14:26 / 08.11.2018
1 961

Irismetov: "Arveladzega jiddiy e’tirozlar yo‘q, u bilan hamkorlikni davom ettiramiz"

Irismetov: "Arveladzega jiddiy e’tirozlar yo‘q, u bilan hamkorlikni davom ettiramiz"
“Paxtakor” jamoasi bu yil yangi bosqichga chiqdi, buni tan olish lozim. Avvalo tarkib kuchaytirildi, sharoitlar a’lo darajada yaxshilandi, ishlash uslubi kuchaytirildi, jamoadagi har bir inson o‘z ishiga professional darajada yondashadigan bo‘ldi. Bosh murabbiy Shota Arveladzedan esa umid katta edi. Biroq ayni paytda vaziyat shuni ko‘rsatib turibdiki, “Paxtakor” va Arveladze yilni sovrinlarsiz yakunlaydigan ko‘rinadi.

Avvaliga Osiyo Chempionlar ligasidan quruq qolishdi. Keyin esa O‘zbekiston Kubogi finalida yutqazib qo‘yishdi. Endilikda chempionlik ham “Paxtakor”ning qo‘lidan chiqib ketyapti. Bundan esa tabiiyki, ashaddiy muxlislarining xafsalalari pir bo‘lmoqda. Hozirgi holatda klubning sport direktori, o‘zbek futbolining taniqli shaxslaridan biri Ja’far Irismetov bilan bog‘lanib, bir qator muhim masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.

- Mana, ushbu mavsum ham poyoniga yetib boryapti. Yil boshida “Paxtakor”ning oldiga katta maqsadlar qo‘yilgandi. Ammo hammasi aksincha tus olyapti. Avvaliga Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichidan o‘ta olmadi. Yaqinda esa O‘zbekiston Kubogi qo‘ldan boy berildi. Endi bo‘lsa chempionlik ham tobora uzoqlashib boryapti. Shu bois sport direktori sifatida mazkur masalaga nima deya olasiz? Buning sababalari nimada?

- Har doim “Paxtakor”ning oldiga oliy maqsadlar qo‘yiladi. To‘g‘ri, Kubokni qo‘ldan boy berdik. Ammo hali chempionatda yana uchta tur bor va kurash davom etadi. Shu bois biz qo‘limizni oldindan tushirganimiz yo‘q, bu bizning odatimizga kirmaydi. Har qanday holatda ham chempionlik uchun kurashishga oxirigacha harakat qilamiz. Bu yilgi mavsumdagi ishtirokimiz haqida nima deyishim mumkin? O‘zingiz ham bilasiz, yaxshi jamoani bir zumda shakllantirib bo‘lmaydi. Shota Arveladze O‘zbekistonda ishlayotganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ishonamanki, keyingi mavsumda jamoamiz yanada kuchayib, o‘z oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erisha olamiz. Shota Yustinovich ham o‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston fubolini yanada yaqindan o‘rganib, nimalarga e’tibor qaratish kerakligini tushunib yetdi. Shu bois kelasi mavsumdan umidimiz katta. O‘ylashimcha, bu yil “Paxtakor” yomon o‘yin ko‘rsatayotgani yo‘q. Lekin ayrim uchrashuvlarda o‘zimiz kutgan o‘yin va natijalar qayd etilmadi. Bunga bir qator futbolchilarimizning terma jamoalarimizga jalb etilgani o‘z ta’sirini ham ko‘rsatdi. Aynan ushbu o‘yinlarda jamoamizni yaxshi tayyorlay olmadik. Endi esa kelasi yili hammasini hisobga olgan holda jamoani shakllantiramiz.

- Umuman olganda, hozirgi kunda rahbariyatning bosh murabbiyga bo‘lgan ishonchi va e’tibori qanday? Baribir natijaga murabbiy javobgar-ku, to‘g‘rimi? Lekin sizning bildirayotgan fikrlaringizdan shuni anglash mumkinki, “Paxtakor” kelasi yilga ham Arveladzega ishonadi, shundaymi?

- Hozirgi kunda Shota Arveladze jiddiy e’tirozlarimiz yo‘q. Albatta, biz u bilan hamkorlikni yana davom ettiramiz. Hozirda Arveladze bilan yangi shartnoma masalalari borasida gaplashyapmiz. Xudo xohlasa, kelasi mavsumda ham Arveladze bilan birga ishimizni davom ettiramiz. Albatta, joriy mavsumda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimizni kelasi yili to‘g‘rilaymiz va keyingi yilda yaxshiroq natijalarni ko‘rsatamiz.

- Ko‘pchilik bilan gaplashganimizda Shota Arveladze haqida iliq fikrlarni bildirayotganlar kam, tanqidlar esa ko‘p. Negaki, “Paxtakor”dagi sharoit, katta imkoniyat va kuchli tarkib bilan ham vazifa bajarilmayotgani uchun murabbiyni aybdor qilib ko‘rsatishyapti. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?

