23:43 / 22.10.2018
3 885

Ronaldo: “Ektor Kuper faoliyatimdagi eng yomon murabbiy boʻlgan” (foto)

Ronaldo: “Ektor Kuper faoliyatimdagi eng yomon murabbiy boʻlgan” (foto)
Yaqin oʻtmishning eng taniqli futbolchilaridan biri, ikki karra “Oltin toʻp” sohibi Ronaldo hozirda Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan Ektor Kuper bilan oʻrtalarida kelib chiqqan ziddiyat haqida gapirib bergan. Uning Spor TVʻga bergan intervyusini shu yilning iyunida, argentinalik mutaxassis hozirgi lavozimiga kelish arafasida Football Italia chop etgan.

“Mening «Inter”dagi faoliyatim u tufayli yomon tugagan edi», - deb aytgan Ronaldo.

Maʼlumki, braziliyalik hujumchi 1997-2002 yillar mobaynida “rossoneri” sharafini himoya qilib, klubga kelgan va undan ketgan yillarda “Oltin toʻp” sovrinini qoʻlga kiritgan. Uning klubdagi soʻnggi mavsumi Ektor Kuper qoʻl ostida oʻtadi. 2001 yil yozida, bundan avvalgi ketma-ket ikki mavsumda “Valensiya”ni YECHL finaliga qadar boshlab borgan va dastlab Ispaniyada, soʻng Yevropada yilning eng yaxshi murabbiyi deb eʼtirof etilgan Ektor Kuper “Inter” bosh murabbiyi etib tayinlanadi.

Kuper Milandagi ishini muvaffaqiyatli boshlab, A Seriyada yetakchilikni qoʻliga olgan, ammo mavsumning ikkinchi yarmida jamoada charchoq alomatlari koʻzga tashlanib, salbiy natijalar koʻpaya boradi. Soʻnggi tur oldidan “Inter” jadvalda birinchi oʻrinni egallab turgan boʻlsa-da, hal qiluvchi soʻnggi uchrashuvda “Latsio” maydonidan 2:4 hisobidagi magʻlubiyat bilan qaytadi va “Yuventus” hamda “Roma”dan ortda qolib, yakuniy jadvalning uchinchi pogʻonasidan joy oladi.

Rimdagi oʻsha bahsni Ronaldo zaxirida oʻrindigʻida oʻtkazgan edi. U bundan avvalroq deyarli uch yildan buyon bezovta qilib yurgan jarohati sababli ikki marta jarrohlik stoliga yotgan va JCH-2002ga qadar tiklanib maydonga qaytishga zoʻr berib urinayotgan edi. Kuper unga maydonga tushishga ruxsat bermaydi. “Latsio”ga qarshi tarixiy magʻlubiyat bu oʻyinni zaxirada oʻtirib kuzatgan Ronaldoning koʻz yoshlari bilan “Inter” muxlislari yodida qolgan. Shundan soʻng u “Real”ga koʻchib oʻtib, “Galaktikos”ning muhim boʻlagiga aylangan edi.

“[Men «Inter”dan ketganimdan soʻng ham] Kuper jamoaga ustozlik qilishda davom etdi. Ehtimol, uning agenti jahondagi eng yaxshisi boʻlgandir. Oʻsha vaqtda jarohatimdan tiklanayotgan edim. Maydonga tushishni istaganman, ammo bizning munosabatlarimiz yaxshi emasdi.

Men klub prezidenti [Massimo Moratti]dan yo meni, yoki uni tanlashini soʻraganman. Yakunda esa “Real”dek sehrli klubga yoʻl olgandim. Shunday boʻlsa-da, Kuperni men oʻz faoliyatimda duch kelgan eng yomon murabbiy, deb ayta olaman», - deya taʼkidlab oʻtgan Ronaldo.

Maʼlumot uchun, braziliyalik hujumchi Janubiy Koreya va Yaponiya mezbonligida oʻtgan JCH-2002da ishtirok etib, Braziliya termasining beshinchi marotaba mundial gʻolibi boʻlishiga hissa qoʻshgan edi. U oʻsha yili ikkinchi marta “Oltin toʻp”ni qoʻlga kiritish bilan birga FIFA talqiniga koʻra uchinchi marta jahonning eng yaxshi futbolchisi deb eʼtirof etilgan.

Ektor Kuper esa “Inter” bilan kelgusi mavsumda A Seriyaning ikkinchi oʻrnini egallagan, uchinchi mavsumidagi muvaffaqiyatsiz starti sabab ishdan boʻshatilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronaldo: “Ektor Kuper faoliyatimdagi eng yomon murabbiy boʻlgan” (foto)