17:16 / 16.10.2018
3 336

Hasanboy Do‘stmatov: «Hokimga kuyov bo‘lganim haqidagi mish-mishlar yuz foiz yolg‘on​»

Hasanboy Do‘stmatov: «Hokimga kuyov bo‘lganim haqidagi mish-mishlar yuz foiz yolg‘on​»
Boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va Osiyo chempioni, Rio—2016 Olimpiadasi g‘olibi Hasanboy Do‘smatov jurnalist Mirolim Isajonovga intervyu berdi deb yozadi Daryo.uz nashri.

– Joriy yilning 18 avgust—2 sentyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan XVIII Osiyo o‘yinlarida kumush medalni sazovor bo‘ldingiz. Taassurotlaringiz qanday?

– Bilasizmi, hayot past-u balandliklardan iborat bo‘lganidek, omad ham doimo kulib boqmas ekan. Ushbu yirik musobaqada kumush medalni qo‘lga kiritishim taqdirimda bor ekan, shunisiga ham shukr qilaman. Aslida to‘rt yillikning mazkur shonli bellashuviga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandim. 56 kilogramm vaznimni 49 kilogrammgacha tushirdim. Bu jarayondagi qiyinchiliklar faqat o‘zimga ayon. Turnirda ham bor kuchim bilan harakat qildim. Ammo bu safar omad biroz yuz o‘girdi. Lekin bundan sira afsusda emasman. Bu holatni kelgusi musobaqalarda takrorlamaslikka, Tokio Olimpiadasida ham oltin medal sohibi bo‘lishga astoydil harakat qilaman va va’da beraman.

– Terma jamoadagi charm qo‘lqop ustalarining ketma-ket professional boksga o‘tayotganligi hech birimizga sir emas. Siz qachon professional boksga o‘tishni rejalashtiryapsiz?

– Olimpiada chempioni bo‘lganimdan buyon juda ko‘plab yurtdoshlarimiz shunday mazmundagi savollar bilan murojaat qilishyapti. Hatto «Hasanboy professional boksga o‘tdi, shartnoma imzoladi», degan xabarlar ham tarqaldi. Ammo haligacha professional ringga ko‘tarilganim yo‘q. Shu paytga qadar ikki-uch marotaba taklif bo‘ldi. Haligacha shartnomalar taklif qilishyapti. Murabbiylarim bilan kelishgan holda, hozircha havaskorlik boksida qolishni rejalashtirganim uchun ularning barini rad etyapman. 2020 yili Tokio Olimpiadasida ham ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini yana bir bor baland ko‘tarishni maqsad qilganman.

– Sizda ota-onangizdagi qaysi jihatlarni uchratish mumkin?

– Otam ham, onam ham qishloqda tug‘ilib, oddiy va halol insonlar davrasida katta bo‘lishganligi tufayli ikkisi ham juda sodda va ko‘ngilchan. Men ham ular singari soddaman, ammo ishonuvchan emasman. Keyin ulardek aytganimni amalga oshirmagunimcha tinib-tinchimayman, biror ijobiy natijaga erishishga astoydil intilaman. Mana shunday yuksak yutuqlarga ham ota-onamning meni tushunishi, shart-sharoitlar yaratib berishi, qo‘llab-quvvatlashi sabab erishyapman. Ilohim, biz farzandlar baxtiga doimo sog‘-salomat bo‘lishsin!

– Karerangiz sabab dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgansiz. Qaysi davlatning o‘ziga xos urf-odati yoki tabiati sizda unutilmas taassurotlar qoldirgan?

– Bir yil avval Germaniyaga borganimizda, u yerdagi shahar ko‘chalari ozoda, sarishtaligi bilan e’tiborimni tortgan. Keyin mazkur mamlakat fuqarolari svetaforning qizil chirog‘i o‘n daqiqa yonib tursa, ko‘k chiroq yonishini sabr bilan kutib turisharkan. Mabodo kimdir qoidaga amal qilmay, ko‘chani kesib o‘tishga urinsa, o‘sha insonga yon-atrofidagilar «Yosh bolalar sening mana shu hatti-harakatingdan o‘rnak olishadi. Ularga o‘zingdagi ijobiy hislatlaring bilan namuna bo‘l!», deya tanbeh berisharkan. Germaniyaliklarning mana shu odati haligacha esimda turadi.

– Agar sizga biror ko‘rsatuvni olib borish taklifi tushsa, qaysi jurnalistning loyihasiga boshlovchilik qilgan bo‘lardingiz?

