08:02 / 29.10.2018
3 091

Hech kim Chusovitina bo‘la olmaydi. "USA Today" o‘zbek sportchisiga maqola bag‘ishladi

Hech kim Chusovitina bo‘la olmaydi. "USA Today" o‘zbek sportchisiga maqola bag‘ishladi
Qatar poytaxti Doha shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda. Ushbu musobaqa sportchilar uchun 2020 yilda o‘tkaziladigan Tokio olimpiadasi uchun muhim bo‘lgan reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ahamiyatli. Ushbu turnirda O‘zbekiston terma jamoasi safida gimnastika tarixida o‘z nomini qoldirayotgan 43 yoshli atlet Oksana Chusovitina ham qatnashayapti. AQShning "USA Today" nashri kolumnist Nensi Ermorning Chusovitinaning sportchilik faoliyatiga bag‘ishlangan maqolasini e’lon qildi.

"Oksana Chusovitina yosh shunchaki raqamlardan boshqa narsa emasligining yaqqol isboti", – deya boshlanadi maqola.

Ba’zi raqiblaridan yoshi deyarli uch barobar katta bo‘lgan 43 yoshli sportchi jahon chempionatining tayanib sakrash mashqida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Maqola muallifi Chusovitinaning ayni shu yoshida atletizm bobida o‘smirlar bilan nafaqat tenglasha olayotganligi, balki ulkan namuna ham bo‘layotganini ta’kidlaydi.

– Buncha ishtiyoq qayerdan kelayotganini bilmayman. Lekin menga gimnastika judayam yoqadi. Shu bois men hamon shug‘ullanishda davom etayapman, – deya Chusovitinaning so‘zlaridan iqtibos keltiriladi maqolada.

Muallif insonning yoshi o‘tib borgan sari tananing egiluvchanligi ham yo‘qolib borishini ta’kidlaydi. "Shuning uchun ayollar gimnastikasi asosan yosh qizlar uchun mo‘ljallangan. Ha, Eli Reizmen, rossiyalik Aliya Mustafina kabi 20 yoshdan o‘tib ham o‘z tanasini ehtiyot qilib, mashg‘ulotlarga to‘g‘ri yondashib, o‘z o‘rnini yo‘qotmay kelayotgan atletlar ham yo‘q emas. Ammo 30 yoshdan, boringki, 40 yoshdan keyin ushbu ishni amalga oshirish-chi? Bu shunchaki imkonsiz ish. Faqat Chusovitinadan boshqalar uchun", – deyiladi maqolada.

Muallif ushbu musobaqa Oksana Chusovitinaning faoliyatidagi 16-jahon chempionati ekanligini ta’kidlaydi va bu paytda uning ko‘pchilik raqiblari hatto tug‘ilmaganligini ham eslatib, misol tariqasida ikki karra olimpiada chempioni Aliya Mustafinaning 1994 yilda tug‘ilganini eslatib o‘tadi.

Chusovitinaning sportchilik faoliyati juda uzoq yillardan buyon davom etib kelmoqda. U dastavval Sovet ittifoqi sharafini himoya qildi. Birlashgan jamoa safida 1992 yilgi Barselona olimpiadasida ishtirok etdi va bugun u xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasi safida qatnashmoqda. Chusovitinaning faoliyati yakuniga yetmoqda deyilgan kunlar ko‘p bo‘ldi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘tkazilgan jahon chempionatlari va olimpiya o‘yinlari uning faoliyatida eng so‘nggisi ekanligi bot-bot ta’kidlandi. Lekin u ayni paytda Tokio olimpiadasiga hozirlik ko‘rmoqda.

– Biz ayol kishimiz va shunday bo‘lib qolamiz, – deya Chusovitinaning so‘zlaridan iqtibos keltiradi muallif. – Bizning kayfiyatimiz doim o‘zgarib turadi.

Muallifning aytishicha, umuman u nima uchun faoliyatini to‘xtatishi kerak? U sog‘lom, hamon o‘zining raqobatbardoshligini yo‘qotmagan va eng muhimi o‘z ishidan zavqlanib yashamoqda.

“Men sportdan zavqlanaman”, – deydi Chusovitina.

U faoliyatining bu qadar uzoq davom etishidan boshqalarning qanchalar hayratlanayotganini biladi. Ammo o‘zi bunda hech qanday o‘zgacha holatni ko‘rmaydi. U faqat o‘zi sevgan kasb bilan shug‘ullanmoqda.

U yosh raqobatchilarga qanday yondashmoqda? Uning terma jamoadagi sherigi Sabina Turobova endigina 16 yoshni qoraladi. Sabina Chusovitinaning 19 yoshli o‘g‘li Alisherdan deyarli ikki yosh kichik. Oksananing so‘zlariga qaraganda, buning hech qanday qiyin joyi yo‘q.

– Biz musobaqada bellashgan vaqtimizda hammamiz bir xil darajada bo‘lamiz. Yoshimiz nechada bo‘lishidan qat’i nazar, biz mashqlarni bir xil uslubda bajaramiz, – deydi Chusovitina muallif bilan suhbatda.

Nensi Ermor maqolasini shunday yakunlaydi: "Faqat bu yerda hech kim Chusovitinaga o‘xshamaydi. Hatto hech kim uning yaqiniga ham kelolmaydi".

"USA Today" haftalik gazetasi 1982 yildan buyon nashr etib kelinadi. Bugungi kunda obunachilari soni 1 milliondan ortiq. Gazeta AQShning 50 ta shtatidan tashqari Kanadada, Osiyo, Yevropa va Tinch okeani mamlakatlarida o‘zining sho‘’balariga ega.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hech kim Chusovitina bo‘la olmaydi. "USA Today" o‘zbek sportchisiga maqola bag‘ishladi