10:44 / 21.10.2018
2 260

Kilian Mbappe: “Buyuk futbolchi boʻlish sharti - chin insoniylik...”

Kilian Mbappe: “Buyuk futbolchi boʻlish sharti - chin insoniylik...”
Mbappe - sayyoramizdagi eng mohir yosh futbolchi, Mbappe - jahon chempioni, Mbappe - “Oltin toʻp”ga yaqqol daʼvogar. Bular barchaga maʼlum. Fantastik tezligiyu, ajib gollari bilan hammani lol qoldirayotgan navqiron hujumchi JCH-2018dagi gʻalaba uchun berilgan mukofot puli (500 ming dollar)ni xayriya jamgʻarmasiga hadya etib, Time jurnali muqovasidan joy oldi. Eng hayratlanarlisi, 19 yoshli Kilian mulohaza yuritish bobida koʻpni koʻrgan donishmandlarni eslatmoqda! Keling, yaxshisi, keyingi 10-15 yil davomida futbol saltanatiga hukmronlik qilishi kutilayotgan mohir hujumchining turli vaqtlarda aytgan donolarga xos fikrlari bilan tanishib chiqamiz.

Oʻz maqomi haqida

- Hozirgi ishlarim oʻzim uchun gʻayritabiiydek tuyulmaydi. Shunchaki, men juda yaxshi uddalaydigan yumush bilan mashgʻulman. Oʻylaymanki, har bir kishi oʻz kasbining chin ustasi boʻlishga intiladi. Buning ajablanadigan tomoni yoʻq. Ha, mavsum davomida 60tacha gol urish faqat noyob iqtidor sohiblariga nasib etadi. Afsuski, ular juda oz. Shunday ekan, jarangdor iboralardan uzoqroq turaylik: ayni payt yaxshi sport formasida ekanligimdan foydalanib, zimmamdagi vazifani koʻngildagidek ado etyapman. Bor gap shu.

Atrofdagilar eʼtibori haqida

- Matbuotning kuchli munosabatiga imkon qadar befarq qarashim kerak, atrofdagilar eʼtiboriga ham shunday yondashishga intilaman. Kun tartibim boshqalarnikidan farq qilmaydi: ertalab mashgʻulotlarga yoʻl olaman. Yashirmayman, kun sayin yaxshiroq natija koʻrsatishga urinyapman va buni uddalasam, xursand boʻlaman, albatta.

Liga kubogi finalidagi magʻlubiyat haqida

Mbappe “Monako” safida “PSJ”ga qarshi oʻynagandi

- Oʻsha bellashuv kelajagim uchun ulkan saboq boʻldi. Chunonchi, oʻta qulay vaziyatlardan foydalanolmadim, jamoadoshlarimni kurashga qaytarolmadim. Vaholanki, yengilayotgan pallada yetakchilikni qoʻlga olishim kerak edi. Ammo bu ish uddasidan chiqolmadim.

Falkao haqida

- Oʻylashimcha, oʻta omadli oʻyinchiman, chunki faoliyatim boshida Radamel Falkaodek mohir hujumchi bilan yonma-yon toʻp surish, shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻldim. U katta doirada bir talay gollar urdi, demakki, futbolda oʻchmas iz qoldirdi. Umuman, Radameldan har kuni qandaydir yangi “hunar” oʻrganish mumkin.

Kumiri haqida

- Futbolga Zidan tufayli mehr berganman. Zizudan keyin yana bir qator oʻyinchilar ham oʻz oʻyinlari bilan rom etishdi. Ammo Zidan birinchi raqamli kumir boʻlib qolaveradi. Videoyozuvlarni tomosha qilar ekanman, aynan Zidandek oʻynash ishtiyoqi kuchayib boraveradi. Meni Tyerri Anriga qiyoslashlariga kelsak, bu yoqimli, albatta. Biroq uning oʻrnida boʻlganimda, deyarli hech narsaga erishmagan 18 yoshli yigitcha bilan tenglashtirishlaridan ranjirdim, ochigʻi...

Kimligi haqida

- Ayrimlarning aytishlaricha, rivojlanish bobida tengdoshlarimdan ancha oʻzib ketibman. Aslida hamon onasining qatʼiy nazorati ostida mashgʻulotlarga qatnaydigan 18 yoshli bolakayman. Hanuzgacha haydovchilik guvohnomasi olganim yoʻq. Bu men uchun hayotdagi birinchi yirik xatodir.

