22:38 / 22.10.2018
3 361

El-klassikoni "Milliy" stadionda tomosha qilishingiz mumkin

El-klassikoni "Milliy" stadionda tomosha qilishingiz mumkin
Xabaringiz bor joriy yildan boshlab O‘zbekiston hamda Ispaniya futbol ligalari o‘rtasida yaqindan hamkorlik o‘rnatildi.

Aprel oyi boshida Madridda amaliy ishchi tashrif bilan bo‘lgan O‘zPFL bosh direktori Omon G‘ofurov La liga bosh direktori Xaver Gomes bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishgandi. La liga bosh direktori o‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shishga, mutaxassislarni O‘zbekistonga yuborib, turli seminarlar tashkil qilish va tajribalari bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.

Uchrashuv yakunida esa O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda Ispaniya La ligasi o‘rtasida 2020 yilga qadar mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangandi. Ushbu memorandumga ko‘ra, La liga mutaxassislari marketing, futbolga oid turli dasturlar, klublar bilan ishlash, translyatsiyalar va boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha yurtimizdagi mutaxassislarga yordam beradigan bo‘lishdi.

O‘zaro hamkorlik doirasida joriy yil so‘nggiga qadar yana bir qator tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan La liganing yangi mavsum uchun taqvimiga ko‘ra, “Barselona” hamda “Real” o‘rtasidagi birinchi “El-Klassiko” LaLiganing 10-tur uchrashuvlari doirasida 28 oktyabr kuni “Kamp Nou”da bo‘lib o‘tadi. PFL hamda La liga o‘zaro hamkorlikda butun dunyo futbol jamoatchiligi diqqat-markazida bo‘ladigan mazkur o‘yin targ‘ibotini yurtimizda ham yanada kengaytirish maqsadida shu kuni poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida “Ommaviy El-Klassiko” tadbirini o‘tkazishni rejalashtirishdi.

Unga ko‘ra, katta shou tarzida tashkil etiladigan tadbirda ispan futboli ixlosmandlari uchun ko‘plab ajoyib syurprizlar tayyorlanmoqda. Dastur avvalida o‘zbek estradasi yulduzlari ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. Unda, PFL va La liga hamkorligi doirasida PFL elchisi etib tanlangan maftunkor xonanda Shahzoda hamda yana bir qator yulduzlar ishtirok etishadi.

Shuningdek, o‘zbek estradasi yulduzlari yaqin o‘tmishning nomdor futbolchilariga qarshi ko‘rgazmali "El-Klassiko"da kuch sinashishadi.

So‘ngra, yaqin o‘tmishning mashxur hujumkor yarim himoyachilaridan biri, “Barselona”, “Atletiko Madrid”, “Liverpul” va Ispaniya terma jamoasi safida ko‘rsatgan mazmunli o‘yinlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan futbolchi, endilikdagi La liga elchisi – Luis Garsiya o‘zbekistonlik yosh “charm to‘p” ustalariga mahorat darsi o‘tib beradi.

Keyin esa La liga elchisi Luis Garsiya hamda ushbu hamkorlik doirasidagi PFL elchisi Shahzoda yig‘ilgan futbol ishqibozlariga PFL va La liga tomonidan tayyorlab qo‘yilgan maxsus sovg‘alarni taqdim etishadi.

Ushbu kungi bayram tadbirining eng avj nuqatasida esa stadionga o‘rnatiladigan katta ekranlarda barcha birgalikda “Barselona” – “Real” uchrashuvini tomosha qiladi.

Qayd etish joizki, La liga har yili dunyoning bir nechta yirik shaharlarida shunday “Ommaviy El-Klassiko” namoyishlarini o‘tkazib keladi. O‘tgan yili Nyu York shahrida mana shunday namoyish o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yilda Hindistonning Kalkutta shahrida “Ommaviy El-Klassiko” tadbiri bo‘lib o‘tadi.

La liga hamda PFL hamkorligi doirasida poytaxtimiz – Toshkentda ham ilk bor butun dunyo futbol jamoatchiligi diqqat-markazidagi bahs katta ekranlarda, La liga elchisi ishtirokida va shou-konsert tarzida bo‘lib o‘tadi.

Chiptalar stadion kassalarida sotilmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » El-klassikoni "Milliy" stadionda tomosha qilishingiz mumkin