xalqaro shaxmat ustasi unvoniga sazovor boʻlib, Prezidentimizning qimmatli sovgʻalarini qoʻlga kiritgandi.

Oʻtgan bir yil ichida Javohir oʻz ustida tinimsiz ishlab, joriy yil iyun oyida “Voronej open-2018” xalqaro musobaqasida birinchi, sentyabr oyida Turkiyada oʻtkazilgan 20 yoshgacha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida ikkinchi grossmeysterlik talabini bajargandi.
Shunisi quvonarliki, Javohir 12 yosh 10 oy 8 kunda grossmeysterlik unvonini qoʻlga kiritib, jahon shaxmati tarixida S.Koryakindan (12 yoshu 7 oy) keyin ikkinchi, shaxmat vatani boʻlmish Osiyoda esa birinchi — eng yosh shaxmatchi sifatida oʻz nomini tarix yilnomalariga muhrlab qoʻydi.

Shu oʻrinda aynan Osiyo qitʼasida, xususan Oʻzbekistonda shaxmat yildan-yilga “yasharib” ketayotganini taʼkidlash lozim. Oʻtgan yili yana bir umidli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov 13 yoshu 1 oyda grossmeysterlik maqomiga erishib, yurtimiz dovrugʻini olamga yoygandi. 2018 yil iyun oyida esa hindistonlik yosh shaxmatchi Rameshbabu Pragnanandxa 12 yosh 10 oy 13 kunda shunday unvonga sazovor boʻlib, Nodirbekning rekordini yangilagandi. Javohir esa Rameshbabuni 5 kunga ortda qoldirib, jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteri degan sharafli nomni yana Oʻzbekistonga qaytardi.

Eslatib oʻtamiz, bu yuksak unvonga shaxmat boʻyicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen 13 yoshida, sobiq jahon chempionlari — Robert Fisher 15 yoshida, Vladimir Kramnik 16 yoshida, Garri Kasparov 17 yoshida, Anatoliy Karpov va Vishvanatan Anand 19 yoshida, Mixail Tal 21 yoshida, Tigran Petrosyan 23 yoshida, Vasiliy Smыslov 29 yoshida, Mixail Botvinnik 39 yoshida sazovor boʻlishgan.

Dunyoning eng yosh shamatchilari roʻyxatining eng yuqori pogʻonasida yurtimizning ikki vunderkindi — Javohir va Nodirbeklarning turganligi yuraklarimizga faxr bagʻishlashi bilan birga yaqin yillarda jahon shaxmat tojining yana yurtimizga qaytishiga umid uygʻotadi.

“Mazkur yutuqni qoʻlga kiritishimda ustozlarim — Sabohat va Sirojiddin Zayniddinovlar, Akrom Toshxoʻjayev, Bobur Sattorov va xalqaro grossmeyster Marat Jumayevlarning bergan saboqlari, ota-onam, yaqinlarim, ayniqsa, bobom Komil Sindarov, maʼnaviy ustozimlarim Bakriddin Zaripov, Murtazo Rahmatovlarning qoʻllab-quvvatlashi, yurtimizda sportga yaratilgan shart-sharoitlar, Prezidentimizning shaxmatga eʼtibori asosiy omil boʻldi”, — deydi Javohir Sindarov.

Javohirni jahon shaxmat arenasida qoʻlga kiritgan bu olamshumul gʻalabasi bilan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Javohir Sindarov jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteridan biriga aylandi