Orzu-istaklari haqida

- Nimanidir orzu qilish yaxshi, ammo barchasini roʻyobga chiqarish uchun ter toʻkish yanada maʼqulroq. Ayni shu iborani tez-tez takrorlashni yoqtiraman. YECHL - orzularimdan biri, hamma ham bu turnirda gʻolib chiqishni istaydi. Lekin gʻalaba gashti sanoqli futbolchilarga nasib etadi. Muhimi, chin yulduzlar darajasiga yetishni xohlayman. Sovrinlar? Ha, ular hammasidan muhimroq. Xususan, meni eng nufuzli sovrinlar qiziqtiradi. Masalan, “Oltin toʻp”...

“Monako” bilan xayrlashuv haqida

- Ketish qarorim klubning barcha muxlislariga birdek maʼqul tushmaganini bilaman. Ayrimlar mendan qattiq ranjishganini ham. Ayniqsa, matbuotda tarqalgan soxta maʼlumotlardan keyin. Biroq oʻsha-oʻshaman, oilam ham oʻzgarmadi. Ha, fanatlar mendan arazlashlari, nafratlanishlari mumkin. Lekin bu ularga nisbatan muhabbatimga taʼsir etmaydi. Chunki muhabbatim - chin sevgi. Barchangizni sevaman!

Jadal yuksalishi haqida

- Mahoratimni oshirish ustida toʻxtovsiz izlandim, doimo ishonch bilan olgʻa intildim. Biroq bunchalik keskin parvozni oʻzim ham kutmagandim. Nima derdim, endi shu tezlik, shu surʼatni boʻshashtirmasligim kerak. Maqsadim - buyuk futbolchi darajasiga koʻtarilish.

Neymar va Kavani haqida

- Neymar ajoyib yigit, men uchun xuddi akamdek. U bilan hech qachon zerikmayman. Kavani esa jamoadagi eng yaqin hamkorim, u doimo harakatda. Boʻsh hududlarni tez ilgʻaydi, ajoyib zarbaga ega. Qisqasi, Edinson zamonaviy futboldagi eng kuchli hujumchilardan biri, shubhasiz. Qoʻshimchasiga, u juda yaxshi inson ham.

Hakamlar xususida

- Futbolda hakamlar nima uchun oʻyinchilardan ustun turishni xohlashlarini sira tushunmayman. Qarang, ularning qarorlarini muhokama qilolmaymiz, bahslashishga haqqimiz yoʻq. Vaholanki, hammamiz bitta yumushni bajaramiz.

Krishtianu Ronaldu haqida

- Ronaldu - bolalikdagi qahramonim. “Real” bazasida ilk marta unga duch kelganimda, hayratdan qotib qolganim yodimda. Endi esa ulgʻaydim, oʻzim ham zafar quchishni istayman.

Chempionlar haqida

“PSJ” CHL nimchorak finalida “Real”dan yengilganidan keyin

- Biz yetarli tayyorgarlik koʻrgandik, tanbehga oʻrin qoldirmagandik. Ammo “Real” saviyali oʻyinchilar va chin chempionlar oʻrtasidagi tafovutni koʻrsatib qoʻydi...

JCHdagi muvaffaqiyat haqida

- Bu muhim davr, yuksak marra. Eng asosiysi, gʻolib chiqdik, jahon chempioni boʻldik! Faoliyatim endi boshlanmoqda, oldinda “PSJ” bilan hamkorlikda zabt etiladigan nurli choʻqqilar va shaxsiy sovrinlar kutib turibdi. Tabiiyki, hozir sekinlashadigan payt emas.

Hayotdagi muhim jihatlar haqida

- Hayotim birdaniga tubdan oʻzgarib ketdi. Bolalikda qandaydir imkoniyatlardan foydalanolmadim, deb oʻylayman. Oʻsmirlikda esa oʻyin-kulgulardan chetda qoldim. Ayni oʻsha pallada eng yorqin yulduzlar, buyuk futbolchilar kamtar inson boʻlishganini tushundim. Ular odamlarni hurmat qilishgani uchun xalqlar nazariga tushishgan. Oʻylashimcha, yorugʻ dunyoda 3ta bebaho qadriyat mavjud: hurmat, kamtarlik va samimiylik. Onajonim hamisha bir gapni qayta-qayta taʼkidlaydi: “Buyuk futbolchi boʻlish uchun avvalo, chin inson boʻlishing lozim”.