– (kulib) To‘g‘risi, mendan boshlovchi chiqmaydi. Buni hatto tasavvur ham qilib ko‘rmaganman. Mabodo shunday shart qo‘yilsa, sportga oid birorta ko‘rsatuvga boshlovchilik qilishga harakat qilib ko‘rardim. Lekin siyosiy, madaniy yoki san’at sohasiga oid tok-shoularni sira olib bormasdim.

– Jang vaqtida sizni nimalar chalg‘itishi mumkin?

– (o‘ylanib) Bunday holat biror marta ham yuz bermagan ekan. Sababi ringga ko‘tarilganimdan so‘ng hamma bokschilar qatori mening ham bor diqqat-e’tiborim jangga qaratiladi. Qolgan barcha narsalarni unutib, xayolimni chalg‘itadigan holatlarga ahamiyat bermayman.

– Sizningcha, boksda eng muhimi nima?

– Bokschidan doimo tezkorlik talab etiladi. Agar ozgina bo‘sh kelib qolsangiz, sekundlar taqdiringizni hal etib qo‘yishi hech gapmas. Keyin aqlni ko‘proq ishlatib, har zarbani nishonga bexato urish ham marra tomon yetaklaydi. Bokschi aqlini hamisha charxlab borishi kerak.

– Ko‘pchilikdan «Hasanboy ham «yulduzlik kasali»ga chalingan», degan gaplarni eshitdik. O‘zingiz bu haqda nima deysiz?

– Bu kabi fikrlarni o‘zimga ham ko‘p aytishadi. Lekin bir-ikki marta qo‘ng‘irog‘iga javob bermay qo‘ysam, men to‘g‘rimda bunday tasavvurga ega bo‘layotganlar yaxshisi, chetdan turib, menga baho bermay, o‘zim bilan muloqotda bo‘lishsin. Suhbat jarayonida qanday inson ekanligimga amin bo‘lishadi. Tabiatan kamtarlik va samimiylikni qadrlayman. Mashg‘ulotlar, turli uchrashuvlar yoki ko‘rsatuvlarda band bo‘lganimda, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berolmayman. Shunday paytda meni «yulduzlik kasali»ga chalingan, deb o‘ylashib, mendagi vaziyatdan to‘liq boxabar bo‘lmay, tezda xulosa chiqarib olishadi. Bu juda ham noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Oxirgi paytlarda turli harakterdagi insonlar sababsiz kechqurun ham telefon qilib, bezovta qilishayotganligi bois faqatgina tanish raqamlargagina javob berayapman.

– Shu yilning mart oyida bo‘ydoqlar safini tark etganingizda «Hasanboy hokimning qiziga uylanibdi», degan mish-mishlar bolalagandi. Suhbat davomida shunga oydinlik kiritib o‘tsangiz?

– Bu kabi gap-so‘zlar qulog‘imga chalinmagan, rosti. Ammo hokimga kuyov bo‘lganim haqidagi mish-mishlar yuz foiz yolg‘on.

– Yaqinda sizni sharbat ishlab chiqaradigan korxonada direktor o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritishni boshlaganingiz haqidagi xabarni eshitib, ochig‘i, xayron bo‘ldik.

– Inson o‘z sohasida biror muvaffaqiyatga erishib, el nazariga tushganidan keyin istaydimi-yo‘qmi, u haqida turli gap-so‘zlar tarqalarkan. Siz aytib o‘tgan fikrni o‘zim ham eshitib, ajablandim. Biz sportchilarni ham san’atkorlar singari xalqimizga yuqori kayfiyat ulashish maqsadida turli loyihalarga taklif etishyapti. Mashhur brend ostidagi sharbatlarning birining reklamasida suratga tushganimdan so‘ng shunday gaplar tarqalgani shubhasiz. Ammo ayrim odamlar bunday fikrga borishdan oldin nima deyayotgani haqida biroz mulohaza yuritsa, yaxshi bo‘lardi. Mening hayotim sport bilan chambarchas bog‘liq va bir umr shu sohaga sodiq qolaman.

– Sport olamidan topgan qadrdonlaringiz bormi?

– Terma jamoadagi barcha yigitlar bilan munosabatlarimiz yaxshi. Ammo Shahram G‘iyosov bilan tengdosh bo‘lganimiz boismi, qalin do‘stmiz. Ko‘p fikrlarimiz bir nuqtada kesishadi. Fazliddin aka G‘oibnazarov hamda AQShda professional boksda ringga tushuvchi Xurshidbek aka Normatovlar bilan ham juda ahil aka-ukamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hasanboy Do‘stmatov: «Hokimga kuyov bo‘lganim haqidagi mish-mishlar yuz foiz yolg‘on​»