- Bu borada nima degan bo‘lardim? Bunday bo‘lishida hammamizning aybimiz bor. Chunki biz barchamiz birga ishlayapmiz. Shuning uchun hozirgi vaziyatda faqatgina bosh murabbiyning o‘zini aybdor qilib ko‘rsatmaymiz. Biroq yana qaytarishim mumkinki, hali chempionat bahslari tugagani yo‘q va biz yana kurashishda davom etamiz. Balki Xudo nasib qilsa, 1-o‘rinni ham qo‘lga kiritib qolarmiz. Agar keyingi yilga ham natija bo‘lmasa, bu boshqa gap. Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerakki, bir yilning ichida Arveladze o‘zi istagan jamoani shakllantirib olishi ham qiyin-da. Ammo shuni alohida aytishim mumkinki, o‘tgan vaqt davomida biz murabbiydan ancha-muncha narsalarni o‘rgandik. U chinakam professional va o‘zimizning murabbiylarda kuzatilmagan xususiyatlar unda mujassam. Oldimizda yana uchta bor, shundan keyin yana xulosa chiqaramiz.

- Shuningdek, eshitishimcha, “Paxtakor” yangi mavsum uchun boshqa legionerlar bilan muzokara olib borayotgan ekan. O‘zingiz mazkur masalaga oydinlik kiritib o‘tsangiz yaxshi bo‘lardi.

- Hozircha legionrelar borasida bunday xabarlar yo‘q. O‘zingiz ham bilasiz-ku, bizda legionerlar limiti to‘lgan. Bizni barcha xorijiy futbolchilarimiz bilan shartnomalarimiz bor. Shuning evaziga hozircha yangi legionerlar bilan muzokaralar olib bormayapmiz. Lekin ishlashda davom etyapmiz. Ammo o‘zbekistonlik yaxshi saviyadagi o‘yinchilar bilan gaplashyapmiz. Kelasi yilga tarkibimizni o‘zimizning yigitlar bilan yanada kuchaytiramiz deb o‘ylayman.

- “Paxtako”ning Kubok finalini diqqat bilan kuzatdik. Ochig‘i, klubning mag‘lubiyatga uchragani biz uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Ayting-chi, sizningcha o‘sha o‘yinda “Paxtakor” nimaning hisobiga yutqazdi?

- To‘g‘risini aytsam, Kubok finalida o‘zimiz ham nimalar bo‘lganiga tushunmay qoldik. Biz futbolchilarimizdan yaxshi o‘yin kutgandik. Mayli, bu hayot, bunday holatlar bo‘lib turadi. Menimcha, yigitlarimiz o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olishmadi deb o‘ylayapman. Balki biznikilar raqibni bo‘sh deb, kuchiga yetarlicha baho bermagandir. Bundan tashqari, maydonning ahvoli ham bizni qoniqtirmadi. Chunki o‘yinchilarimiz sifatli maydonda o‘ynashga o‘rganib qolishgan. OKMK jamoasiga esa Farg‘onadagi maydon juda qo‘l keldi. Ularning o‘yiniga mos keladigan maydon edi. Bu bilan maydonni bahona qilyapti deb o‘ylamang. Lekin futbolda shunday holatlar bo‘ladiki, maydon bir jamoaga qo‘l kelsa, ikkinchisiga umuman aksi bo‘ladi. Umuman olganda, mag‘lubiyatimizning sabablari ko‘p. Ammo avvalo aybni o‘zimizdan qidiramiz. Qisqasi, o‘sha uchrashuvga yetarli darajada hozirlana olmadik deb hisoblayman.

- Chempionlik uchun kurash “Paxtakor” uchun oxirgi imkoniyat. Ammo “Lokomotiv” bilan o‘rtadagi ochkolari farqi 6 tani tashkil qilyapti. Qolaversa, “Loko” maydonida jamoani yana bir og‘ir uchrashuv kutyapti. Agar chempionlik ham rasman qo‘ldan boy berilsa nima bo‘ladi?

- Nima bo‘lardi? Aytyapman-ku, xatolarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, keyingi yilda yanada kattaroq maqsadlar uchun kurashamiz. Qolaversa, hech bo‘lmasa 2-o‘rinni egallab Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishimiz kerak. Lekin hali biz uchun 2-o‘rin ham naqd qilib qo‘yilmagan. Har qanday holatda ham qolgan uchrashuvlarda biz 1-o‘rin uchun kurashamiz. Yoki hech bo‘lmaganda o‘sha 2-o‘rin bilan Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida qatnashib, guruh bosqichiga chiqishimiz kerak.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Irismetov: "Arveladzega jiddiy e’tirozlar yo‘q, u bilan hamkorlikni davom ettiramiz"