18:03 / 08.11.2018
3 623

Mourino «Yuventus» bilan o‘yin so‘ngidagi masxaraomuz ishorasini tushuntirdi

Mourino «Yuventus» bilan o‘yin so‘ngidagi masxaraomuz ishorasini tushuntirdi
«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Joze Mourino «Yuventus»ga qarshi Turindagi o‘yindan keyin stadionga yig‘ilgan mezbon jamoa muxlislariga qilgan ishorasi bilan nima demoqchi bo‘lgani haqida aytib berdi.

«Bu xatti-harakatim ularni haqoratlash ma’nosida emas. Men, shunchaki, ular yana nima haqdadir baqirisharmikan, shuni eshitmoqchi edim xolos.

«MYu»dek klubda ishlar ekanman, o‘tmishim haqida ayniqsa o‘yin vaqtida unutib turishim kerak. Men 90 daqiqa davomida «Inter», «Real» yoki «Chelsi» murabbiyi bo‘lganim haqida o‘ylamayman, albatta. Bu daqiqalar davomida men «Manchester Yunayted» manfaatini ko‘zlab bosh qotiraman. Ammo ular – boshqalar – men oldin kim bo‘lganimni unutishmagan.

Men o‘z ishimni qilyapman, vazifam - «Yuventus»ni mag‘lub etish. Bu superjamoani o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchratganimizdan xursandman. Ular barcha sovrinlarni qo‘lga kiritishni istashyapti va bu ularning qo‘lidan keladi. Bizning jamoada esa ko‘plab futbolchilar bunday katta o‘yinlarda qatnashib ko‘rmagan», - degan Mourinoning so‘zlarini keltirib o‘tdi Sky Sports.

Ma’lumot uchun, portugaliyalik mutaxassis 2008-2010 yillar davomida «Inter»ga ustozlik qilib, 2 mavsumda 2 marta A Seriya chempionligini qo‘lga kiritgan; «Yuventus» bilan kechgan 4 uchrashuvda 2 marta g‘alaba qozonib, bir martadan durang va mag‘lubiyat qayd etgan. «Inter» Mourino murabbiyligining so‘nggi yilida uchta asosiy kubokni qo‘lga kiritgan, aynan shunday natijani turinliklar hech qachon qayd eta olmagan.

Ikki hafta oldin Manchesterda kechgan «MYu» - «Yuventus» bahsida italyanlar 2:1 hisobida ustun kelgan, o‘yindan so‘ng Mourino uning ustidan kulish mazmunida qo‘shiq kuylayotgan mehmon jamoa muxlislariga barmog‘i bilan uch ishorasini ko‘rsatgan, bu bilan yuqorida ta’kidlangan faktga – «Inter» boshqaruvida «Yuventus» hech qachon erisha olmagan natijani qayd etganiga ishora qilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino «Yuventus» bilan o‘yin so‘ngidagi masxaraomuz ishorasini tushuntirdi