22:55 / 16.10.2018
3 233

Umid Ahmadjonov Ektor Kuper va Mirjalol Qosimov haqida

Umid Ahmadjonov Ektor Kuper va Mirjalol Qosimov haqida
Soʻnggi paytlarda futbolimizda jiddiy islohotlar amalga oshirilayotganidan barchaning xabari bor. Hozirgi kunda qilinayotgan ishlar asosan oʻzbek futbolining mavqeini koʻtarishga qaratilgan. Shu maqsadda Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi raisi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning bugungi kundagi mahsuli sifatida shuni bemalol aytishimiz mumkinki, Oʻzbekistonda futbol strukturasi bir pogʻona koʻtarildi. Endi yangi qarashlar, yangicha fikrlashlar ustuvor vazifaga aylangan boʻlib, yaqin orada buning samarasini koʻramiz degan umiddamiz.

Xabaringiz bor, milliy terma jamoamiz jahondagi top-saviyadagi murabbiylardan biri Ektor Kuperga ishonib topshirildi. Bizni yana bir eʼtiborga tortgan jihat esa Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi bilan bogʻliq. Yaqinda Mirjalol Qosimov bosh murabbiy etib tayinlangandi. Ammo hozirgi paytda oʻtkazilayotgan olimpiyachilarimizning yigʻinida ushbu murabbiy ishtirok etayotgani yoʻq. Bu borada OʻFA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov shunday dedi:

- Sizga rostini aytaman, Mirjalol Qosimovni olimpiya terma jamoamizga bosh murabbiy etib tayinlanganimiz aslida bu vaqtinchalik holat edi. Chunki Tokio Olimpiadasiga terma jamoamizni boshqa murabbiy tayyorlaydi. Aniqrogʻi, ayni paytda biz ispaniyalik murabbiy bilan muzokara olib boryapmiz va yaqin kunlarda bu haqida keng ommaga eʼlon qilishimiz ham mumkin. Mirjalol Qosimov tajribali murabbiy va uni hurmat qilamiz.

Ammo uning sogʻligini ham oʻylashimiz kerak. Olimpiya terma jamoamiz uchun koʻplab nomzod futbolchilar roʻyxati tuzib chiqilgan. Olimpiya terma jamoasiga yangi murabbiy kelguniga qadar nomzodlarni saralab, yangi bosh murabbiyga tavsiyalar beriladi. Umuman olganda, bizning rejalarimiz katta va shu bilan birga juda jiddiy. Shuningdek, olimpiya terma jamoasiga ispaniyalik mutaxassisni olib kelishda Ektor Kuper bilan ham maslahatlashganmiz.

Shu oʻrinda Umid Muhammadjonovich milliy terma jamoamiz ustozi Ektor Kuperning olib borayotgan ishi toʻgʻrisida ham oʻz qarashlarini bildirib oʻtdi:

- Biz Kuper bilan boshida hammasini yaxshilab gaplashib olganmiz. Hech kim uning ishiga aralashmaydi. Mana, endi-endi Kuperda futbolimizga oid tushunchalar paydo boʻlib boryapti. U bilan gaplashgan paytimizda yigʻinga avvalo termada oxirgi marta oʻynagan oʻyinchilarni jalb qilishdan boshlamoqchi ekanligini aytdi. Bu orqali oʻzidan oldin ishlagan murabbiylarni hurmat qilgan holda oʻsha tarkibdagi futbolchilarni oʻz koʻzi bilan koʻrdi.

Masalan, Sergeyev deymizmi yoki boshqasi, kim qanday oʻynagan boʻlishidan qatʼiy nazar Kuper ularni yigʻin davomida koʻrib oʻz xulosasiga ega boʻldi. Oktyabrdagi navbatdagi yigʻinda esa tarkibda yana yangi oʻyinchilarni koʻryapsizlar. Kuper nima qilayotganini juda yaxshi bilib turibdi. Osiyo Kubogigacha esa yana uch oy vaqtimiz bor. Muhimi, hamma ishni oʻziga qoʻyib berganmiz. Oʻzimiz tomonimizdan bajarilishi kerak boʻlgan barcha vazifalarni bajardik. Uy-joy, mashina va hokazo...Muhimi, Kuper toʻgʻri yoʻldan ketyapti.
Shuhratbek JOʻRAYEV suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov Ektor Kuper va Mirjalol Qosimov haqida