AQSHning eng mashhur jurnali - Time Kilian Mbappeni “Futbol olamining ertangi yetakchilari” qatorida eʼtirof etdi. Yaʼni jurnal fransiyalik iqtidor suratini “Mbappe - futbol kelajagi” shiori ostida oʻz muqovasiga qoʻydi. Yakunda nashr jurnalistlari futbolchiga bir necha savol bilan murojaat qilishdi.

- Oxirgi yilda hayoting qay darajada oʻzgardi, yoshlik zavqini surishga vaqt qolmayotganini sezyapsanmi?

- Ha, yakunlanayotgan yilda hammasi ostin-ustun boʻlib ketdi. Oʻzgarish “Monako”dan “PSJ”ga oʻtishim bilan boshlangan edi. Keyin shov-shuvlar JCHga ulanib ketdi. Oʻta baxtiyorman, chunki hozirgi hayotimni faqat orzu qilish mumkin. Lekin men yetisholmayotgan jihatlar ham bor, albatta. Masalan, yoru-doʻstlar bilan bemalol dardlashish, hamma qatori xotirjam yashashning iloji yoʻq. Kattalar hayotiga moslashish oson emasligi tushunarli. Endi har qadamda yetuk inson kabi ish tutishim talab etiladi.

- Oilang haqida maʼlumot bersang. Zero, yaqinlaring bilan doimo birgasan, toʻgʻrimi?

- Ha, juda ahilmiz. Chinakam oila! Hamisha, har joyda birgamiz. Ulkan stol atrofida tamaddi qilish - oilamiz anʼanasi. Birinchi marta maydonga tushganimdan boshlab hozirgacha, yaʼni 80000 muxlis qarshisida toʻp surish darajasiga yetishimga qadar ota-onam va ikki nafar ukamning yonimda ekanliklaridan oʻzgacha quvvat oldim. Ahil oila daldasi meni bor kuch bilan oʻynashga undaydi.

- Hozirgi holatingda kamtarlikni saqlab qolish juda qiyin. Aytchi, bunga qanday erishyapsan?

- Menimcha, JCH men uchun avvalo, jiddiy sinov, fantastik turnir boʻldi. Sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdim, deb oʻylayman. Oldinda yanada qiziqarli musobaqalar koʻp. Eng sara oʻyinchilar safiga kirishni orzu qilardim, mana, Fransiya chempioni boʻldim, jahon birinchiligida zafar quchdim. Endi yanada koʻproq sovrin yutishni istayman. Xususan, Qatarda Rossiyadagi muvaffaqiyatni takrorlash uchun borimni beraman. Futbolchilik faoliyati qisqa, qandaydir 15 yil ichida hammasiga ulgurish kerak.

- Bondi (Mbappe tugʻilib-ulgʻaygan shaharcha)da hamma aynan senga oʻxshash ilinjida ekan. Yosh avlodga qay tariqa namuna koʻrsata olasan?

- Kimgadir ibrat koʻrsatish uchun mukammal inson boʻlish kerak. Bu juda katta masʼuliyat! Menimcha, har kim oʻzligini saqlab qolgani maʼqul. Mana, ayni shu yoʻlni tanladim va xato qilmadim. Bu yogʻiga ham oʻz yoʻlimdan qaytmayman. Loaqal yosh avlodni ilhomlantirishim kerak.

- JCHdagi gʻalaba uchun berilgan mukofot pulini xayriya jamgʻarmasiga tortiq etibsan...

- Gʻalabamiz uchun haq toʻlashlari shart emasdi. Axir vatan sharafini himoya qilib, burchimizni bajardik. Boz ustiga, topish-tutishim chakki emas. Hattoki, ehtiyojimdan ancha koʻp topyapman. Demak, ortiqcha pulni muhtojlar bilan baham koʻrishim lozim. Zero, hayotda bemorlar, nimagadir muhtoj kishilar ham bor. Menga oʻxshagan katta daromadga ega futbolchilar uchun nochorlarga yordam qoʻlini choʻzish qiyinchilik tugʻdirmaydi. Ha, bu bilan hayotimiz oʻzgarib qolmaydi, lekin ehtiyojmandlarga ozgina yengillik tugʻdirish kishiga quvonch bagʻishlaydi!

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kilian Mbappe: “Buyuk futbolchi boʻlish sharti - chin insoniylik...”